Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident hokimlarga 2 kun muhlat bergandi. Navoiy hokimi bu topshiriqni bajarishga kirishdi

Prezident hokimlarga 2 kun muhlat bergandi. Navoiy hokimi bu topshiriqni bajarishga kirishdi

Foto: Xabar.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 7-noyabr kuni tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlagan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish xususida hokimlarga qator tavsiya va topshiriqlar bergan edi.

Jumladan, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi. Mazkur murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan ko‘makchi bo‘lishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shug‘ullanishi to‘g‘risida hokimlar shaxsan kafolat berishi belgilangandi.

Ushbu topshiriq yuzasidan kecha, 8-noyabr kuni Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunov hamda barcha sektor rahbarlari ishtirokida Navoiy shahridagi «Yoshlar markazi»da viloyatdagi tadbirkorlik va kichik biznes vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda hokim tadbirkorlarga murojaat qildi.

Foto: Xabar.uz

Yig‘ilishda viloyatning turli hududlaridan kelgan 500 nafardan ortiq tadbirkor va ishbilarmonlar biznes yuritish hamda tadbirkorlikni amalga oshirishdagi shart-sharoitlar yuzasidan o‘z fikr-mulohaza, taklif va munosabatlarini bildirdilar.

Uchrashuvda 30 nafar tadbirkor turli muammoli masala bilan hokimga murojaat qildi hamda tegishli mas’ul mutasaddilar tomonidan ko‘rib chiqish uchun qat’iy vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, yig‘ilish davomida 5 nafar tadbirkorning muammosi joyida o‘z yechimini topdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring