Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Legionerlar: Rashidov Kaka o‘rniga zaxiradan maydonga tushdi

Legionerlar: Rashidov Kaka o‘rniga zaxiradan maydonga tushdi

Foto: «Record»

Dam olish kunlari legionerlarimiz o‘z klublari tarkibida o‘yinlar o‘tkazib, turli natijalar qayd etishdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati bu borada ma’lumot berdi. Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam saytimizda Eldor Shomurodov «Spartak» darvozasiga gol kiritib, «Rostov»ga g‘alaba keltirgani haqida xabar berilgan edi.

Sardor Rashidov
Terma jamoamiz a’zosi Sardor Rashidov to‘p surayotgan Portugaliyaning «Nasonal» jamoasi mamlakat chempionatida u qadar muvaffaqiyatli qatnasha olmayapti. 29-turda «Nasonal» «Boavishta»ga qarshi safarda o‘yin o‘tkazdi va kichik hisobda mag‘lubiyatga uchradi.Hamyurtimiz mazkur o‘yinning 75-daqiqasida braziliyalik Kaka o‘rniga zaxiradan maydonga tushdi (Aytish kerakki, bu o‘sha mashhur Kaka emas, balki boshqa yosh futbolchi). Hozirda «Nasonal» musobaqa jadvalida 16-o‘rinda bormoqda.

Vitaliy Denisov
Vitaliy Denisov Rossiya chempionati 23-turida «Krilya Sovetov» klubi tarkibida «Rubin»ga qarshi 90-daqiqa to‘p surdi. O‘yin «Krilya Sovetov» jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ushbu g‘alabadan keyin Denisov jamoasi 27 ochko bilan 11-pog‘onada bormoqda.

Doston Tursunov
«Jey-liga 2» chempionatida to‘p surayotgan Doston Tursunov 9-turda «Renofa Yamaguchi» safida «Kagoshima Yunayted» jamoasiga qarshi to‘liq 90-daqiqa harakat qildi. O‘yin 1:0 hisobida «Renofa» g‘alabasi bilan yakunlandi. Ushbu g‘alabadan keyin Tursunov jamoasi 8 ochko bilan 19-o‘rinda bormoqda.

Rustam Ashurmatov
Rustam Ashurmatov «Key liga-2» chempionati 6-turida «Gvangju» - «Dayejon» uchrashuvida to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Uchrashuvda hisob ochilmadi - 0:0. Ayni paytda «Gvangju» jamoasi musobaqa jadvalida 1-o‘rinda bormoqda.

Odil Ahmedov
Terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov to‘p surayotgan «Shanxay SIPG» jamoasi Xitoy chempionati 5-turida «Uxan» klubiga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Odil Ahmedov mazkur o‘yinda maydonga tushmadi. «Shanxay» klubi ayni paytda musobaqa jadvalida 2-o‘rinda bormoqda.

Fozil Musayev
Fozil Musayev to‘p surayotgan «Jubilo Ivata» jamoasi «Jey liga» 7-turida «Shimitsu» klubiga qarshi maydonga tushdi va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Musayev bu o‘yinda qatnashmadi. «Jubilo Ivata» musobaqa jadvalining 14-pog‘onasida boryapti.

Ikrom Aliboyev
«Key liga-1» chempionati 7-turida terma jamoamiz a’zosi Ikrom Aliboyev to‘p surayotgan «Seul» jamoasi "Gangvon" ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ikrom Aliboyev mazkur o‘yinda maydonga tushmadi. Hozirda «Seul» musobaqa jadvalida 2-o‘rinda bormoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring