Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IIB xodimlariga pora bermoqchi bo‘lgan 15 nafar shaxs qo‘lga olindi

IIB xodimlariga pora bermoqchi bo‘lgan 15 nafar shaxs qo‘lga olindi

Foto: «ngs42.ru»

Shu yilning sentyabr oyidan noyabr oyi oxiriga qadar 15 nafardan ortiq fuqaro ichki ishlar organlari xodimlariga pora taklif etish evaziga ishini noqonuniy tarzda hal etmoqchi bo‘lganida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Farg‘ona viloyati Rishton tumanida joriy yilning 16-sentyabr kuni Rishton tumani xalq ta’limi bo‘limining maxsus ta’mirlash ekspluatatsiya xizmati ta’minotchisi B.A. Bog‘dod tumani ko‘mir tarqatish omboridan Rishton tumanidagi umumta’lim maktabi uchun ko‘mir mahsulotlarini olib, ularni boshqa fuqarolarga noqonuniy ravishda sotayotgani yuzasidan aniqlangan ma’lumotlarni hujjatlashtirmaslik hamda javobgarlikka tortmaslik uchun ichki ishlar organida xizmat olib borayotgan xodimga pora taklif etgan. Uni berayotgan vaqtida viloyat IIB va prokuratura organlari xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan fuqaro B.A.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, 2018-yilning 25-sentyabr kuni Xorazm viloyati Xonqa tumanida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro X.I. 4 nafar sherigi bilan avtomashinalar to‘xtash joyida tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlarini o‘ynab o‘tirganligi aniqlangan. Shundan so‘ng, fuqaro X.I. holatni qonuniy rasmiylashtirmaslik evaziga IIB xodimlaridan biriga pora taklif qilib, xizmat xonasida pul berayotgan vaqtida ichki ishlar va prokuratura organlari xodimlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, joriy yilning 25-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida fuqaro J.M. qo‘shnisini haqoratlab, urib huquqbuzarlik sodir etgan holati yuzasidan xodimga pora taklif qilib, ishni bosti-bosti qilmoqchi bo‘lib, xodimga pul berayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralari vakillari tomonidan qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, ana shunday holatlar 2018-yilning 21-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida, 29-sentyabr kuni ushbu viloyatning Koson tumanida, 6 oktyabr kuni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida, 22-oktyabr kuni Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida, 30-oktyabr kuni Jizzax viloyatining Jizzax shahrida, 5-noyabr kuni Buxoro viloyatining Kogon shahrida va yana bir nechta viloyatlarda ham fuqarolar tomonidan shu turdagi jinoyatlar sodir etilgan.

Jumladan, 19-noyabr kuni Samarqand shahrida joylashgan mehmonxonalardan birining ish boshqaruvchisi R.F. o‘zi ishlayotgan mehmonxonada aniqlangan qo‘shmachilik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirmaslik va tergov organiga taqdim etmaslikni so‘rab, Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimiga pora taklif qilgan.

Ushbu holat yuzasidan 20-noyabr kuni viloyat IIB va prokuratura organlari vakillari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.F. xodimga xizmat xonasida xorijiy valyutadagi pullarni pora sifatida berayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Yuz bergan ana shunday barcha holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq pora bermoqchi bo‘lgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘z navbatida, fuqarolarimizdan mamlakatimizda joriy etilgan qonun-qoidalarga qat’iy amal qilishini so‘rash bilan birga, pora berganlik uchun ham jazo muqarrar ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz, deyiladi IIV matbuot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring