Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehnat muhojirlarisiz Rossiyaning holi qanday kechadi?

Mehnat muhojirlarisiz Rossiyaning holi qanday kechadi?

Nazorat organlari, ayniqsa, ichki ishlar xodimlari tomonidan muhojirlarga pora undirish manbai sifatida qarash shakllangan.

Foto: «vestikavkaza.ru»

So‘nggi yillarda Rossiya federatsiyasida mehnat muhojirlariga nisbatan salbiy munosabat kuchayib boryapti. Ularning o‘zlari yashayotgan muhitga moslashmasliklari, mahalliy an’analarni mensimasliklari, og‘ir jinoyatlarga qo‘l urishlari haqida juda ko‘p gapirildi. Albatta, muhojirning o‘zi ishlayotgan davlat qonunlari va an’analarini hurmat qilishi muhim masala, lekin tanganing ikkinchi tomoni ham borki, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Xo‘sh, mehnat muhojirlarisiz, ayniqsa Markaziy Osiyoliklar, xususan hamyurtlarimiz mehnatisiz Rossiya o‘z iqtisodiyotini saqlab tura oladimi?

Mamlakatimizda biror mahalla, qishloq yoki guzar yo‘qki, Rossiyaga ishga jo‘nagan odamlar bo‘lmasa. Hamyurtlarimiz mehnatkashliklari, oziga qanoat qilishi, ortiqcha talablarni qo‘ymasliklari va (nisbatan) ichkilikka oshno emasliklari kabi xislatlari bilan rossiyalik ish beruvchilarning hurmatini qozonishgan. Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Ular orasida yuqoridagi xislatlardan yiroq, kamiga jinoyatni kasb qilib olganlari ham uchraydi. Lekin ular ozchilik, mutlaq ko‘pchiligi oilasini o‘ylab mehnat qiladi, sabrga oshno bo‘lgan.

Ammo so‘nggi yillar statistikasi shuni ko‘rsatyaptiki, Rossiyaga ish izlab borayotgan hamyurtlarimiz, umuman, mehnat migrantlari soni muntazam kamayib bormoqda. Buning bir necha sabablari bor:

1. Mehnat qilishni rasmiylashtirish bo‘yicha hujjatlarning haddan ziyod ko‘p talab qilinishi, bu jarayondagi byurokratiya;

2. Mehnat qilish huquqini beruvchi patentning narxi muntazam ortib borishi va kutilmagan yangi talablarning paydo bo‘lishi;

3. Nazorat organlari, ayniqsa, ichki ishlar xodimlari tomonidan muhojirlarga pora undirish manbai sifatida qarash shakllangani;

4. Muhojirlarni yoqtirmovchi sinf paydo bo‘lgani, “kelgindi” deya kamsituvchi yoshlar ko‘payayotgani;

5. Yuqoridagi muammolar tufayli Rossiyaga muqobil davlatlar qidirilayotgani va topilayotgani, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh kabi davlatlarga boruvchilar soni ortayotgani;

6. Va nihoyat e’tirof etish joiz — o‘z yurtimizda ham yangi va yaxshi haq to‘lanuvchi ish o‘rinlari paydo bo‘layotgani.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yuqoridagi kabi omillarga ko‘ra Rossiyaga keluvchi mehnat migrantlari soni 2017-yil boshidan buyon 27 foizga kamaygan. Ayniqsa, ukrainaliklar o‘zaro sovuq munosabatlar va Yevropa Ittifoqiga yo‘l ochilgani sababli Rossiyadan yuz o‘girishyapti. Ulkan qurilish maydoniga aylangan va mehnatga layoqatli aholisi muntazam kamayib borayotgan bu mamlakat tashqaridan keluvchi ishchi kuchiga juda muhtoj va kelgusida iqtisodning o‘sishi ortidan bu tanglik kuchayib boradi. Uzoq Sharq va Sibir o‘lkalarida mahalliy aholining ommaviy tarzda ko‘chib ketishi, demografik muammolar, davlat tomonidan yangi yirik loyihalar boshlangan bir paytda mehnat muhojiriga katta imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Shunday ekan muhojirlarni “kelgindi” deya kamsitishdan, muntazam turtkilab, pulini shilish payidan bo‘lishdan voz kechib, ularga erkin mehnat qilishlari uchun kerakli sharoitlarni yaratishdan Rossiya Federatsiyasi faqat yutadi.

Abror Zohidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring