Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mening loyiham ham vaqtingizni, ham naqdingizni tejaydi». Iqtidorlar namoyishi (foto)

«Mening loyiham ham vaqtingizni, ham naqdingizni tejaydi». Iqtidorlar namoyishi (foto)

Foto: TATU matbuot xizmati

Yangilik o‘z nomi bilan yangilik. U axborot texnologiyalaridami, tibbiyotdami, texnikadami, ilm-fandami, ishlab chiqarishda bo‘ladami, shu kun, shu muddatgacha o‘xshashi yo‘qligi, ijtimoiy hayotga qaysidir jihati bilan singib ketishi bilan yangilik.

Bugun biz har soniyada turfa yangilik, yangilanish, taraqqiyot zamonida yashayapmiz. Ayniqsa, bu borada  o‘qib, izlanib, zamon bilan odimlashga harakat qilayotgan yoshlarimizning intilishlarini alohida ta’kidlash joiz.

Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tashkil etilgan «Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar» ko‘rgazmasi ham innovatsion iqtidor egalarining namoyishiga aylandi.

Ko‘rgazmani ochib bergan universitet rektori To‘lqin Teshaboyev bu tadbir ilmiy ishlar, loyihalar namoyishi bo‘libgina qolmay ushbu yangiliklarning qanchalik hayotiyligini ko‘rsatish, qiyolash barobarida iqtidorli talabalarni erkin faoliyatga yo‘naltirish, ularning innovatsion loyiha va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash qaratilganini alohida ta’kidladi. Ko‘rgazmada talabalar, maktab o‘quvchilari, o‘quv markazida ta’lim oluvchi yoshlarning 100 dan ortiq ishlanmalar taqdim etildi.

 – Bugungi ko‘rgazmada o‘zimizning «halqa» – maktab, kollej-litsey hamda dasturlash sohasidagi oliygohlarda ta’lim oluvchi yoshlar uchun mo‘ljallangan loyihamiz bilan qatnashmoqdamiz, – deydi TATUning 3-bosqich talabasi Jasur Nurboyev. – Bu bizning jamoaviy ishimiz bo‘lib, dasturlashni o‘rganuvchilar uchun masofadan ta’lim olish, darslarni bepul va qulay tarzda o‘rganishda juda qo‘l keladi. Ayniqsa, bu loyiha yordamida yosh dasturchilar sodda va ilg‘or texnologiyalar yordamida interaktiv darslar jarayonini avtomatlashtirilgan holda onlayn tarzda foydalanishlari mumkin. Endilikda loyihani faqatgina dasturlashda emas, balki  abiturent yoshlar uchun eng zaruriy fanlar bo‘yicha bilimlarni qisqa va lo‘nda, sodda shaklda tashkillashtirishni rejalashtiryapmiz.

Mening loyiham ham vaqtingizni, ham naqdingizni tejaydi, – deya gap boshladi TATUning 3-bosqich talabasi Nurdiyor Bo‘ronov. – Bu asosan avtoulovi yo‘q yo‘lovchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, 100 metr radiusdagi yo‘li bir yo‘lovchilar o‘zaro aloqa bog‘lab, kelishib, taksi to‘lovini kishi boshiga taqsimlagan holda istalgan manzilga arzon va tez yetib olishlari mumkin. Ayni kunlarda loyiha test rejimida ishlayapti. Yaqin ikki-uch oyda «Play market»ga joylashtiramiz.  

Ko‘rgazmaning eng yosh ishtirokchilaridan biri poytaxtimizdagi 8-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abduholiq Azimovning «Aqlli simyog‘och»lari ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.  

Abduholiq ustozi Rustam aka yordami bilan oddiy yelim mashinani bemalol telefonda yoki pultda boshqariladigan ko‘rinishga keltirgan. Ko‘rgazma maydonida balonlari g‘izillab aylanib yurgan mashinani tayyor sotib olgan bo‘lsa kerak deysiz. Yana bir jihati shundaki, Abduholiqning mashinasi o‘zi yasagan yo‘ldagi fotorezistorlar yordamida boshqariladigan «Aqlli simyog‘och»larga yaqinlashishi bilan simyog‘ochlardagi chiroqlar yonar ekan. Buni qanday uddalading, degan savolga u shunday javob qildi: «Men texnikaga qiziqaman. Keyin biror narsa yasamoqchi bo‘lsam, albatta, birinchi navbatda tejamkorlikni, keltiradigan foydani o‘ylayman. «Aqlli simyog‘och»ning aqlliligi nimada: mashina yoki yo‘lovchi ma’lum masofaga yetib kelganda yonib, uning yo‘lini yoritishi va keyin yana o‘chishida. Bunda elektr tejaladi».

Abduholiqning so‘zlarini tinglaganlarning ko‘pchiligi bu bolakayning nafaqat «Aqlli simyog‘och»lari, balki uning ilmga, yangilikka ishtiyoqi kelajakda uning hayotini charog‘on etishiga ishonishdi. Aslida bunday tadbirlarning asl mohiyati ham shunda.

Ko‘rgazma  doirasida «Eng yaxshi mustaqil ish», «Eng yaxshi ijodiy yondashuv», «Eng yaxshi innavotson g‘oya», «Innavotson ta’lim» yo‘nalishlarida ko‘rgazma ishtirokchilarining tanlovlari tashkil etildi.

«IT-park» direktori maslahatchisi Govindasvami Partasartining «Startup loyihalarida muvaffaqiyatga erishish» nomli taqdimoti soha vakillarining qiziqishga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, «Kibersport» yo‘nalishida iqtidorli talabalar o‘rtasida  musobaqa tashkil etildi.

Yarmarka yakunida tanlov g‘oliblari diplom va estalik sovg‘lari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, eng yaxshi ishlanmalar egalari iyul oyida Berlinga (Germaniya) malaka oshirish o‘quv-kurslariga yuborilishi rejalashtirilgan.    

Gulnoza Turg‘unboyeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring