Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mehnat vazirligi «Human» xususiy bandlik agentligi litsenziyasini to‘xtatdi

Mehnat vazirligi «Human» xususiy bandlik agentligi litsenziyasini to‘xtatdi

«Human xususiy bandlik agentligi» MChJga O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazirlikka ko‘plab fuqarolar tomonidan norozilik mazmunidagi murojaatlar kelib tushganligi va ushbu murojaatlar o‘rganib chiqilganda fuqarolar «Human xususiy bandlik agentligi» MChJga to‘lagan pullarini qaytarib olish yuzasidan bir qator muammolarga duch kelganligi aniqlandi.

Unga ko‘ra fuqarolar va «Human xususiy bandlik agentligi» MChJ o‘rtasida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan bo‘lib, shartnomada Germaniya va Chexiya davlatlarida 6-8 oy ichida ishga joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Biroq Agentlik o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarini vaqtida bajarmagan. Fuqarolar to‘lov qilingan pullarni qaytarib berilishini talab qilgan bo‘lsa-da, ularga pullar hanuzgacha qaytarib berilmaganligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomining 45 va 46-bandlariga muvofiq, «Human xususiy bandlik agentligi» MChJ litsenziyasining amal qilishi 10 ish kuni muddatiga to‘xtatilganligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

«Human» xususiy bandlik agentligidan shu muddat ichida fuqarolar pulini qaytarish talab etiladi. Aks holda litsenziyani bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi fuqarolarni xususiy bandlik agentliklari bilan shartnoma imzolagan vaqtda e’tiborli bo‘lishga, shartnoma shartlarini to‘liq o‘rganib chiqish lozimligini eslatib o‘tgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring