Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki yoshli bolani klinik o‘limdan qutqargan shifokor taqdirlandi (foto)

Ikki yoshli bolani klinik o‘limdan qutqargan shifokor taqdirlandi (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Klinik o‘lim holatida bo‘lgan 2 yoshli bolakayni qutqarib qolgan otalaringolog-shifokor Sergey Tobiasning qahramonligi haqida xabar berib o‘tilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorni taqdirladi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Xabar.uz’ga ma’lumot berib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan klinik o‘lim holatidagi bola otalaringolog-shifokor tomonidan qutqarib qolingani tasvirlangan videolavhaning aholi tomonidan e’tirof etilishi fidoyi shifokorlarimiz mehnatiga berilgan munosib baho bo‘ldi», — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘sha vaziyatda qahramonlik ko‘rsatgan 41 yoshli shifokor Sergey Vladimirovich Tobias «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib, ushbu mukofot Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan toshirildi.

Sergey Tobias Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan, poytaxtimizdagi xususiy shifoxonalardan birida faoliyat yuritib keladi. U garchi reanimatolog bo‘lmasa ham kasb mahoratini namoyish etib, klinik o‘lim holatida olib kelingan 2 yoshli bola Umar Nurillayevni qutqarib qolgan. Shundan so‘ng bemor 3-son bolalar klinik shifoxonasiga tez yordam mashinasida, shifokor ko‘rigi ostida yuborilgan. Ushbu shifoxonada barcha davolash muolajalari amalga oshirilgan.

– Farzandimni qutqarib qolgan shifokordan judayam minnatdorman. Ota sifatida uning bu fidoyiligini hech narsaga qiyoslay olmayman. U men uchun haqiqiy qahramon, – deydi bolakayning otasi Dilshod Razzoqov. – Farzandim qutqarilgan vaqtda shu inson timsolida minglab shifokorlarning mas’uliyatini, sharafini chuqurroq his etdim.

Ahamiyatli jihati, ikki yoshlik bolani hayotga qaytarayotgan voqealar tasvirlangan video minglab marotaba ko‘rildi va ulashildi. Yuzlab internet foydalanuvchilari tomonidan shifokorning professional va insoniy sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirildi. Aslida ko‘p ming sonli shifokorlarimiz faoliyatida bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. Shu bois ham ularning har bir ish kuni qahramonlikdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring