Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Hokimlarga «zakon» bormi?

Hokimlarga «zakon» bormi?

Foto: «Kun.uz»

Yakkabog‘ tumanida bo‘lgan voqeani eshitgan, videolarini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.

Tadbirkorning binosini tuman hokimi o‘rinbosari buldozerga chiqvolib, o‘z qo‘li bilan buzayotgan bo‘lgan, tadbirkor esa jahl ustida uning ustiga benzin sepib, gugurtni yoqib ustiga otgan. Natijada hokim o‘rinbosari 2 soniya alanga ichida qolgan, atrofdagilar olovni tezda o‘chirib olgan.

Hokim o‘rinbosari tanasining 35-40 foizi kuyibdi. Tadbirkor tanasining ham bir qismi yongan.

Kun.uz esa ushbu holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazibdi. Unda aytilishicha, binoni buzish uchun hech qanday ogohlantirish berilmagan, voqea bo‘lib o‘tgach, hokimlikdagilar ogohlantirish xati olib kelgan. Kompensatsiya haqidaku gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

O‘sha zahoti tadbirkor va uning o‘g‘lini to‘g‘ri IIB bo‘limiga olib ketishgan. Olov yoqishda qatnashmagan bo‘lsa ham, o‘g‘lini 50 soatdan ortiq vaqt mobaynida ushlab turilgan va hattoki uning ta’kidlashicha, boshidagi va yelkasidagi jarohatlarni IIB xodimlari yetkazgan emish (maqolada jarohat izlarining rasmi ilova qilingan).

Bir fikrni qat’iy ta’kidlayman, samosud – ya’ni qonunbuzarliklarga qarshi o‘zboshimchalik bilan chora ko‘rish yaxshi ish emas. Birovning ustiga benzin quyib yoqib yuborish va natijada o‘zgalarning hayotiga xavf solish ham juda yomon ish. Bu shubhasiz, jinoyat. Iltimos, har qanday vaziyatda ham bunday qilmanglar, jahl kelganda aql ketar deyishadi, o‘zingizni tutishga harakat qiling.

Ammo jabrlanuvchini bu ishga nima majbur qilganini ham yoddan chiqarmaslik kerak.

Avvalo o‘sha hokim o‘rinbosariga salomatlik tilayman va tezda tuzalib ketishiga tilakdoshman.

Lekin garchi jarohat olib, hozir jabrlanuvchiga aylanib olgan o‘sha «kattakon»ning o‘zini ham albatta jazolash kerak.

Kim unga huquq berdi, ichida odamlar turgan binoni buzishga?!

Kim unga huquq berdi, na ogohlantirish xati, na kompensatsiya to‘lamasdan o‘zganing mulkiga zarar yetkazishga?

Kim unga huquq berdi, buldozer ruliga o‘tirib, o‘zboshimchalik bilan, binolarni buzishga oid xavfsizlik talablariga rioya qilmasdan, zo‘ravonlik qilishga?! Uning o‘zboshimchaligi o‘sha yerdagi odamlarning hayotiga bevosita xavf solyapti-ku! Kamida buldozer haydashga haqqi bormidi yoki yo‘q (guvohnoma/ishonchnoma), buni ham tekshirish kerak va jarimaga tortish kerak.

Ayrim hokimlar va ularning o‘rinbosarlari o‘zlarini kim deb o‘ylayapti? Aytinglar, kimsizlar? Nega bunchalik quturyapsizlar? Shunchalik zo‘ravon bo‘lib ketdinglarmi? Bu ketishda bugun o‘zilar buldozerga o‘tirvolib, birovni mulkini buzayotgan bo‘lsanglar, ertaga to‘ppa-to‘g‘ri xalqni ustiga haydashdan ham tap tortmaysizlar shekilli?

Bugun «vlast» meni qo‘limda, bu hududda men xo‘jayinman, qonun ham o‘zim, sud ham o‘zim, o‘shanchun bilganimni qilaman, deydigan ba’zi qonunbuzar zo‘ravonlardan qachon qutulamiz o‘zi?

Xalqning boshqa yo‘li qolmayapti axir, hech qanday qonuniy yo‘l hokimlarga qarshi turib bera olmayapti. Yaqinda ko‘rdikku, butun boshli tuman o‘qituvchilariga beton quydirgan hokim o‘rinbosari atigi 600 ming so‘m jarima bilan qutuldi. Shunda ham jamoatchilikning bosimi ostida. Yo‘qsa, hech vaqo bo‘lmasdi. Shumi adolat?

Baraka topgurlar, tushunsangizchi axir, hokim to‘ralarning bunaqa zo‘ravonligi bora-bora jamiyatda ijtimoiy portlashga yetaklaydi. Mana shunaqa xalqni bir tiyinga olmaydigan, inson huquqlariga tupurib qo‘yganlarni dastidan og‘ir oqibatlar kelib chiqishi mumkin.

Bu kabi zo‘ravon hokimlarni tanobini tortib qo‘yadigan hech kim yo‘qmi, a?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring