Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jeff Bezos: «NASA ruxsat bermasa-da, biz oyga chiqamiz»

Jeff Bezos: «NASA ruxsat bermasa-da, biz oyga chiqamiz»

Foto: «Syfy»

«Amazon» va «Blue Origin» kompaniyasi rahbari Jeff Bezosning fikricha, yaqin kelajakda Oyda odamlar yashaydigan qishloqlar, shuningdek, og‘ir sanoat zonalari tashkil etiladi. Bu haqda Bezos Kaliforniyada jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qildi, deb xabar beradi «TASS».

Milliarderning hisoblashicha, yaqin vaqtlar ichida suborbital parvozlar narxi arzonlashadi va o‘zining «Blue Origin» kompaniyasi faol ravishda «New Shepard» suborbital kemasi ustida ish olib bormoqda. Mazkur qurilma 30-aprel kuni muvaffaqiyatli uchish va qo‘nishni amalga oshirgan. Bundan tashqari 2020-yilga borib «Blue Origin» orbitaga ko‘p martalik «New Glenn» kemasini uchirishni rejalashtirmoqda.

Bezosning fikricha, millionlab odamlar kosmosda ishlashi mumkin, shuningdek, u yerga og‘ir sanoat ob’yektlarini joylashtirsa ham bo‘ladi. Bu Yer yuzida o‘sib borayotgan ehtiyojlarni qondirishning yagona chorasi hisoblanadi.

«Biz Yerni tark etishga majbur bo‘lamiz. Sayyoramizni tark etamiz va u yanada yaxshiroqqa aylanadi. Biz shunchaki uni tark etamiz, qolishni istaganlar esa, qolaveradi», — deydi milliarder.

Bezos birinchi navbatda Oy yuzasiga qo‘nishga mo‘ljallangan komik kemani yaratishni taklif qilmoqda.

Anjuman vaqtida u Oyga 5 tonnagacha yuk, shuningdek, odamlarni tashishga qodir agregatning uch o‘lchamli modelini namoyish etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyihani 2020-yilning o‘rtalariga qadar amalga oshirish imkoniyati mavjud.

«NASA rozilik bermasa-da, biz bu ishni amalga oshiramiz. Ertami-kech bu amalga oshadi, biroq hamkorlikda olg‘a harakat qilsak, maqsadga tezroq erishamiz», — deydi Jeff Bezos.

Bezos tomonidan 2000-yilda asos solingan «Blue Origin» kompaniyasi kosmosga turistik parvozlarni amalga oshirishni taklif qiladigan Yer yuzidagi sanoqli kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring