Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalist surishtiruvi: Bog‘izog‘ondagi mojaroning yechimi bormi? (video)

Jurnalist surishtiruvi: Bog‘izog‘ondagi mojaroning yechimi bormi? (video)

Foto: «Xabar.uz»

Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi Bog‘izog‘on qishlog‘idan tushgan shikoyat bo‘yicha xizmat safariga yo‘l olganimizda qanday mojaroga bosh qo‘shib qo‘yganimizni tasavvur ham qila olmagan edik...

Bog‘izog‘onlik bir guruh fuqarolar qishloqda ishlab turgan yuqumli kasalliklar shifoxonasining avariya holatida ekanligi, bir vaqtlar qishloqda mavjud bo‘lgan, bugungi kunda buzib tashlangan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonaning ilgari tug‘ruqxona bo‘lgan bir qismi yuqumli kasalliklar shifoxonasi qilishga mo‘ljallab rekonstruksiya qilingani, ammo yuqumli kasalliklar shifoxonasi bu binoga ko‘chib kira olmayotgani, bunga shu qishloqdagi bir guruh ayollar (?) yo‘l qo‘ymayotgani haqida yozishgan edi.

Biz videolavha tayyorlash maqsadida operatorimiz bilan Bog‘izog‘onga bordik. Avvalo yuqumli kasalliklar shifoxonasini ko‘rdik va hayratga tushdik. Urush haqidagi kinolarda ko‘rganmiz bunaqa manzarani. Tasvirlardan ko‘rib olarsiz, bunaqa binoda shifoxona ishlab turishi – jinoyat! Bugun bo‘lmasa ertaga kimlarnidir tom bosib qoladi. O‘zi bir binosining orqa tomoni o‘pirilib tushibdi ham. Oshxonasiga kirib, tilimni tishlab qoldim: yuqumli kasalliklar shifoxonasining oshxonasida yuqumli kasalliklar tarqalishi ehtimoli juda katta!

Yuqumli kasalliklar shifoxonasi uchun moslab rekonstruksiya qilingan shifoxonaga bordik. Hammasi qoyilmaqom! Yuqumli kasallikka chalingan har bir kasal uchun, eng ko‘pi ikki kasal uchun alohida palatalar (alohida hojatxonasi, yuvinish joylari bilan), hatto bemorning holidan xabar olishga kelganlar uchun alohida kirish eshigi va suhbatlashish xonachasi ham qilingan. Bir so‘z bilan aytganda yuqumli kasalliklar shifoxonasi bundan ortiq bo‘lmaydi.

— Bino rekonstruksiya qilingandan keyin ham mening xodimlarim ikki yarim oy bu yerda yig‘ishtirish, tozalash, obodonlashtirish ishlarida qatnashishdi, hamma yoqni chinniday qilib qo‘yishdi, — deydi yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi Klara Yusupova. — Suv minorasini ham o‘z yonimizdan qurdirdik.

To‘g‘ri, hali bu shifoxonada ham kamchiliklar bor, xususan, oshxonasi ishga tushirilmagan, suv tizimi ulanmagan, yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lishi shart bo‘lgan ayrim bo‘limlar hali barpo qilinmagan, masalan, tuman hokimining ta’kidlashicha,  reanimatsiya bo‘limi alohida qurilgan bo‘lishi shart ekan.

Hozircha bu binoda bitta vrachi, bitta hamshirasi, o‘n uchta kasali bo‘lgan ichki kasalliklar bo‘limi ishlab turibdi. Vrach Anvarxon Saidov bilan gaplashdik.

— Bu bino ichki kasalliklar shifoxonasi qilinsin, bu yerda Anvarxon Saidov ishlasin degan buyruq bormi qo‘lingizda, nimaga asosan bu yerda kasallarni davolayapsiz? – degan savolni berdik.

— Qo‘limda hech qanaqa buyruq yo‘q, — dedi vrach. – Menga qolsa, ikkita mashinaga chiqib, shuncha uzoq qishloqqa kelib ishlashga ishqiboz ham emasman. Men do‘xtirman va odamlarni davolayman. Qaysi postga qo‘ysalar, o‘sha yerda ishlayman. Hozircha meni shu postga yuborishgan va men shu postda ishlayapman.

— Ikki qavatli va yuzdan ortiq odamni davolash mumkin bo‘lgan zamonaviy binoda 13 kasal bilan ishlab turishingizni o‘zingiz qanday izohlaysiz?

— Albatta, bu yerni «normalni» ochib berishsa edi, kamida 100 ta kasalni davolar edik, — dedi vrach. — Ammo hozircha bu yer keyin ham ichki kasalliklar bo‘limi bo‘lib qoladimi, bolalar shifoxonasi bo‘ladimi yoki bu yerga yuqumli kasalliklar shifoxonasi ko‘chib keladimi — hech kim anig‘ini bilmaydi.

Qarangki, anig‘ini shu qishloqda yashaydigan ayollar bilishar ekan. Hech kimni ogohlantirmasdan borgan bo‘lishimizga qaramay birpasda bizni bir necha ayollar o‘rab olishdi. «Hali bu nima ekan, shoshmay turing, hozir kamida yuzta xotin keladi», — deb cho‘chitib ham qo‘yishdi.

— Bu yer ichki kasalliklar va bolalar bo‘limi bo‘ladi, gap tamom, — dedi ayollarning o‘ktamrog‘i. – Bu yerga hech qanaqa yuqumli kasalliklar shifoxonasi ko‘chib kelishiga ruxsat bermaymiz.

— O‘zingiz tanangizga o‘ylab ko‘ring, qishloqning o‘rtasida yuqumli kasalliklar shifoxonasi bo‘lishi aqlga to‘g‘ri keladimi? — dedi ikkinchisi. — Biz tirik ekanmiz, bu binoga yuqumli kasalliklar shifoxonasi do‘xtirlari kira olmaydi!

— Sizlar kimsizlar va sizlarga kim huquq berganki, qishloqda qanaqa shifoxona bo‘lishi yoki bo‘lmasligini sizlar hal qilayapsizlar? — so‘radik ayollardan.

— Hokim bova bizga bu binoni ichki kasalliklar va bolalar shifoxonasi bo‘ladi deb ochib bergan, — deyishdi ayollar. — Ochilish marosimida lenta shunday deb kesilganmi, shunday bo‘ladi. Qo‘limizda lenta kesish marosimi tasvirlari bor.

— Ichki kasalliklar va bolalar shifoxonasining ochilishi deb osh tarqatilgan, — deb qo‘shib qo‘ydi ayollarning biri.

— Ha, shunday deb osh tarqatilgan bo‘lsa, masala jiddiy ekan, — deya aslida bu yerda qanaqa shifoxona ochilishini hal qilishi lozim bo‘lgan mansabdorlar huzuriga yo‘l oldik.

— Nima bo‘lgan bo‘lsa, mengacha bo‘lgan, — dedi Tayloq tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Gulnora Rustamova. — Men bu yerga kelganimga endi olti oy bo‘ldi. Shuning uchun savollaringizga o‘rinbosarim javob bera qolsin!

Bosh vrach o‘rinbosari Ulug‘bek Shamsiyevning esa javoblari qisqa bo‘ldi:

— Biz yuqumli kasalliklar shifoxonasi uchun boshqa joy tanlaganmiz, buni dasturga ham kiritib qo‘yganmiz, — dedi boshliq o‘rinbosari. — Eskijuma qishlog‘idagi QVPni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga mo‘ljallab rekonstruksiya qilamiz va bu mojaroni yaqin-orada uzil-kesil hal qilamiz. Qishloq ayollari boshqachasiga baribir ko‘nmaydi. Bu yog‘i hokim bovaga bog‘liq.

Na iloj, Tayloq tumani hokimiyatiga bordik.

— Men bu tumanda yangiman, oldingi hokim o‘sha yerdagi janjalkash odamlarni tinchitish maqsadida aslida yuqumli kasalliklar shifoxonasi uchun ta’mirlangan bo‘lsa ham binoni «Bolalar va ichki kasalliklar bo‘limi qilib ochib berdik» deb e’lon qilib yuborgan, — dedi tuman hokimi Bahodir Sa’dullayev. — U yerdagi o‘sha ayollar endi u binoga boshqa shifoxonani joylashtirgani qo‘ymaydi. Biz yuqumli kasalliklar shifoxonasini boshqa yerga ko‘chiramiz desak bunga o‘sha shifoxona duxturlari ko‘nmaydi. Hatto markazdagi tuman tibbiyot birlashmasi, ya’ni tuman shifoxonasidan alohida bo‘lim ochib beramiz desak ham ko‘nishmayapti. «Qishlog‘imizdagi shifoxona turib, tuman markaziga qatnaymizmi?» deyishadi. Vaholanki, o‘sha qishloq tuman markazidan juda olisda ham emas.

Eng qizig‘i, tuman hokimi Bahodir Sa’dullayev bizga: «Shu mojaroni yoritib, uning hal bo‘lishiga yordam bera olsangizlar, sizlardan minnatdor bo‘lar edim, o‘zimning ham jonimga tegib ketdi», — dedi. Tasvirga olishimizga esa tuman hokimi ham, o‘rinbosarlari ham rozi bo‘lishmadi...

Jurnalist muammoni yoritishda xolis bo‘lishi, u yoki bu tomonda turmasligi, Bog‘izog‘ondagi mojarolar misolida esa turli frontda bir-biri bilan oshkora kurash olib borayotgan ikki tarafdan birining yonini olmasligi, ularning manfaatini himoya qilmasligi shart. Ammo bunday xolis bo‘lishga aqlim yetmadi. Chunki oltmishga kirayapman, ammo hali biror shifoxona falon kasal davolanadigan shifoxona bo‘lsin degan talabni ayta olmaganman, na otam aytgan, na onam! Shaxsan men kasalxona ochish, unda qanaqa kasalni davolash masalasi bilan qishloqning ayollari emas, sog‘liqni saqlash idoralari shug‘ullanadi deb o‘ylayman.

— Sizlardan kattarog‘i ham bu yerga yuqumli kasalliklar shifoxonasini kirgiza olmaydi! – deyishdi ortimizdan bog‘izog‘onlik ayollar.

«Bog‘izog‘ondan yuqumli kasalliklar shifoxonasi bir qadam siljimaydi», — der ekan narigi guruhning lideri bo‘lgan bir otaxon. U prezident portaligacha boribdi shu masalada. Har ikki front kurashchilari o‘zlariga kerakli qarorni chiqarib berishni talab qilib navbatma-navbat goh tuman tibbiyot birlashmasini, goh tuman hokimiyatini «qurshov»ga olisharkan. Ikkala guruhning vakillari ham navbati bilan Toshkentga odam yuborib turishar ekan...

Bu mojaroda aytgan so‘zi hukm bo‘ladigan hokim yo‘qligi, o‘zlari ochib bergan shifoxonani o‘zlari idora qila oladigan tuman yoki viloyat tibbiyoti rahbarlari yo‘qligi tufayli hukumat bir guruh ayollarning qo‘liga o‘tib ketibdi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Aziz Jo‘rayevning so‘zlari ham keskir bo‘lmasa-da, o‘z nuqtai nazarini yaqqol ifodalab bera oldi:

— Biz davlat dasturiga kiritilgan binoni yuqumli kasalliklar shifoxonasi uchun rekonstruksiya qilganmiz va bu ishga davlatning katta mablag‘i sarflangan. Tuman hokimi o‘z xalqi bo‘lgan o‘sha ayollarni binodan chiqarsa, shu bugunoq borib, u yerga yuqumli kasalliklar shifoxonasini joylashtirishga tayyorman. Ichki kasalliklar bo‘limi va bolalar kasalliklari bo‘limi esa tuman markaziy shifoxonasida bor va markaziy shifoxona Bog‘izog‘onga uzoq ham emas. Ayollar nega bunday oyoq tirab olganini tushunmayman. Afsuski, o‘sha ayollarni tuman hokimi ham, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari ham, mahalliy boshqaruv idoralari ham chiqara olmayapti.

Shifoxona uchun pul sarflagan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari, tuman tibbiyot birlashmasining rahbarlari, hatto tuman hokimi hal qila olmagan, hozircha ayollar o‘z aytganini o‘tkazib turgan Bog‘izog‘on yuqumli kasalliklar shifoxonasi mojarosini «Xabar.uz» sayti ham hal qilib bera olmasligi aniq. Ammo biz bu masalani hal qilib bera oladigan rahbarlar O‘zbekistonda topilishiga ishonamiz va ulardan javob kutamiz.

«Xabar.uz» bu masalaga yana qaytadi.

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri,
Tayloq tumani Bog‘izog‘on qishlog‘i.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring