Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahon banki yetakchi iqtisodchisi Stefka Slavova: «O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni ancha uzoq kutdi»

Jahon banki yetakchi iqtisodchisi Stefka Slavova: «O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni ancha uzoq kutdi»

Stefka Slavova: «Umid qilamizki, bu islohot davom ettiriladi»

Foto: «xabar.uz»

Joriy yilning 11-yanvarida Xalqaro press-klubda «O‘zbekistonda investitsion muhit: moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish va kredit hisobotlarini takomillashtirish» mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Paytdan foydalanib yurtimiz mehmoni, Jahon bankining konsultanti va yetakchi iqtisodchisi Stefka Slavova bilan saytimiz uchun alohida suhbat qildik.

— Stefka xonim, tashqi kuzatuvchi sifatida aytingchi, jahon banki nuqtai nazarida O‘zbekiston iqtisodiyoti va investitsiya muhitida yechimini kutayotgan qanday muammolar mavjud?

— Jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida O‘zbekistonda bir qator muammolar ham mavjudligi bugun ochiq-oshkor aytilmoqda. Keling, ularni tahlil qilib chiqamiz. Investitsiya muhiti bilan bog‘liq muammolarni aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston «Doing Business» indeksi bo‘yicha 74-o‘rinni egallaydi. Bu baho uzoq yillar davomida amalga oshirilgan islohotlar uchun yaxshi, ammo bu boshqa mamlakatlar reytingi bilan solishtirganda salbiy ko‘rsatkich. Yangi prezidentingiz saylanganidan boshlab juda katta islohotlarni amalga oshirayotganini Jahon banki katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Chunki O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni ancha uzoq kutdi.

Ta’kidlash kerakki, ba’zi o‘zgarishlar hamon juda sekin kechyapti, ammo shu bilan birgalikda tezlik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar ham mavjud. O‘tgan yil sentyabridagi valyuta liberallashtirishini olaylik. Ochig‘ini aytganda, Jahon banki bu islohot amalga oshishiga ishonmagan edi. Ammo O‘zbekiston buning uddasidan chiqdi.

— Yana qanday chora-tadbirlar iqtisodimiz rivojida muhim o‘rin tutadi, deb o‘ylaysiz?

— O‘ylashimcha, investitsiya muhitini yaxshilash uchun mamlakatingiz endilikda xalqaro savdo, bojxona va chegara tartibini ko‘rib chiqishi kerak. Mamlakat boy bo‘lishi uchun sizlarga savdo va investitsiya zarur. Savdo, investitsiya va raqobat bu uchta omil rivojlanishning uchta muhim shartidir.
Bundan tashqari, bojxona tartibi, administratsiya, savdo jarayonini osonlashtirish bular O‘zbekiston uchun hozirgi kundagi eng dolzarb muammolardan hisoblanadi. Chunki «Doing Business» indeksidan ko‘rish mumkinki, bojxona faoliyatida hali ham byurokratiya saqlanib qolgan, eksport-import bilan shug‘ullanayotgan xususiy korxonalar o‘z faoliyatida keraksiz qog‘ozbozlik va uzoq muddat cho‘ziladigan hujjatlashtirish muammolariga duch kelmoqda. Albatta, biz bu muammolarni hal qilishda hamkorlikka tayyormiz.

Shu bilan birgalikda, ijobiy o‘zgarishlarni aytib o‘tsam — ko‘p turdagi import bojlari qisqartirildi. Umid qilamizki, bu islohot davom ettiriladi.
Mening fikrimcha, katta muammolardan yana bittasi bu iqtisodiyotdagi davlatning roli. Davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash, raqobatbardosh bozorga ega bo‘lish, hattoki neft va gaz, elektr energiyasi kabi strategik ahamiyatga ega sektorlar ham xususiylashtirilishi lozim. Xususiy sektor raqobatbardoshligini va eksport salohiyatini oshirish investitsiya muhitini yaxshilashning muhim omillari, deb o‘ylayman. Albatta, bu jarayonlar ko‘p vaqt talab etadi. Ammo, ishonamizki, O‘zbekiston bu jarayonlarni ham tezlik bilan amalga oshira oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring