Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mavlud Chovusho‘g‘li xitoylik hamkasbi bilan uchrashuvda «hassos masala»ni ko‘tardi

Mavlud Chovusho‘g‘li xitoylik hamkasbi bilan uchrashuvda «hassos masala»ni ko‘tardi

Turkiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari.

Foto: www.mfa.gov.tr

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li xitoylik hamkasbi Van I bilan muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikka doir muhim masalalar qatorida uyg‘urlar bilan bog‘liqni holatni ham muhokama qildi.

Mavlud Chovusho‘g‘li Xitoy vakiliga uyg‘urlar holatiga doir fikrlarini bildirar ekan, masalani «hassos» deb atagan. 

Anqara va Pekin munosabatlarida uyg‘urlar taqdiri hamisha muhim o‘rin tutib kelgan. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Ining 2021 yil mart oyida Anqaraga tashrifi paytida ham uyg‘urlar hayotini yaxshilash masalasi ko‘tarilgan. 

Turkiya xalqi Xitoyning Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasida yashovchi turkiy elatlarning haq-huquqlaridan xavotirda. Gap shundaki, jahon hamjamiyati mazkur o‘lkada yashovchi musulmonlar xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda tutqunlikda saqlanayotgani borasida xavotir bildirib kelmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mazkur holatni qoralagan.

Turkiyadagi inson huquqlari tashkilotlari ham uyg‘urlarning haq-huquqlariga hurmat ko‘rsatish, ularni majburiy mehnat va zo‘ravonlikdan xalos etishni talab qiladi. Xususan, Turkiya inson huquqlari va tenglik instituti raisi Sulaymon Arslon musulmon ozchiliklarning haq-huquqlarini poymol etish oqibatidan ogohlantiradi. 

«Bunday yondashuv minba’d mamlakatda tinchlik va farovonlikka olib kelmaydi. Hali biror bir mamlakat boshqa jamoalarga zo‘ravonlik ortidan taraqqiyotga erishmagan», – deydi S.Arslon.

Bir muddat oldin Turkiya hamda Xitoy o‘rtasida jinoyatda gumonlanayotganlarni ekstraditsiya qilish haqida bitim tasdiqlandi. Buning ortidan Turkiya ma’muriyati mamlakatdagi uyg‘urlarni Xitoyga tutib berishi haqida xavotirlar yuzaga keldi. Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li xavotirlarni asossiz deb atagan va bu boshqa mamlakatlar bilan ham tuziladigan odatiy bitim ekanini qayd etgan.

G‘arb mamlakatlari Xitoyni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmon aholi haq-huquqlarini buzishda ayblamoqda. AQSh davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda.

Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan.

2021 yil dekabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasidan importni taqiqlash haqidagi qonunni imzoladi. H.R. 6256 raqamli qonunda mazkur mintaqa aholisini majburiy mehnatga jalb qilganlarga nisbatan jazo choralari qo‘llash ko‘zda tutilgan.

2020 yilda yili Avstraliya strategik siyosat instituti (The Australian Strategic Policy Institute) ham Xitoy hukumatining bosimi ostida o‘n minglab uyg‘ur hamda boshqa elatlarga mansub musulmonlar qullik sharoitida mehnat qilayotgani haqida hisobot e’lon qilgan edi.

Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring