Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Allamjonov jurnalistlarning umummilliy guvohnomasi bo‘yicha izoh berdi

Komil Allamjonov jurnalistlarning umummilliy guvohnomasi bo‘yicha izoh berdi

Фото:«Xabar.uz»

Joriy yilning 1-iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi jurnalistining umume’tirof etilgan milliy guvohnomasini joriy etish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish rejalanmoqda. Unga ko‘ra, ushbu guvohnoma Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining gologramma muhri bilan tasdiqlangan ID karta ko‘rinishida bo‘lib, unda guvohnoma egasi haqida ma’lumot, fotosurat, himoyalangan shaxsiy shtrix-kod mavjud bo‘ladi. Bu haqda agentlik bosh direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov ma’lum qilgan. 

Milliy guvohnoma Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan jurnalistlarga bepul taqdim etiladi. Guvohnoma jurnalistning haqiqatan professional kasb egasi ekanligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

«Mazkur guvohnoma jurnalistlarga kasbi yuzasidan vazirliklar va boshqa davlat idoralariga, jamoatchilik va madaniy joylarga (ko‘rgazma, teatr, kinoteatr, muzey, konsert, ko‘ngilochar va dam olish hududlari, sport musobaqalari va boshqa ommaviy tadbirlar) to‘siqlarsiz kirish, axborot olish, materiallarni tayyorlash va tarqatishda hamkorlik qilish, shuningdek, vazirliklar va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda idoralarning ichki tadbirlarida ishtirok etish imkonini beradi» deya yozgan Allajonov «Facebook»dagi rasmiy sahifasida.

2019-2020-yillarda O‘zbekistonda axborot sohasini rivojlantirish dasturiga muvofiq, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jurnalistning umume’tirof etilgan milliy guvohnomasini joriy etish taklifini ishlab chiqishi belgilangan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring