Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jurnalistlarning og‘riqli dardi qo‘zg‘aldi

Jurnalistlarning og‘riqli dardi qo‘zg‘aldi

Foto: «60kvm.ru»

Bu dardni ijarama-ijara yuradigan, pul to‘lab xo‘jayinning qosh-qovog‘iga qarab ish tutadigan, uydan uyga ko‘chganda bolalarining savoliga javob bera olmay eziladigan otalar, ro‘zg‘orini butlay olmayotgan yosh oilalar juda yaxshi biladi.

«Uy ijarasi uchun beriladigan pulimizni ipoteka krediti uchun to‘lasak bo‘lmaydimi?». Mazkur maqola O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan edi.

Muallif maqola avvalida vaqtinchalik propiska qo‘yish bilan bog‘liq holatlarni o‘zining kundalik hayotidagi jarayon misolida ko‘rsatib berar ekan, navbatdagi eng muhim va aytish mumkinki, ko‘pchilik hamkasblarimiz uchun nihoyatda zarur bo‘lgan uy-joy bilan bog‘liq masalaga o‘tadi. E’tiborlisi shundaki, maqolada

«Ijara uchun berayotgan (ko‘p hollarda noqonuniy) pulimizni Ipoteka krediti uchun to‘lasak, o‘n yilga ham bormasdan qoplab yuborishimiz tayin. Bu ham bankka, ham bizga foyda emasmi?» degan savol o‘rtaga qo‘yilgan.

Bir qarashda taklifga, bir qarashda esa iddaoli e’tirozga o‘xshab ketadigan bu savolning javobi, uning tagida yotgan masala yechimining vaqti allaqachon keldi, nazarimda. Aslini olganda, bu muammo ham davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidlash o‘rinli. Xususan, Prezidentimiz 2017-yilning 3-avgustida mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan tarixiy uchrashuvda adabiyot va san’at, madaniyat sohalari bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish, mavjud huquqiy-normativ bazani takomillashtirish, sohaning moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, ijod ahlining mashaqqatli mehnatini moddiy va ma’naviy jihatdan munosib rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va isloh qilish kabi bir-biridan muhim va dolzarb masalalarga to‘xtalib, bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalar haqida qimmatli fikrlarini bildirgan edi.

Aytish lozim, o‘tgan qariyb bir yillik vaqt davomida ushbu yig‘ilishda aynan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, jurnalistikaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurti ish boshlamoqda, hamkasblarimiz faoliyatida ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga qilgan rasmiy tashrifini yoritishda yetakchi markaziy nashrlarning muxbirlari ham ishtirok etganini misol qilib keltirish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi «O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori esa bu boradagi eng muhim qadam bo‘lganini alohida ta’kidlash o‘rinli.

Agar ushbu qarorga diqqat bilan e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda ommaviy axborot vositalari faoliyatini keng qo‘llab-quvvatlash, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, gazeta-jurnallar, teleradiokanallar, axborot agentliklari va Internet nashrlarida mehnat qilayotgan jurnalistlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, jurnalist kadrlarning professional mahoratini oshirish tizimini takomillashtirish kabi masalalarga to‘xtalinib, uning to‘rtinchi bandida ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy yoki yer uchastkalari bilan ta’minlash ishlarini belgilangan tartibda yo‘lga qo‘yish belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: masalaning qonuniy yechimi ko‘rsatib berilgan bir paytda uning ijrosi nega ta’minlanmayapti?. Shu o‘rinda achchiq bo‘lsa-da aytish kerak, ushbu qarorda belgilangan vazifalar to‘liq ishga tushmayapti.

Albatta, har bir masalaning ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor. Ayni shu borada hamkasblarimizdan biri bilan suhbatlashib qolganimizda, u:

«Hamma narsaning vaqti bor, Prezidentimiz har bir soha rivojini bosqichma-bosqichlikda takomillashtirib bormoqda. Profilaktika inspektorlari ham uyli, ham moshinali bo‘lishdi, din peshvolariga ham shunday imtiyoz berildi. O‘zimizning yo‘nalishda ham mana, Yozuvchilar uyushmasida katta o‘zgarishlar bo‘ldi, uyushma a’zolari siz aytmoqchidek, ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta’minlanmoqda, qani navbat bizga ham kelib qolar»,

degan jo‘yali bir fikrni aytib tasalli bergandek bo‘ldi. O‘ylab qarasam, hamkasbimning gaplarida ham jon bor. (Maqolani yozish jarayonida ana shu suhbatni yana bir bor esladimu, shu kunlarning tezroq kelishini, mashhur iboraga aylangan bir satrda aytilganidek, bizning ko‘chalarda ham bayram bo‘lajagini umid qilib bir entikib qo‘ydim).

B.Ibragimov maqolasida uysizlikning, ijarada turishning xarajatlarini juda aniq va ayni paytda ta’bir joiz bo‘lsa, chiroyli ko‘rsatib bergan. Ammo uning nazaridan chetda qolgan yana bir juda muhim jihat borki, bu ijodkor uchun juda-juda kerak bo‘lgan — ko‘ngil xotirjamligi va ruhiy halovatdir. Ijarama-ijara yurishning, pul to‘lab xo‘jayinning qosh-qovog‘iga qarab ish tutishning, ko‘chganda qo‘ni-qo‘shnilarni, bolangning bog‘cha-maktabini o‘ylab ezilishlarning naqadar og‘ir ekanini shunday sharoitda yashaganlar juda yaxshi biladi. Uzoqqa bormay, o‘zim tengi oshno-og‘aynilarimning, hamkasblarimning o‘zaro gap-so‘zlarida, turmushida, kayfiyatida, qolaversa, o‘zimning ham hayotimda buning juda ko‘p, ta’bir joiz bo‘lsa, iztiroblarini ko‘rganman.

Ha, uy-joyli bo‘lishni xalqimiz Vatanli bo‘lish bilan mengzashida katta ma’no bor. «O‘z uying — o‘lan to‘shaging» degan hikmat ham shundan.

Bu gaplarni o‘qib kimdir: «jurnalistlar shunchalik ezilib ketgan ekan, buncha davlatga yopishavermasa, o‘zlari ham harakat qilib zamon bilan hamnafas bo‘lib, o‘z aravasini o‘z tortsa bo‘lmaydimi?» degan fikrga ham borishi mumkin. Bu fikrda ham jon borligini aslo inkor etmagan holda ijodkor ahlining o‘z dunyosi borligini, tadbirkorlik yoki shunga o‘xshash kasblar bilan ro‘zg‘orini gullatish bu soha vakilllaridan juda ko‘pchiligining qo‘lidan kelmasligini ham aytib o‘tish lozim bo‘ladi.

Maqolani o‘qish jarayonida muallifning «Shu yurt uchun xolis xizmat qilishdek ulkan orzusi ko‘ksida barq uradi», degan gapi, ayniqsa, e’tiborimni tortdi. Ha, kindik qon to‘kilgan va unib-o‘stirgan shu yurt uchun har qancha xolis xizmat qilsak arziydi. Bu har birimizning shu vatan, xalq oldidagi farzandlik burchimiz. Bugungi globallashuv davrida jurnalistlarning ana shu mas’uliyati har qachongidan ham oshgan nazarimda. Zero, axborot almashinuvi juda tezlashgan, axborot maydonlari yadro poligonlaridan kuchli bo‘lib borayotgan bugungi kunda xalqona qilib aytadigan bo‘lsak, kallasi butun bo‘lgan, ijara haqi to‘lashu ro‘zg‘or tashvishini chetga surib xuddi chegarachilardek kerakli paytda yurt manfaatlarini o‘ylaydigan, tashqi axborot jarayonlariga munosib javob beradigan jurnalistlar ham juda-juda kerak. Zero, biz yuqorida tilga olgan qarorda ham ayni vaqtda, hozirgi shiddatli axborot zamonida mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko‘mak berish, jurnalistlarning professional malakasini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, soha uchun kadrlar tayyorlash borasida bir qator dolzarb muammolar o‘z yechimini kutib turgani alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Maqola muallifi aytganidek, xullas, sanayversak, muammolar bolalab ketaveradi. Ayni bu o‘rinda Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida bildirgan fikrlarini eslasak, ko‘p narsa oydinlashadi: «Bugun biz «ijodkorlarimiz ishlamayapti», deb sizlardan, sizlar esa «davlat yordam bermayapti», deb bizlardan gina qilib o‘tirishimizning mavridi emas. Kelinglar, bugun o‘z oldimizga «Kim aybdor?» deb emas, «Kim nima qilishi kerak?» degan savol qo‘yaylik».

Darhaqiqat, hamjihatlikda gap ko‘p. Bugun yurtimizda ahillikda qilinayotgan ishlar natijasida shaharu qishloqlarimiz obod bo‘lib, yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida har bir soha, yo‘nalish rivojiga alohida e’tibor qaratilib, to‘planib qolgan muammo va masalalar hal etilayotgan, eng muhimi, odamlarning hayotidan, turmushidan rozi bo‘lib yashashi uchun juda katta bir xayrli ishlar qilinayotgan hozirgi paytda ozgina e’tibor qaratilsa, bu masala ham o‘z yechimini topadi.

Bugun jurnalistlarning ko‘pchiligi shunday muruvvatga muhtoj!

Sodiq Norboyev,
jurnalist.
«O‘zA».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring