Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Messi «Chelsi»ga qarshi o‘yinlardagi «qora an’ana»sini yo‘qqa chiqardi (video)

Messi «Chelsi»ga qarshi o‘yinlardagi «qora an’ana»sini yo‘qqa chiqardi (video)

Foto: «twitter.com»

Yevropa chempionlar ligasining nimchorak final bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan «Chelsi» va «Barselona» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni londonliklar ustozi Antonio Konte shaxmat bahsiga aylantirib yubordi.

U asosiy e’tiborni maydonda futbolchilarining zich joylashuviga qaratib, «Barselona»ning pozitsion hujumlarini «o‘ldirish»ga harakat qildi. Bu reja ish berdi ham. Kataloniyaliklar to‘p nazoratini qanchalik maksimal darajada ushlamasin, raqib jarima maydoniga yorib kirishning deyarli imkoni bo‘lmadi. Qolaversa, bunday uslubdan Konte old chiziqda harakatlangan tezkor va texnik jihatdan mohir hujumchilari – Azar, Villian, Pedroning qarshi hujumlar uyushtirishini maqsad qildi. Shunday hujumlarda Villian ikki ajoyib zarbasi bilan darvoza ustunlarini nishonga oldi. To‘p nazoratiga o‘rtacha 30 foiz egalik qilgan «Chelsi» golga ancha yaqin keldi.

Ikkinchi bo‘limda yana shu ssenariy davom etdi. Kataloniyaliklar maydon markazida yaqqol ustunlik qildi. Ammo mezbonlar ishonchli himoyalanish bilan birga, gol urishni ham uddalashdi. Villian uchinchi urinishda o‘z maqsadiga erishdi. Burchak to‘pida braziliyalik yarim himoyachi jarima maydonchasi tashqarisida bo‘sh qoldirildi, u esa to‘pni erkin qabul qilib olib, billiardcha zarbasi bilan hisobni ochdi.

Baribir londonliklar o‘z murabbiyi ko‘rsatmasini to‘liq bajara olmadi. «Barselona»ning bosimi bir vaziyatda maydon egalarining xatocini yuzaga keltirdi. Bu xatodan Inesta va Messi a’lo darajada unumli foydalandi. Leo nihoyat to‘qqizinchi urinishda «Chelsi» darvozasini ishg‘ol qildi va «qora an’ana»ni yo‘qqa chiqardi.

Shu tarzda «Barselona» safardagi golli durang bilan o‘ziga ancha qulay vaziyat hosil qildi. To‘qnashuv taqdiri 14 mart kuni «Kamp Nou»da hal bo‘ladi.

YChL, 1/8 final, dastlabki o‘yin.

«Chelsi» (Angliya) – «Barselona» (Ispaniya) – 1:1 (0:0, 1:1)

Gollar: 1:0 – 62 Villian, 1:1 – 75 Messi.

Chelsi – Kurtua, Aspilikueta, Kristensen, Ryudiger, Mozes, Azar, Villian, Fabregas (Drinkuoter, 84), Kante, Pedro (Morata, 83), Alonso.

Barselona – ter Shtegen, Serdji Roberto, Pike, Umtiti, Alba, Paulino (Aleish Vidal, 63), Rakitich, Buskets, Inesta (Andre Gomesh, 90), Messi, Suares.

Ogohlantirishlar: Rakitich (29), Suares (76), Ryudiger (80), Morata (86), Buskets (90).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring