Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jazirama sabab Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi poyezd to‘xtab qoldi

Jazirama sabab Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi poyezd to‘xtab qoldi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Andijon viloyatiga yo‘lga chiqqan poyezd bir soat to‘xtab qolgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgandi. «Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» aksiyadorlik jamiyati bu holatga izoh berdi. 

«Yurtimizda issiq havo hukmronlik qilmoqda. Buning natijasida, 2019-yil 16-iyul kuni soat taxminan 18.00 da Toshkent-Andijon yo‘nalishida harakatlanuvchi 62-sonli yo‘lovchi poyezdi elektrovozining elektr quvvatida uzilish kuzatildi. Natijada mazkur poyezd Kuchluk – To‘ytepa peregonining 36 km 5 piketida to‘xtab qoldi», – deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida texnik nosozlik 1 soat ichida bartaraf qilingan hamda poyezd harakati yana yo‘lga qo‘yilgan. 

Elektr tizimida uzilish bo‘lganda vagondagi konditsionerlar ishlamasligi hamda kunning issiqligi inobatga olinib, poyezd to‘xtagan vaqtida vagon eshiklari ochilib shamollatib turilgan hamda yo‘lovchilarga bepul salqin ichimliklar tarqatilgan. 

«Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» aksiyadorlik jamiyati ma’muriyati barcha yo‘lovchilardan bugungi yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘raydi, – deyiladi izohda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring