Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Konsullik attashesi: «Mehnat migrantlariga e’tibor jiddiy»

Konsullik attashesi: «Mehnat migrantlariga e’tibor jiddiy»

Foto: Xabar.uz

Tatariston Respublikasida ishlashga kelgan yurtdoshlarimiz hamda bu yerda o‘qiyotgan yoshlarimiz ko‘p. Ayniqsa, yoshlar, mehnat migrantlari mamlakatimizdagi davom etayotgan saylov jarayonlariga befarq emas. Bunga kuni kecha mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasida hamda turli korxonalarida o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun muddatidan oldin ovoz berish jarayoni davomida guvoh bo‘ldik. Avval xabar berganimizdek, Qozon shahridagi «Metroelektrotrans», «ENKA» qurilish kompaniyasi va «2-sonli avtotransport» korxonalarida mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati yaratildi.


— Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi strukturasida xorijda vaqtincha mehnat bilan band O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha departament faoliyati yo‘lga qo‘yildi, — deydi biz bilan suhbatda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashesi Nuriddin Niyozov. — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida esa xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish jamg‘armasi tuzildi. Shu bilan birgalikda, Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga hujjatlarni tayyorlash va patent berishga vakolati bo‘lgan idoralarning yurtimizda filiallarini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Albatta, bularning hammasi davlatimizning mehnat migrantlari masalasiga jiddiy e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi. Saylovga kelsak, endi konsullik hisobida turmaganlar ham ovoz berish imkoniga ega bo‘lishdi. Birinchi marotaba xorijdagi saylov uchastkalari soni sezilarli darajada oshdi. O‘z navbatida, bu yerdagi yurtdoshlarimizning saylovga faol fuqarolik pozitsiyasidan qarayotgani bizni quvontiradi.

14 dekabr kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida Qozon shahrida 806 nafar, Tatariston Respublikasi bo‘yicha jami 1041 nafar yurtdoshimiz ishtirok etgan. Ertaga hududdagi eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri - Qozon milliy tadqiqot texnologik universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga ham muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Saylov kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, muddatidan avval ovoz berish saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va saylovga 3 kun qolganda tugallanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring