Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Yuz million dollarlik kartinalarda nima sir bor?

Yuz million dollarlik kartinalarda nima sir bor?

Jan-Mishel Baskiyaning mana shu benom surati 110,5 mln dollarga sotilgan.

Foto: AR

Taajjub

Kulsangiz ham aytay, men san’atni tushunmayman. Tushuna olmasam ham kerak...

Balki yolg‘on gapirayotgandurman, balki oz-moz tushunarman ham. Masalan chiroyli qiz, tabiatning ajoyib manzaralari ishlangan tasviriy san’at asarini tomosha qilishim, go‘zallikdan zavqlanishim mumkin. Lekin baribir kimlardir ko‘kka ko‘taradigan, «Nimadirizmning cho‘qqisi» yoxud «Rassom qalbining mavhum materiyalardagi in’ikosi» singari nomlanadigan suratlarni tushunmayman. Tushuna olmasam ham kerak...

Bu qadar oshkora tan olishimga, tasviriy san’at bilimdonlari oldida o‘ta madaniyatsizdek tuyilishimni bilgan holda bu so‘zlarni yozishga turtki bergan holatlar haqida ozgina so‘zlab bersam.
Bundan 6 yil muqaddam, Sotheby’s kim oshdi savdosida norvegiyalik rassom Edvard Munkning «Qichqiriq» nomli kartinasi 120 million dollarga sotildi. Boshlang‘ich bahosi 80 million dollar bo‘lgan kartina bahosi kimoshdi savdosi boshlanganidan keyin 12 daqiqa ichida 119,9 million dollarga chiqib ketib, amerikalik moliyachi, mashhur kolleksioner Leon Blek tomonidan sotib olindi. Bu tasviriy san’at savdosi olamida rekord natija bo‘lib, Edvard Munkning «Qichqiriq» kartinasi 2010 yilda 106,5 million dollarga sotilgan Pablo Pikassoning «Yalang‘och, yashil barglar va byust» kartinasini ortda qoldirdi...

«Qichqiriq» nomli kartina 120 million dollarga sotilgan.

2017 yilning may oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan, yana Sotheby’s uyushtirgan kim oshdi savdosida bor yo‘g‘i 27 yil yashagan va nashavandlikdan o‘lgan rassom Jan-Mishel Baskiyaning benom surati 110,5 mln dollarga sotildi. Talabgor ko‘pligi uchun bu savdo ham bor yo‘g‘i 10 daqiqa davom etdi va surat boshlang‘ich narxidan ikka karra ortiq bahoda pullandi. 

Endi rekord ko‘rsatgan o‘sha kartinalarni tomosha qilamiz. Qaytarib aytaman, men san’atni tushunmayman. Lekin aynan shu 120 millionlik suratni tahririyatimizga chizgan suratlarini jo‘natib turadigan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham chiza olishiga ishonaman. Yana shunisi aniqki, bu suratni taklif qilishsa 120 ming so‘mga ham sotib olmayman!

Bir necha yillar avval Kazimir Malevich degan rassom haqida o‘qigandim. Uning eng mashhur asari «Qora kvadrat» atalmish surat ekan. Oppoq mato markaziga qora to‘rtburchak chizilgan surat tasviriy san’at olamida juda yuqori baholanar, bahosi o‘nlab million dollarni tashkil etarkan. U namoyish etiladigan ko‘rgazmalar juda gavjum bo‘larkan. (Menimcha odamlar «bu Qora kvadrat» deganlarida nima sir bor ekan? - deb yopirilib borishsa kerak) Eng qizig‘i, yaqinda e’lon qilingan maqolalarda ma’lum qilinishicha, Malevich «Qora kvadrat»ni o‘z g‘oyasi asosida yaratmagan, balki kimdandir ko‘chirgan ekan. Xullas buyam bir plagiat bo‘lib chiqdi. Keyinchalik Malevichdan ham ko‘chirganlar va o‘z «Qora kvadrat»ini yaratgan rassomlar bo‘lgan. 

Qiziq, nima o‘g‘irlangan, nima ko‘chirilgan ekan?.. 

Bu suratni (aslini emas albatta) tomosha qilganimda, yillar o‘tib uning mohiyatini anglab yetarman, deb o‘ylardim. Lekin yillar mening taajjubimni yanada oshirdilar, xolos. Balki bunday suratlarni talashib sotib oluvchilar singari menda ham milliardlab dollar pullar bo‘lganda ongim o‘zgarib, tushunib ketarman. Bilmadim...

Men san’atni tushunmayman! Lekin o‘sha nashavandning 110,5 million dollarlik nomsiz surati o‘rniga yoki «Qichqiriq» sotilgan 120 million dollarga 150 ming nafar och insonlar kamida bir yil bemalol yeb ichishi, kichikroq bir davlat o‘zining chuchuk suv muammosini bartaraf etishi, yuragidagi nuqson tufayli hayot bilan vidolashish arafasida turgan o‘n mingdan ortiq go‘dak operatsiya ortidan sog‘ayib ketishi mumkinligini tushunaman.

Mayli, ortda qolganlikda ayblab ustimdan kularsiz. Kuladiganlar toifasidan bo‘lsangiz bu suratlarga tikilib yana bir zavqlanib oling. Bo‘lmasangiz, bir ko‘ringu o‘zingiz baho bering.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring