Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Masjid yaqinidagi kafeda bitirilgan ish

Masjid yaqinidagi kafeda bitirilgan ish

Yo‘l chetida xayol bilan ketayapman. O‘ng tomonimni nimadir haybatli narsa to‘sdi (ovozi eshitilmadi hisob). Qarasam – «TOYOTA PRADO - 150».

Shofyor oynani tushirdi:

— Nurulla aka, chiqing!

Ko‘zim tushishi bilan tanidim: domda uch pod’yezd narisi bilan qo‘shni turganmiz. Hozirgi mahallamizga yaqin joydan yer sotib olgan. Uy qurayapti. Ora-sira, yo‘l-yo‘lakay ko‘rishib qolamiz.

Aylanib o‘tib, yoniga o‘tirdim.

— Bozor qipsiz-da? Yengil-ku, g‘amlamadingizmi?

— Uyda o‘zimman...

— E, bolalar qayerda?

— Qishloqda.

— O‘o‘o‘, puxtasiz aka, puxtasiz. Yaxshi qipsiz.

— Navro‘zga ketishuvdi. Olib kelishga ulgurmay qoldim.

— Ha, shunaqami? Hechqisi yo‘q.

— O‘sha yoqda bo‘lgani tinch.

— Samarqanddan chiqmadiku hali.

— Chiqmasin. InshaAlloh, o‘tib ketadi. Robbimni sinovi bo‘ldida bu odamzodga. Allohim sinayapti. Sabr qilish kerak.

— Jaaa, qattiq bo‘layapti amo. Mashinalarni hammasini bittada yopdi-yey! Stiker ob bo‘maydi deng. Bizni ish ruxsat berilgan birorta yo‘nalishga to‘g‘ri kelmadi. Dostavshik qib to‘g‘riladim. Odam g‘ij-g‘ij...

Shunda lobovoyga ichkari tomondan teskari tirkalgan qog‘ozga ko‘zim tushdi.

— Qayerdan oldingiz?

— Pastda, yonimizda, masjid boru, chiqardik-ku, masjidning yonidagi domni oldidan kafe qurishgan. Ukalar. O‘shalarga qog‘oz qildirdim.

— Ozroq sabr qilsangiz o‘tib ketardi. Kurer qilib to‘g‘irlash shartmidi?

— Men uyda o‘tiradigan odammasman-da, chidolmayman, yorilib ketaman!

...

— Chetroqda tushaman.

— Mana shu ko‘chadan kirardingiz-a? Ha, aytgancha, kechasi uchda turdingizmi?

— Uxlab qoppan.

— O‘o‘o‘o‘, halovat bo‘ldi! Halovat bo‘ldi! Onlayn jamoatga ham qo‘shilib turing mundoq.

— Rahmat.

«Kurer» - »TOYOTA PRADO - 150» ovoz chiqarmasdan siljiydi.

Bir o‘kirik ichimdan burqsib keladi. «Dod» deyman ovoz chiqarolmay:

«Dooood!!!» Bu kunlar-ku, o‘tar. Lekin yillar sayin turmush tarzimizga singib borayotgan yolg‘onchilik, riyokorlik dardining o‘tib ketishiga shaxsan men ishonmayman. Bunday qalblar uchun esiz ulug‘ maslaklar, esiz bo‘shab qolgan masjidlar, esiz «onlayn jamoat»! Chunki saboq yo‘q, saboq!

Butun xalq birlashib, vabodan hazar deb turgan bir paytda shunday odamlar ko‘chada yuribdiki, bu maqsadsiz riyokorlarning tutumi vaboning tutumidan farq qilmaydi!

Nurulla Narzullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring