Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilk tashrif Samarqandga: Sherzod Shermatov har bir hududni birma-bir o‘rganib chiqdi

Ilk tashrif Samarqandga: Sherzod Shermatov har bir hududni birma-bir o‘rganib chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan joriy yilning 4-iyul kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Samarqand viloyatida bo‘ldi.

Tashrif davomida Samarqand viloyatidagi ta’limni takomillashtirish bo‘yicha joriy holat o‘rganildi. Vazir Samarqand viloyatidagi maktab ta’limi bo‘yicha tizimli kamchiliklardan tashvishga tushdi. Shuningdek, bir qator maktablar achinarli ahvolda ekanligi, 35-45 yillar davomida kapital ta’mirlanmagani, joriy ta’mir uchun ham mablag‘lar cheklangan miqdorda bir necha yil avval ajratilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu holat Prezidentimizning maktab ta’limidagi ishlarning bunday ahvolga kelib qolishining asosiy sabablaridan biri yillar davomida mazkur sohani yetarlicha moliyalashtirilmagani haqidagi so‘zlarini yana bir karra tasdiqladi. Ayniqsa, maktablarni moliyalashtirish masalasi manbalari markaz tomonidan to‘liq cheklab qo‘yilgan mahalliy budjetga yuklab qo‘yilgan bir paytda.

Xizmat safari davomida quyidagi muammo va kamchiliklar aniqlandi:

  1. Samarqand viloyatidagi 18 ta maktab to‘liq rekonstruksiyaga, 349 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj.

  2. 336 ta maktabda jismoniy tarbiya darslarini o‘tish va o‘quvchilarni sport bilan shug‘ullantirish uchun sport zallari mavjud emas.

  3. 629 ta maktab hududining atrofi o‘ralmagan, natijada o‘quvchi-yoshlar xavfsizligi yetarlicha ta’minlanmagan.

  4. Shuningdek, 474 ta maktabda ta’lim oluvchilar soni maktab sig‘imidan 50 % ga ortiq ekani, buning natijasida o‘quv jarayoni ikki navbatda o‘tkazilayotgani ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Samarqand shahrida so‘nggi yillarda ko‘p qavatli uylar ko‘p qurilganiga qaramay, aholi uchun qo‘shimcha maktablar qurilmagan.

  5. Ko‘pchilik maktablar faoliyatini tegishli darajada yo‘lga qo‘yish uchun oddiy maishiy sharoitlarga yega emas.

  6. Ayniqsa, chekka tumanlardagi maktablar filiallari bilan bog‘liq ishlar yomon ahvolda. Filial maqomi sababli ular ko‘pincha kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha dasturlardan tushib qolgan.

Sh.Shermatov hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asosiy e’tiborini maktab ta’limini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori darajadagi ta’limni ta’minlashga qaratayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari mamlakat ta’lim tizimidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, jamiyat hayotida o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish bo‘yicha bir necha bor zarur ko‘rsatmalar bergan. Shunga muvofiq, xalq ta’limi tizimining hozirgi holati chuqur tanqidiy tahlil qilinmoqda.

Sh.Shermatov Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va eng muammoli masalalar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasini topshirdi. O‘rganish jarayonida aniqlangan tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanayotgan tegishli qaror loyihalariga kiritiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring