Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimlik binosi yoniga qo‘y haydab kelganlarga chora ko‘riladimi?

Hokimlik binosi yoniga qo‘y haydab kelganlarga chora ko‘riladimi?

Samarqand viloyati hokimligida Nurobod tumani sektor rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Nurobod tumani hokimligi binosi oldiga qo‘ylar suruvi haydab kelingani haqida videolavha yuzasidan munosabat bildirildi.

«Tumanimiz asosan chorvachilikka ixtisoslashgan. Fermer xo‘jaliklarimiz va aholi ham asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan. Ular shu paytgacha tumanimizda mavjud yaylovlardan foydalanib kelgan. Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 2-sentyabrda «O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon qabul qilingach, tumanimizdagi 348,2 ming gektar yaylov yerlar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi balansiga berildi. Ana shu yerlar «Samarqand qorako‘l klaster» (151 ming gektar) hamda «SP LUXE» (197, 2 ming gektar) klaster korxonalariga ajratib berilgan. Bu korxonalar oldiga hududda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy innovatsiyalarni jalb qilish, mahsulotni qayta ishlash va eksport qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi vazifalar qo‘yilgan. Endilikda aholi, fermer xo‘jaliklari mazkur klaster korxonalari bilan shartnoma asosida ishlashlari talab etiladi. Bu mavjud yaylovlardan foydalanish, go‘sht, teri, jun mahsulotlari realizatsiyasi, chorva naslini yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tuman hokimligi oldiga qo‘y suruvi haydab kelingan Qilichli mahallasi hududida ham «Sohibkor Hojiakbar» fermer xo‘jaligi klaster korxonasi bilan shartnoma imzolab, 1440 bosh chorvasini boqish uchun 837 gektar yaylov yer maydonini 49 yilga ijaraga olgan. Ammo fermer o‘zi uchun ajratilgan yerga ko‘rsatilganidan ko‘p miqdorda, yana 1000 boshdan ziyod qo‘y olib kelib boqqani va bu chorva mollari aholi yaylov sifatida foydalanib kelayotgan yerlarga o‘tib ketishi mumkinligi sababli fuqarolar bundan norozi sifatida ana shu qo‘y suruvini hokimlik binosi oldiga haydab kelgan. Shu kunning o‘zida klaster korxonasi ta’sischisi, fermer xo‘jaligi va aholi bilan ushbu masala yuzasidan gaplashib, fermerning belgilanganidan ortiqcha chorvasi bu yerdan chiqarib yuborildi. Shuningdek, mahalla hududida yana 2-3 ta fermer mas’uliyati cheklangan jamiyat tarzida korxona tashkil etib, ularga aholi a’zo bo‘lishi va klaster bilan shartnoma asosida ish olib borishga kelishib olindi», – dedi tuman hokimi F.Zoyirov.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari A.Ochilov Qilichli mahallasi uning sektori hududiga kirishi va yil boshidan buyon mahallada aholi bilan to‘rt marta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa-da, yaylov masalasida murojaat tushmaganini qayd etdi.

«Bu qishloq tuman markaziga yaqin hududda joylashgan. 3300 aholi yashaydi va ular asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi, lekin biror marta shu klaster bilan bog‘liq muammo chiqmagan. Kechagi voqealar yangi tartib bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish lozimligini ko‘rsatdi va bu boradagi ishlarni yanada jonlantiramiz», – deydi A.Ochilov.

Matbuot anjumanida jurnalistlar mazkur holatning huquqiy oqibatlari bilan qiziqdi. Qo‘ylarni tuman hokimligi binosi oldiga haydab kelgan kishilarga nisbatan chora ko‘rilmaydimi, deb so‘radi.

Bunga javoban tuman IIB boshlig‘i aholi va fermer xo‘jaligi, klaster korxonasi rahbarlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgani va bu holat yuzasidan hech kimga nisbatan biror bir huquqiy chora ko‘rilmasligini ma’lum qildi.

Matbuot anjumani chog‘ida kuni kecha korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tarqatilgan Nurobod tumani hokimining 40 gektarlik yaylov yerlarni soxta hujjatlar asosida lalmikor maydon sifatida tadbirkorga berib yuborgani va mazkur qaror bekor qilingani bilan bog‘liq xabar bo‘yicha ham mas’ullardan izoh so‘raldi.

Tumanga yaqinda tayinlangan prokuror N.Soyipova mazkur holat Qilichli mahallasida yuzaga kelgan vaziyatga bog‘liq emasligi va bu tumanning Ag‘ron mahallasidagi «Ag‘ron Ingichka soy dalalari» fermer xo‘jaligi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, tadbirkorning 2020-yil 9-dekabrdagi murojaati asosida tuman hokimining 23-dekabrdagi qarori bilan unga tuman hokimligi zaxirasidagi lalmikor yerdan 40 gektar maydon 30 yil muddatga ajratib berilgan. Yer ajratishda fermerga yerdan samarali foydalanish, 30 million so‘m sarmoya kiritish va ish o‘rni yaratish shartlari qo‘yilgan. Ammo tadbirkor 5- mart kuni hokimlikka qayta murojaat qilib, yerni qaytarib olishni so‘ragan. 29-martda hokim qarori bilan zaxiraga qaytarib olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring