Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hazoraspda tarixiy obidaga jiddiy ziyon yetkazilmoqda

Hazoraspda tarixiy obidaga jiddiy ziyon yetkazilmoqda

Foto: xabar.uz

Hazorasp tuman markazidagi Sulaymonqal’a – tarixiy inshootiga ziyon yetkazilmoqda.

Hazorasp – Xorazmning sharqiy hududidagi ko‘p asrlik tarixga ega shahar bo‘lib, bu yerda qad rostlagan qal’a «Devsolgan», «Hazorasp» va «Sulaymonqal’a» nomlari bilan mashhur. Akademik S.P.Tolstov, Yahyo G‘ulomov o‘tgan asrning o‘rtalarida bu yerda ilmiy-qidiruv ishlarini olib borgan. Har ikkala olim ushbu tarixiy inshoot yoshini 2700 yilga teng deb taxmin qiladi. O‘lkashunos-olim R.Olloyorov o‘zining «Hazorasp qal’asi: afsona va haqiqat» nomli asarida «Avesto»da mazkur qal’a «Hadoros» tarzida tilga olinganini ta’kidlaydi.

Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek «Ziji Ko‘ragoniy» asarida qayd etilgan 683 ta shahar va qal’alar ichida Xorazm vohasidan faqat Hazorasp joylashgan koordinat-kengliklar aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

Bu ma’lumotlarning barchasi bu joyning juda qadimiy tarixga ega ekanligini anglatadi.

XX asrning 50-yillarida Hazorasp kompartiyasi birinchi kotibi topshirig‘i bilan tarixiy qal’a devorlari va u yerdagi boshqa obidalar buzilib, uning tuprog‘idan g‘isht ishlab chiqarish to‘g‘risida farmoyish qabul qilinadi. Oqibatda hayhotday qal’a devorining katta qismi buzilib, g‘isht ishlab chiqariladi. Sergey Pavlovich Tolstovning Moskvaga – Markazqo‘mga yozgan shikoyatidan keyingina bu buzg‘unchilikka barham berilgan. Biroq Moskva kaltafahm raykomning tanobini tortib qo‘ygunicha odamlar «Shishali saroy», nihoyatda naqshinkor jome masjidi va uning uzunligi 20 metr bo‘lgan minorasini yer bilan yakson qilishga ulgurishgan edi.

S.Tolstov aralashuvidan keyin hazoraspliklar Sulaymonqal’aning nihoyatda tarixiy ahamiyatga ega ekanini anglab yetgandek bo‘ladi. Yaqin yillargacha ushbu obida Hazorasp shahri markazida o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishlab, salobat kasb etib turardi. Bundan 20 yillar muqaddam qal’aga qilgan ijodiy safarimiz jarayonida besh-olti o‘smir bolalar qal’a devorlarini buzib, tuprog‘igini elakdan o‘tkazib, g‘isht quyib yurganiga guvoh bo‘lgan edik. O‘shanda bu bolalar tuproqni  elash jarayonida tilla va kumush tangalar topganini gapirib bergandi. Bu ayanchli holat yuzasidan mahalliy televideniye orqali bong urilgach, buzg‘unchilik ishlariga chek qo‘yilgandek bo‘lindi.

Hazorasp tumani sobiq hokimi Botir Rahimov qal’a yoshini tadqiq qilish maqsadida olimlarni jalb qildi, buzilgan devorlarni qayta ta’mirlash ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.

Afsuski, ana shu xayrli ishlar bugun to‘xtab, tarixiy obidaga tajovuz battar avj olganiga guvoh bo‘lyapmiz. Qisqa besh-olti yil ichida Sulaymonqal’asining g‘arbiy devorlarining ikki joyi buzilib, mashinalar kirib-chiqishi uchun yo‘lak ochilganiga ajablandik. Axir ana shu g‘arbiy devor nihoyatda muhtasham va mustahkamligi bilan e’tiborni jalb qilar edi. Uni kimdir buzib, tuprog‘ini biron joyga tashimasa, yo‘lak o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi-ku!

Agar qo‘yib berilsa, yana besh-olti yildan so‘ng bu tarixiy obida o‘rni tep-tekis maydonga aylanishi mumkin.

Foto: xabar.uz

Sulaymonqal’ani turistik yo‘nalishga kiritish masalasi tez-tez o‘rtaga tashlanadi. Fikrimizcha, bu yerga xorijlik sayyohlarni jalb qilishdan avval tarixiy inshoot va obidalarga qanday munosabatda bo‘lishni o‘rganishimiz zarur. Ustiga-ustak qal’a atrofi «Sulaymonqal’a» mahallasida yashovchi aholi tashlayotgan axlat bilan to‘lib-toshmoqda.

Bunday manzara bilan sayyohlarni qabul qilishning o‘zi uyat-ku!

O‘tmishga tosh otsang, u senga zambarakdan o‘t ochadi, deydi ma’rifatparvar hikmatshunoslar. O‘tmishni anglatib turguvchi bitta g‘ishtni yo‘q qilishning o‘zi – millat tarixiga qilingan tajovuzdir.

Erpo‘lat BAXT, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring