Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Issiq ob-havodan saqlanish uchun foydali tavsiyalar

Issiq ob-havodan saqlanish uchun foydali tavsiyalar

Foto: «yandex.ru»

Jaziramada aksariyat odamlarning mehnat qobiliyati pasayadi, uyqusi buziladi, ahvoli yomonlashadi. Nima uchun?

«Ichki haroratni pasaytirish uchun, organizm ter ajratishni kuchaytiradi, bu esa ko‘pgina noxushliklarga sabab bo‘ladi, — deydi profilaktika bo‘yicha mutaxassis, professor Roza Sallagova. — Ter bilan birga organizmdan tuz (kaliy va natriy) chiqib ketadi, bu mushaklar oziqlanishini izdan chiqaradi (shu bois jazirama issiqlikda odamning qimirlagisi kelmaydi). Suvsizlanish muqarrarligi bois qon quyuqlashadi, tromblar yuzaga kelish ehtimoli ortadi (natijada infarkt va insult xavfi paydo bo‘ladi). Qon quyuqlashishi tufayli barcha a’zolar, jumladan, yurak va bosh miyaning qon bilan ta’minlanishi yomonlashadi. Bu esa yurak xurujlari, bosh aylanishi va bosh og‘riqlarini keltirib chiqaradi».

Yo‘qolgan suyuqlik o‘rnini qoplash uchun biz ko‘p suv ichamiz. Organizmda aylanayotgan suv hajmi ko‘payib, yurak va buyrak ishini battar qiyinlashtiradi.

Jazirama havo qon tomirlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois vegetativ krizlar hatto yoshlarda va soppa-sog‘ odamlarda ham kuzatilishi mumkin. Issiq ob-havo qancha uzoq davom etsa, organizmga shuncha qiyin bo‘ladi. Shu bois haddan tashqari issiqlik ko‘pincha surunkali kasalliklarning zo‘rayishiga olib keladi.

Darvoqe, shamollashga oid kasalliklar jazirama yozda ham qahraton qishdagidan ko‘ra kam kuzatilmaydi. Konditsioner, yelvizak, salqin dush, muzlatkichdagi gazlangan ichimliklar organizmning sovib ketishiga sabab bo‘ladi. Natijada surunkali infeksiya o‘choqlari faollashadi, mikroblar ko‘payadi va yallig‘lanuvchi jarayonlar boshlanadi.

Issiq havoda ahvolni qanday yaxshilash mumkin?

Ko‘proq dam oling

«Birinchi navbatda — garchi jaziramada bu tavsiyaga amal qilish oson bo‘lmasa-da, to‘yib uxlashga harakat qiling, — deydi shifokor-endokrinolog, nutritsiolog, diyetolog Aleksey Kalinchev. — Dim havoda to‘laqonli uxlab bo‘lmaydi (sifatli uyqu uchun havo harorati 20 darajadan oshmasligi zarur). Uyquga to‘ymaganda erkaklarda testosteron darajasi va o‘sish gormoni pasayadi.

Ikkinchidan, ishlab chiqarishdagi rekordlarni kuzga qoldirib turganingiz ma’qul. Yozda ko‘pchilik ta’tilga chiqishni xohlashi bejizga emas. Issiq havoda ishlash nihoyatda mushkul.

Sport bilan shug‘ullanmaganingiz ma’qul. Jazirama havoda sport yoqmaydi odamga. Zinhor o‘zingizni majburlamang. Aks holda mashg‘ulot kardioreanimatsiya bilan tugashi hech gap emas».

Salqinlatuvchi mahsulotlarni iste’mol qiling

Issiq havo tufayli organizm deyarli hamma quvvatni tanani kerakli harorat bilan ta’minlashga sarflaydi. Oshqozon-ichak yo‘lining qon bilan ta’minlanishi kamayadi, bu ishtaha pasayishiga olib keladi. O‘zingizni zo‘rlamang. Taom miqdorini kamaytiring, yengil, yog‘siz taomlarni tanovul qiling. «Qizdiruvchi» achchiq yeguliklardan nafsingizni tiying — ularning o‘rniga meva-sabzavotlardan ko‘proq iste’mol qiling.

Sho‘r yeguliklardan bosh torting. Ular qon bosimini oshiradi: bu esa ahvolni battar yomonlashtiradi.

Tez-tez suyuqlik iste’mol qiling

Aslida har qanday salqin ichimlik bo‘laveradi, gazlanmagan suv bo‘lsa, yana-da yaxshi. Uydan tashqariga suvsiz chiqmagan ma’qul — tana suvsizlanishiga olib kelishi mumkin.

Gazlangan shirin suv, qadoqlangan sharbat, shishadagi kvaslar chanqoqni qondirmaydi, aksincha, kuchaytiradi. Bunday ichimliklar tarkibida qand ko‘pligidan qonni yana-da quyuqlashtiradi.

Jaziramada spirtli ichimlik iste’mol qilishdan yomoni yo‘q. Alkogol organizmdan suyuqlikni chiqarib yuboradi va suvsizlanishni kuchaytiradi.

Tarkibida kofein bo‘lgan ichimliklar ham yaxshi emas (ularga nafaqat qahva, balki choy ham kiradi). Ular peshob haydovchi xususiyatga ega bo‘lib, issiq havoda juda zarur bo‘lgan suyuqlikni organizmdan chiqarib yuboradi.

Issiq havoga mos kiyining

Yopishib turuvchi sintetik kiyimlarni unuting. Faqat tabiiy matolardan tikilgan erkin kiyimlarni tanlang: zig‘ir, paxta, ipak. Hatto, sizga qora rangli kiyimlar yarashsa ham, jazirama yozda ularni kiymay turing. Qora rang quyosh nurini o‘ziga tortadi, bu esa tanani qizdirib yuboradi.

Sayr qilish vaqtini o‘zgartiring

Tongda (iloji boricha ertaroq) va kechasi (quyosh botgandan so‘ng) sayr qiling. Issiq paytda xonadan chiqmaslikka harakat qiling. Derazasi janubga qaraganlar bundan mustasno. Bunday uylarda kunduzi qolib bo‘lmaydi (konditsioner va shamollatishning iloji bo‘lmasa). Ayni qizigan vaqtda soya-salqin joylarda bo‘lish ayni muddao.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring