Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ucell» qachon o‘zbekcha gapiradi?». Kompaniya vakili aniqlik kiritdi

«Ucell» qachon o‘zbekcha gapiradi?». Kompaniya vakili aniqlik kiritdi

Foto: «Ucell»

Saytimizda «Ucell» qachon o‘zbekcha gapiradi?» sarlavhali maqola berilgan edi. Unda muallif kompaniya SMS-xabarini o‘z mijozlariga faqat ingliz tilida jo‘natayotgani bilan qiziqqan. Shuningdek, bu uyali aloqa kompaniyasining mijozlari o‘z balanslarini tekshirganda ham, internet paketlarning qoldiqlarini tekshirganda ham, USSD kodlar orqali olinadigan turli xabarlarning aksariyati ingliz tilida kelishi kuzatilgan.

«Bu kompaniya o‘z mijozlariga jo‘natadigan har bir SMS xabarini o‘zbek tilida yo‘llab, orqasidan rus va ingliz tillarida ham jo‘natsa, aslo qarshiligim yo‘q. Aksincha, buni qo‘llab-quvvatlayman. Ammo mamlakatimizda davlat tili o‘zbek tili bo‘lgani holda bu kompaniya muhim xabarlarni faqat ingliz tilida jo‘natishini oqlab bo‘lmaydi», ta’kidlaydi muallif.

Ushbu savollarga aniqlik kiritish maqsadida hamda bu masala «Ucell»ning boshqa mijozlarini ham qiynayotgan bo‘lishi mumkinligini hisobga olib, kompaniya operatori bilan bog‘landik.

— Aksariyat «Ucell» mijozlari USSD va SMS xabarlarini qabul qilishda til bilan bog‘liq muammoga duch kelishayotgan ekan. Bu nima bilan bog‘liq?

— «Ucell»da «tilni tanlash» xizmati ishga tushirilgan. Unga ko‘ra kompaniyaning barcha xizmatlaridan mijozlar o‘zlariga qulay bo‘lgan tilda foydalanishi mumkin. Xizmat orqali USSD va SMS xabarlarni qabul qilishda tilni tanlash imkoni bor.

Mijozlar o‘zlariga qulay tilni tanlash uchun *220# raqamiga USSD so‘rov yuborishlari lozim. So‘rov yuborilgandan so‘ng quyidagi amallarni bajarish taklif etiladi:

  • Hozirgi vaqtda sizda o‘rnatilgan tilni aniqlash uchun – 1 raqami bilan javob qaytarish;
  • Xabarlar tilini almashtirish uchun – 2 raqami bilan javob qaytarish.

Xizmat bepul taqdim etiladi va tilni bir kunda faqat 3 bora o‘zgartirish mumkin.

Shuningdek, tilni tanlash va o‘zgartirish uchun mijozlar bizning «Call Center»imizga  8123 («Ucell» raqamidan) yoki +998 (93) 180 00 00 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, pasport ma’lumotlarini aytishsa, o‘zimiz USSD va SMS xabarlarni qabul qilish tilini o‘zgartirib qo‘yishimiz mumkin.

— Umuman, nima sababdan ayrim mijozlarga SMS xabarlar ingliz tilida boradi?

— Qachondir sozlamalarda shu tilda USSD va SMS xabarlarni qabul qilish tanlangan bo‘lishi mumkin.

— Kompaniya xizmatlariga yangi ulangan mijozga USSD va SMS xabarlar qaysi tilda yuboriladi?

— Agar «tilni tanlash» xizmati orqali sozlamalar amalga oshirilmagan bo‘lsa, asosan o‘zbek tilida xabarlar jo‘natiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring