Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishxonada jig‘ingizga tegishyaptimi? Bunga qanday munosabatda bo‘lishni bilasizmi?

Ishxonada jig‘ingizga tegishyaptimi? Bunga qanday munosabatda bo‘lishni bilasizmi?

Asabiy odam

Foto: «darakchi.uz»

Ko‘pincha ishxonalardagi xodimlarni asabiy, tajang ahvolda kuzatish mumkin. Kimdir zimmasidagi mas’uliyat yuqoriligi yoxud ko‘pligi sababushbu holatga kelsa, kimdir ishxonadagi ayrim xodimlarning asab qitig‘iga tegishi tufayli shunday bo‘ladi.

Ishdagi mas’uliyat-ku vaqtida bajarilsa, hammasi iziga tushib ketadi, biroq har kuni ishga kelgach, peshonangizda kimdir tepa sochingizni tikka qilib tursa-chi? U holda nima qilish kerak?

Agar sizda ham shunday vaziyat kuzatilayotgan bo‘lsa, quyidagi maslahatlar siz uchun!

Ilk maslahat: aynan nimadan jahlingiz chiqayotganini aniqlang

Ko‘pincha asab tolalaringizning chertilishiga kollektivdagi insonlarning ishga bo‘lgan layoqatsizligi, o‘ta qiziquvchanligi, muloqot vaqtidagi noxush odatlari (baland gapirishi, rahbarlarga «paxta» qo‘yishi, laganbardorligi) sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ishxona telefonida o‘z shaxsiy masalalari bo‘yicha ko‘p gaplashish, kiyinish borasidagi didsizlik, birovlarning ishiga burun suqish, turli noxush hidlar (atir, sigaret, sarimsoq piyoz, ancha vaqt yuvilmagan kiyim va hokazo) ham o‘sha xodimga nisbatan sizda hurmatsizlik uyg‘otishi mumkin. Ammo bu o‘sha xodimdan qattiq jahlingiz chiqishiga jiddiy sabab bo‘lolmaydi. Balki, jiningiz suymagan hamkasbingiz siz yoqtirmaydigan biror inson yoki qarindoshingizga o‘xshashi ham mumkin.Shu sababli sizda hamkasbingizga nisbatan yoqimsiz hissiyotlar uyg‘ongan bo‘lishi tabiiy hol.

Ikkinchi maslahat: o‘zingizga hamma har xil ekanini eslating

Har bir insonning o‘ziga yarasha fe’l-atvori, odatlari bo‘lishi tabiiy. Shu bois, ishxonangizdagi biror hamkasbingizning odatlari asabingizga tegayotgan bo‘lsa, bu o‘sha inson yomon, degani emas. Uni yoqtirmayotganingiz uchun o‘sha hamkasb aybdor ham emas. Shunchaki fikrlashingiz, hayot tarzingiz unikidan ancha farq qiladi. Unutmang, hammani birdek yoqtirishga majbur emassiz, boshqalar ham sizning yoqtirishingizga muhtoj emas. Hamkasblaringizni boricha qabul qilishga urining, ular siz uchun fe’l-atvorini o‘zgartirolmaydi.

Uchinchi maslahat: muloyim bo‘ling

Hamkasbingiz siz uchun juda yoqimsiz tuyulsa-da, buni unga sezdirmasligingiz kerak. Sababi, u biror odati sizni jig‘ibiyron qilishini hatto taxmin ham qilib ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Agar hamkasbingiz yoqmasa, unga faqat ish yuzasidangina muloyimlik bilan gapiring. Ish masalasidagi suhbatingiz ham imkon qadar qisqa bo‘lsin. Uning nazarida iloji boricha professional va pozitiv ko‘rinishga ega bo‘lishingiz kerak, aks holda o‘sha hamkasbingizda ham sizga nisbatan antipatiya uyg‘onishi hech gap emas.

To‘rtinchi maslahat: o‘zingizni tahlil qiling

Odatda atrofdagilarni yoqtirmasligimizga ularni qabul qila olmasligimiz yoki tushunmasligimiz sabab bo‘ladi. O‘zingizni tahlil etish va boshqarishga urining. Balki hamkasbingiz atayin asabingizga tegish uchun yoqimsiz harakatlar qilayotgandir. Shunday bo‘lsa,unda bo‘sh kelmang. O‘zingizni qo‘lga oling va xotirjamlikni saqlang. Ehtimol, u buni siqilganidan yoki atayin asabingizga tegish va sizdan ham javob reaksiyasi olish uchun qilayotgandir. Yaxshisi, unga kulib javob bering. Bu bilan uning niyatiga yetishiga yo‘l qo‘ymaysiz. Qolaversa,bu orqali o‘z asabingizni ham ehtiyot qilgan bo‘lasiz.

Beshinchi maslahat: muammoni tushuntirishga harakat qiling

To‘g‘ri muloqot va vaziyatni xotirjam muhokama qilish orqali kelishmovchilikdan qochish mumkin. Masalan, hamkasbingiz baland ovozda gapirayotgan bo‘lsa, darrov jahlingizni sochmang. Imkon qadar sokin va past ovozda unga vaziyatni, undagi muammoni tushuntiring.

Oltinchi maslahat: jahlingizni jilovlashni o‘rganing

Hamkasbingizga nisbatan o‘zingizdagi jahl olovini o‘chirish yo‘llaridan biri — o‘z ishingiz bilan band bo‘lishdir. Ha, xuddi shunday. Axir ishlashingizdan maqsad ham shu emasmi? Siz o‘sha «yoqimsiz» hamkasbingiz tufayli ishxona eshigini qattiq yopib ketolmaysiz.

Ko‘p hollarda biz yuqoridagi kabi hamkasblarimizdan «qutula olmaymiz». Ammo shuni unutmaslik kerakki, bunday muammo o‘zaro to‘g‘ri muloqot qila olmaslik sabab kelib chiqadi. Siz qanchalik yaxshi muomalaga odatlansangiz, har qanday hamkasb, hatto sizga umuman yoqmaydiganlari ham asabingizni kamroq buzadi. Shuni doim yodda tuting.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring