Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kardiojarrohlik amaliyoti natijasida 3 yoshli bola yurak tug‘ma nuqsonidan xalos bo‘ldi

Kardiojarrohlik amaliyoti natijasida 3 yoshli bola yurak tug‘ma nuqsonidan xalos bo‘ldi

Shu yilning o‘tgan davrida Yangiqo‘rg‘on, Mingbuloq, Chust kabi tumanlardagi tibbiyot birlashmalarida viloyat kardiologiya markazi shifokorlari bilan hamkorlikda qator kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan edi. Endi bu izchil faoliyat viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham yo‘lga qo‘yildi.

«Irvadon» bolalar shifoxonasi nomi bilan mahalliy aholi orasida keng ommalashgan mazkur tibbiyot markazida amalga oshirilgan ilk kardiojarrohlik amaliyoti tufayli chustlik 3 yoshli Abrorjon Umarovni bezovta qilayotgan og‘ir dardga nuqta qo‘yildi. U yurak tug‘ma nuqsonining qorinchalararo to‘sig‘i, ya’ni aorta osti joylashuvi – yuqori o‘pka gipertenziyasidan azob chekayotgan edi.

Viloyat kardiologiya markazi hamda bolalar tibbiyot markazining malakali jarroh-shifokorlarining sa’y-harakatlari natijasida yurak hastaligining o‘pka gipertenziyasi bilan kechadigan turlarida o‘pka arteriyasida rivojlanuvchi ortga qaytmas o‘zgarishlar bo‘lishini oldini olish maqsadida ushbu jarayon muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Quvonarlisi shundaki, ayni paytda bemor o‘zini yaxshi his etmoqda. Markazning malakali shifokorlari uning sog‘ayishi uchun astoydil harakat qilishmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida kelajagimiz vorislari salomatligini muhofaza etish uchun imkoniyatlar kengaymoqda. Shu yilning o‘zida kardiojarrohlik, neonatal xirurgiya va o‘smir qizlarni sog‘lomlashtirish bo‘limlari ochildi. Bo‘limlarga tajribali va yuqori malakali tibbiyot xodimlari jalb qilindi. Qisqa vaqt ichida o‘nlab murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilib, yosh bemorlar salomatligi tiklandi.

Oqilxon Dadaboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring