Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Innovatsion rivojlanish vaziri maslahatchisi Toni Bler bilan uchrashdi

Innovatsion rivojlanish vaziri maslahatchisi Toni Bler bilan uchrashdi

17­-21iyun kunlari Innovatsion rivojlanish vazirining yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Bryusselga tashrif buyurdi.

Delegatsiya «Yevropa rivojlanish kunlari» xalqaro forumida ishtirok etdi. Yevropaning mazkur nufuzli keng qamrovli tadbiri mamlakatlarning rivojlanish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, YeI komissiyasi tomonidan 2006 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Unda har yili turli muassasalar va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, donorlar, retsipiyentlar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek xususiy sektor va fuqarolik jamiyatlari vakillaridan iborat 8 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Mazkur forum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirining yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler bilan uchrashdi. Britaniyalik siyosatchi Yevropaning ko‘plab yetakchi siyosatchilari, jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar vakillari qatorida «Yevropa rivojlanish kunlari» xalqaro forumida ishtirok etish uchun kelgan.

Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari to‘g‘risida suhbatlashdilar. Toni Bler mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zbek hamkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilish masalalariga qiziqishini bildirdi.

Ishchi tashrif doirasida o‘zbekistonlik delegatsiya Bryussel savdo-sanoat palatasi, Yevropa tashqi aloqalar xizmati, Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha Bosh direktorati hamda Tadqiqotlar va innovatsiyalar Bosh direktorati mas’ullari bilan muzokaralar olib bordilar. K. Xayns Bryussel savdo-sanoat palatasining ijrochi direktori O. Villosga O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining tvining (ikki tomonlama) dasturlari doirasida hamkorlik qilish, shuningdek, YeI mamlakatlarining xalqaro tajribasini o‘rganish va ularni O‘zbekistonga tatbiq etish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari uchun ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar berdi. O‘z navbatida, O‘zbekistonning innovatsion faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun janob Villas 2019 yilning 29­—31 oktyabr kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz»da bo‘lib o‘tadigan «InnoWeek» innovatsion g‘oyalar haftaligiga taklif etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring