Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimlarning Kengash raisi sifatidagi maqomi bekor qilinadi. Oz qoldi

Hokimlarning Kengash raisi sifatidagi maqomi bekor qilinadi. Oz qoldi

Foto: «parliament.gov.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi Qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 28-bandida hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish masalasi nazarda tutilgan.

Davlat dasturining ushbu bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 3 apreldagi Qo‘shma qarori bilan viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, Oliy Majlis palatalari, tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzildi.

Joriy yilning 13 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda parlament quyi palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi ko‘rib chiqildi.

Xususan, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Koreya, Yaponiya, Kanada, Gruziya, Turkiya, Rossiya va Qozog‘iston kabi qator davlatlarning mahalliy vakillik va ijro organlari rahbarlari maqomi va vakolatlari bo‘yicha tajribasi o‘rganilib, ushbu mavzularda olib borilgan fundamental va amaliy-ilmiy tadqiqotlar o‘rganildi, amaldagi qonun hujjatlarining to‘liq inventarizatsiyasi o‘tkazildi.

Ishchi guruh tomonidan hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilinishi munosabati bilan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan masalalar – Kengashlar faoliyatini takomillashtirish, shtat birliklariga bo‘lgan ehtiyoj va boshqa masalalar joylarga chiqib o‘rganildi, ushbu masala yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazildi hamda tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. O‘rganishlar va amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Ishchi guruh tomonidan «Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomi bekor qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining dastlabki varianti ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida hokimlarining mahalliy vakillik organlari rahbarlari sifatidagi vakolatlarini bekor qilish va alohida xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini joriy qilish, Kengashlarda doimiy asosda ishlovchi deputatlar faoliyatini tashkil etish, xalq deputatlari Kengashi raisi va uning o‘rinbosarini saylash tartibi kabi kompleks masalalar o‘z yechimini topgan.

Shu bilan bir qatorda, qonun loyihasida Kengash raisi va uning o‘rinbosari maqomi, Xalq deputatlari Kengashlari faoliyatiga tashkiliy, moddiy-texnik va axborot-tahliliy jihatdan ko‘maklashuvchi kotibiyatlar faoliyatini tashkil qilish masalalari ham o‘rin olmoqda.

Ishchi guruh yig‘ilishda tayyorlangan qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi va ma’qullandi. Yig‘ilish yakunida qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish va natijasi asosida maromiga yetkazish, loyihani tegishincha Qonunchilik palatasi va Senat Kengashlari muhokamasiga kiritish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring