Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hindistonda Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifiga jiddiy hozirlik ko‘rilmoqda

Hindistonda Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifiga jiddiy hozirlik ko‘rilmoqda

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 2018-yil 30-sentyabr – 1-oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Markaziy va Janubiy Osiyoning yetakchi ikki mamlakati ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ushbu muhim voqea oldidan Dehli shahrida o‘zaro samarali hamkorlikning bugungi ahvoli aks etgan qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.

Bugungi kunda Hindiston O‘zbekistonda biznes yuritishga katta qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va Hindiston sanoat konfederatsiyasi tomonidan Dehlida tashkil etilgan O‘zbekiston – Hindiston biznes-forumi ikki mamlakatning uch yuzdan ortiq yetakchi ishbilarmonlarini jamladi.

Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida vazirlik va idoralar, viloyat va shaharlar hokimliklari rahbarlari, «O‘zavtosanoat», «O‘zbekenergo», «O‘zbekneftgaz», «O‘zbekiston metallurgiya kombinati», «O‘zqurilishmateriallari», «O‘zeltexsanoat» kabi yirik kompaniyalar rahbarlari, xususiy tadbirkorlik sub’yektlari vakillari ishtirok etdi. Hindiston tomonidan esa 150 dan ortiq yirik sanoat korxonalari, kichik va o‘rta biznes vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston va Hindistonning turli iqtisodiyot sektorlari o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ko‘plab qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Shu ma’noda, iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatli munosabatlarda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanishi shubhasiz.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Hindiston sarmoyasi ishtirokidagi 145 korxona faoliyat yuritmoqda.

2017-yilda o‘zaro savdo hajmi 320 million dollardan oshdi. O‘zbekiston Hindistonga metall, mineral o‘g‘itlar, balzamlar, ipak, dukkakli mahsulotlar va boshqa tovarlarni eksport qiladi. Hindistondan mamlakatimizga asosan farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlari, shuningdek, qora metall, texnologik uskuna, avtomobillar uchun ehtiyot qismlari import qilinadi.

Farmatsevtika sanoati va sog‘liqni saqlash, turizm, xususan tibbiyot turizmi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar, jumladan, rangli va noyob metallarni o‘zlashtirish va qazib olish, infratuzilma va zamonaviy arzon uy-joylar qurilishi sohasidagi loyihalar ikki tomonlama hamkorlik uchun istiqbolli sohalar sanaladi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning Toshkentdan Dehli va Amritsarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishi ikki mamlakat fuqarolari uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Masalan, 2017 yilda O‘zbekistonga Hindistondan 10 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurdi. Turizm sohasidagi faoliyatni yanada faollashtirish maqsadida Toshkentdan Mumbay va Chennai shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida tashkil etilgan tadbirlar yakuni bo‘yicha umumiy qiymati 95 milliondan ortiq bo‘lgan 30 ta eksport shartnomalari, shuningdek, 3 millard dollarlik 50 ta sarmoyaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Biznes-forum davomida Hindiston sanoat konfederatsiyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida O‘zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha Bitim imzolandi. Dehli shahrida O‘zbekiston milliy ko‘rgazmasi ochildi. Unda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot, qandolatchilik, oziq-ovqat va yurtimizning boshqa yetakchi tarmoqlari mahsulotlari stendlari o‘rin olgan.

Mamlakatimizning diplomatik vakolatxonasida tashkil etilgan matbuot-brifingida Hindistonning yetakchi nashrlari, telekanallari, axborot agentliklari va onlayn nashrlarining 50 ga yaqin vakili ishtirok etdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi I.Ne’matov va mamlakatimizning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev Hindiston matbuoti xodimlariga davlatimiz rahbarining bo‘lajak davlat tashrifi ahamiyati, mintaqaviy va xalqaro masalalarda ikki tomonlama munosabatlarning sur’ati, iqtisodiy va savdo aloqalarning holati to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, madaniyat, kinematografiya, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi har jihatdan samarali va natijador bo‘lishi hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik an’anaviy do‘stlik munosabatlarida yangi sahifani ochishi alohida ta’kidlandi.

Janubi-Sharqiy Osiyoning xalqaro muxbirlari klubida tashkil etilgan matbuot-brifingi ham Prezidentimizning Hindistonga bo‘lajak davlat tashrifiga bag‘ishlandi. Unda Dehlida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy muxbirlarining O‘zbekiston – Hindiston savdo va iqtisodiy munosabatlari, mamlakatimizning investitsiyaviy va turizm salohiyati, ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro masalalardagi hamkorligi to‘g‘risidagi savollariga javob berildi. Tadbir xalqaro muxbirlar klubining feysbuk sahifasida real vaqt rejimida yoritildi.

Ushbu tadbirlar tafsiloti gazeta va jurnallar, internet-nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar va televideniye kanallarida e’lon qilingan 200 ga yaqin materiallarda yoritildi. Yaqinda Dehlida OAVning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, turistik jozibadorligi, ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlar va biznes almashinuvga bag‘ishlangan maxsus sonlari chop etildi. Xususan, har oy chop etiladigan «Business Central Asia» jurnalining sentyabr oyidagi soni to‘liq O‘zbekistonga bag‘ishlandi. Bu nashr (adadi 40 ming nusxadan ortiq) Hindistonning rasmiy va ishbilarmon doiralari, diplomatik va xalqaro vakolatxonalari orasida ko‘p o‘qiladi. Jurnal mualliflari va hindistonlik ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, siyosiy o‘zgarishlar tahlil qilinib, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat, o‘zaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlar, turizm va aviaqatnovlar, investitsiyaviy jozibadorlik sohasidagi yangiliklar sharhiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayrim maqolalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi ma’ruzasida va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ilgari surilgan xalqaro va ichki siyosatga doir tashabbuslariga bag‘ishlangan.

«O‘zbekistonda nima o‘zgardi?» sarlavhali maqolada mintaqaviy siyosat, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga, mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berilgan.

«O‘tgan bir yarim yil ichida O‘zbekiston Prezidenti 25 oliy darajadagi tashrifni amalga oshirdi, 60 dan ziyod davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashdi, ular doirasida savdo va investitsiya sohalarida 400 dan ortiq shartnoma imzolandi», deyiladi maqolada. «O‘zbekiston rahbariyati o‘zining innovatsion yondashuvi hamda ichki va tashqi siyosati samarali ekanini amalda isbotladi, bu nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishidan manfaatdor xorijiy hamkorlari uchun ham muhimdir».

Jurnal sahifalarida, O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlari, terrorizm va ekstremizmning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlari, energetika sohasidagi oqilona qarorlari haqidagi maqolalar ham chop etilgan. Xususan, «Ekstremizmning oldini olishning o‘zbek modeli» nomli maqolada hindistonlik mashhur ekspert Mina Sinx Roy O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosatining o‘ziga xos jihatlarini ochib berar ekan, mamlakat uchun ta’lim, diniy va dunyoviy bilimlarni egallash jamiyatni rivojlantirish va zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olishning asosi hisoblanishini qayd etgan.

Bundan tashqari jurnalda ziyorat turizmi, O‘zbekistonda sayyohlarning xavfsizlik darajasi, elektron va tranzit viza sohasidagi yangiliklar, shuningdek, mamlakatimizda joriy yilning kuzida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan madaniy va biznes tadbirlar haqida ma’lumot berilgan.

«Business Magazine» jurnali bosh sahifasida «O‘zbekiston –Hindiston: savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar» sarlavhasi ostida O‘zbekiston va Hindiston rahbarlari suratini chop etgan. Ushbu nashr Hindiston Tijorat va sanoat palatasi tomonidan O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan bo‘lib, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar dinamikasi, sarmoyaviy imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, farmatsevtika sohasidagi hamkorlik, shuningdek, O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligiga bag‘ishlangan. «Hindiston bilan biznes hamkorlik qilish uchun O‘zbekiston barcha imkoniyatlarga ega: Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor, siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik, tabiiy resurslarning boy zaxirasi, inson kapitali va energiya resurslari», deyiladi jurnal maqolalarining birida. Nashr Hindiston xususiy sektori e’tiborini O‘zbekiston bilan investitsiyaviy hamkorlikka jalb qilishga qaratilgan.

Hindistonning Mikro, kichik va o‘rta biznesi forumi tomonidan «Hindiston – O‘zbekiston biznes hamkorligi» mavzusida maxsus nashr chop etildi. Unda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi chuqur aloqalar batafsil tahlil qilingan. Ikki tomonlama savdo aylanmasiga doir raqam va faktlar keltirilgan, Hindiston yirik biznes tuzilmasining O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalari, farmatsevtika sohasida investitsiya kiritish imkoniyatlari, erkin iqtisodiy zonalar, sarmoyadorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va afzalliklar, transport kommunikatsiyalari, logistika, viza va boshqa tartib-taomillarga doir ma’lumotlar taqdim etilgan.

«Visit Uzbekistan» jurnali to‘liq mamlakatimiz sayyohlik salohiyati va xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarga bag‘ishlandi. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan tayyorlangan nashrda turizmning qiziqarli yo‘nalishlari va hind jamoatchiligi uchun sarmoyalarga bag‘ishlangan maqolalar, fotoreportajlar va yorqin materiallar jamlangan. Xususan, Shahrisabzda o‘tgan xalqaro maqom festivali, Buxoroda o‘tkaziladigan an’anaviy «Ipak va ziravorlar» festivali, O‘zbekiston shaharlarida «Xoychoy» hind filmining suratga olish jarayoni haqidagi materiallar, shuningdek, hind mualliflarining Samarqand, Marg‘ilon, Qo‘qon, Andijonga tashrifi, o‘zbek ipagi, sopol buyumlari, an’analari va mehmondo‘stligi haqidagi maqolalar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan «Business opportunities of Uzbekistan» («O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari») maxsus nashri tarqatildi.

Nashrning o‘n ikki bo‘limida «Nima uchun O‘zbekistonga investitsiya kiritish kerak?», «Mikroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va tashqi savdo», «Infratuzilma», «Agro-sanoat majmuasi», «Bozor», «Eksport imkoniyatlari», «Biznesni yuritish bo‘yicha Jahon banki reytingida O‘zbekistonning o‘rni», «Xorijiy investitsiyalarning kafolati va himoyasi», «Soliq siyosati», «Xorijiy investorlar uchun imtiyozlar va preferensiyalar» kabi mavzular yoritilgan. Alohida bobda «Angren», «G‘ijduvon», «Hazorasp», «Jizzax», «Qo‘qon», «Navoiy», «Namangan», «Urgut» hamda farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari va ulardagi istiqbolli yo‘nalishlar to‘g‘risida hikoya qilinadi.

Jurnal O‘zbekistonda biznesni yuritish imkoniyatlarini batafsil tahlil qilish va baholash uchun ko‘plab infografika, jadvallar, reyting va yig‘ma ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Nashr biznes forumlar, muzokaralar, V2V tadbirlari va taqdimotlarda xorijiy investorlar uchun manzilli tarqatishga mo‘ljallangan.

Hindistonning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlarida – Mudofaa tadqiqot va tahlil instituti hamda Vivekananda xalqaro jamg‘armasida mamlakatlarimizning taniqli olimlari, tahlilchi va ekspertlari O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini tahlil qilishga bag‘ishlangan davra suhbatlarini o‘tkazdi.

Ilmiy asosda fikr almashish chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, mamlakatimizda xorijiy investitsiyalar uchun mavjud ulkan salohiyat, shuningdek, xalqaro ahamiyatdagi masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash diqqat markazida bo‘ldi.

Ekspertlar iqtisodiyotning real sektorida, ta’lim, farmatsevtika, turizm va savdo sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi. Hindiston ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgan axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasida katta istiqbollar mavjudligi ta’kidlandi.

Hindistonning yetakchi tadqiqot markazlaridagi munozaralar ikki mamlakat ekspert hamjamiyatlari vakillariga O‘zbekiston – Hindiston hamkorligining yangi davrida turgan vazifalar xususida tasavvur hosil qilish imkonini berdi.

Ta’kidlash joizki, ayni kunlarda Hindistonda madaniy-gumanitar va akademik sohalarda turkum tadbirlar, sarmoyaviy taqdimot va biznes-forumlar davom etmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va Hindiston milliy muzeyi hamkorligida hamda «Eriell» kompaniyasi homiylik ko‘magida Dehlida «Hindiston – O‘zbekiston: madaniyatlar muloqoti» qo‘shma ko‘rgazmasi ochildi. Shuningdek, Dehli, Noida va boshqa shaharlarda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring