Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mehnat migratsiyasi tizimidagi muammolar qachon barham topadi?

Mehnat migratsiyasi tizimidagi muammolar qachon barham topadi?

Foto:«Sputnik»

Mehnat migratsiyasi. Ochig‘i, keyingi paytda ushbu masalaga qarash tubdan o‘zgardi. Sohadagi muammolar ochiq-oydin e’tirof ham etildi, uning oldini olish bo‘yicha katta harakatlar boshlandi, olisdagi yaqinlarimiz, vatandoshlarimizning huquqini tiklash borasida choralar ko‘rilmoqda.

Lekin shuncha choralar ko‘rilishiga qaramasdan, hamon katta miqdordagi noqonuniy mehnat migratsiyasi mavjud. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ish topish ilinjida 1 million 630 mingdan ortiq fuqarolarimiz mamlakatni tark etgan. Ulardan bir million nafarga yaqini, aniqrog‘i, 944 328 nafari Rossiya Federatsiyasiga, 626 791 nafari Qozog‘istonga, qolganlari Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga chiqib ketgan. Bu haqda «Xalq so‘zi» saytida ma’lumot berildi.

Tan olish kerak, yurtdoshlarimizni chet elda uyushgan holda ishga joylashtirish ko‘rsatkichlari juda ham past, musofirlik nonini yeb, xorijda ishlab qaytgan fuqarolarni o‘zimizda ish bilan ta’minlash masalasi ham sustligicha qolmoqda.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohada yechimini topmayotgan ana shunday og‘riqli muammolarni bartaraf qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, joriy yilning 1-sentyabridan boshlab, chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarimizning malakalarini, jumladan, kasbiy va xorijiy tillarni bilish ko‘nikmalariga egalik darajasini tasdiqlash vakolatlari beriladi.

«Shu kunga qadar aksariyat hollarda bu yo‘nalishda fuqarolarimizning malakasi tasdiqlanmagan. Shu bois ular chet davlatlarga borib, malaka talab qilmaydigan, dehqonchasiga aytganda «qora» ishlar bilan shug‘ullangan. Endilikda fuqarolarimiz xorijga ishlash uchun boradigan bo‘lsa, ularning malakasini tasdiqlaydigan yangi tartib joriy qilinmoqda», — deydi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Ravshan Ibrohimov.

Yana bir yangilik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma daromadlari davlat budjetidan ajratiladigan 200 milliard so‘m miqdoridagi bir martalik beg‘araz moliyaviy yordam orqali shakllantiriladi.

Bu mablag‘lar xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatish kabi maqsadlarga sarflanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring