Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jeyms Appaturay: «NATO afg‘on muammosini tinchlik yo‘li bilan hal etishda O‘zbekistonning faol sa’y-harakatlarini olqishlaydi»

Jeyms Appaturay: «NATO afg‘on muammosini tinchlik yo‘li bilan hal etishda O‘zbekistonning faol sa’y-harakatlarini olqishlaydi»

Foto: Sputnik

Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘z vakili bor — NATO bosh kotibining Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha maxsus vakili Jeyms Appaturay. Uning aytishicha, bunday vakilning faoliyat ko‘rsatishi mazkur alyans mintaqaga katta e’tibor qaratishidan dalolat beradi. O‘zbekistonning ushbu harbiy-siyosiy birlashma bilan munosabatlari istiqboli qanday? Taniqli arbob Jeyms Appaturay «Dunyo» axborot agentligi muxbiriga shu haqda so‘zlab berdi.  

— NATO Markaziy Osiyoga strategik jihatdan muhim mintaqa sifatida qaraydi va bu bizning rasmiy hujjatlarimizda o‘z ifodasini topgan. Biz mintaqaning xalqaro xavfsizlikda salmoqli o‘rin tutishini e’tirof etamiz. O‘zbekiston, o‘z navbatida, bu mintaqaning juda muhim qismi hisoblanadi.

Ko‘p yillardan buyon NATO O‘zbekistonga Afg‘oniston omilining ta’siri vositasida qarab keladi. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, alyansimiz bu mintaqani Afg‘onistonda operatsiyalar boshlanishidan avval muhim strategik sherik sifatida belgilagan. Shuning uchun bizning o‘zbek sheriklarimiz hamda mintaqadagi boshqa hamkorlarimiz jafokash Afg‘onistondagi missiyamiz nihoyasiga yetganidan keyin ham (umid qilamanki, bu qachondir ro‘y beradi) sharoit taqozosi bilan Markaziy Osiyoga juda yuqori siyosiy ahamiyat qaratishni davom ettiramiz. Chunki mintaqa o‘z chegaralaridan tashqarida xavfsizlikning ta’minlanishida muhim o‘rin egallaydi, bundan tashqari, Markaziy Osiyo salmoqli siyosiy-iqtisodiy salohiyatga ham egadir.

NATOda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuskorligidagi islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borishadi. Biz barcha yo‘nalishlardagi ijobiy siljish va o‘zgarishlarni ko‘rib turibmiz. Qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiqki, bular o‘z samaralarini bermoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘oniston masalasini tinch yo‘l bilan hal etishda yanada faol o‘rin egallay boshladi. Biz buni olqishlaymiz.

Joriy yil mart oyining oxirida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasida NATO bosh kotibi yordamchisining o‘rinbosari Jon Manza qatnashdi. Biz bunda ushbu forum afg‘on muammosining tinch yo‘l bilan hal etilishiga yangi turtki berishidan kelib chiqdik. Uning yakunlari bo‘yicha kutganimiz o‘zini oqlaganini ko‘rib turibmiz. Mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralari va tinchlik jarayoni doirasidagi muhokamalar, umuman olganda, hozir bir qadar yuqori mazmun kasb etmoqda.   

Konferensiya o‘z vaqtida va yaxshi tashkil etildi, eng muhimi, u ko‘pgina tadbirlardan farqli o‘laroq, o‘z natijalarini berdi. Ishoning, men buni ko‘pgina xalqaro forumlarning ishtirokchisi sifatida ishonch bilan aytayapman.

Shu bilan birga, konferensiya zarur siyosiy muvozanat bilan ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu ham juda muhim. Eng muhim jihati shundaki, O‘zbekiston bu tadbirni tashkil etish asnosida mintaqa uchun tinchlik istashidan boshqa hech qanday manfaatni ko‘zlamaganini barcha ishtirokchilar ko‘rdi va ko‘rishmoqda. Toshkent hamisha mustaqil tashqi siyosat olib borgani va bu masalada mamlakat rostgo‘y vositachi sifatida o‘zini namoyon etayotgani hisobga olinganda O‘zbekiston jonkuyarligi alohida e’tiborga sazovorligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun konferensiyaning o‘tkazilish joyi juda o‘rinli tanlangan deb aytish mumkin.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning juda muhim qismi hisoblanadi. Biz yaxshi amaliy hamkorlikning uzoq muddatli tarixiga egamiz. O‘zaro hamkorlikning erishilgan darajasi qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilamiz.

Jahon ommaviy axborot vositalari bugungi O‘zbekiston haqida e’lon qilayotgan materiallardan xabarim bor. «Amnesty International», «Human Rights Watch» singari xalqaro nohukumat tashkilotlarining matbuot xabarlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga, ayniqsa, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi o‘zgarishlarga ijobiy baho berilmoqda. Shunisi diqqatga sazovorki, Toshkent ham qonunchilik, ham amaliy nuqtai nazardan bu jabhadagi vaziyatni yaxshilash uchun aniq qadamlarni tashlamoqda. Mamlakat yanada ravnaq topish uchun ulkan imkoniyatlarga ega – O‘zbekiston Prezidentining yaqinda AQShga tashrifi chog‘ida rasmiylar bu haqda bayonot berdilar. Darvoqe, biz Shavkat Mirziyoyev tashrifi va uning Donald Tramp bilan uchrashuvi samarali bo‘lganini qayd etdik.

Ilgari O‘zbekistondagi vaziyat yuzasidan muayyan tashvishlanish mavjud bo‘lganini yashirishning hojati yo‘q. Biroq hozir davlat rahbari tashlayotgan qadamlar, jumladan, iqtisodiyotni liberallashtirish sohasidagi islohotlar eng avvalo O‘zbekiston, xalq farovonligi uchun amalga oshirilayotganini va bularning barchasi mintaqada xalqaro hamkorlik uchun yanada jozibali muhitni yaratishiga xalqaro hamjamiyat ishonadi.

«Dunyo» axborot agentligi,

Bryussel

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring