Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB Jomboy bo‘limi bir «boshog‘riqdan» qutildi

MIB Jomboy bo‘limi bir «boshog‘riqdan» qutildi

Foto: «prokuratura.uz»

Sudyalarga oson emas, bitta qaror chiqarguncha ozmuncha riyozat chekmaydi. Shuningdek, Majburiy ijro byurosi xodimlariga ham havas qilish qiyin. Sudya chiqargan qarorni ijrosini ta’minlaguncha ko‘p holatlarda onasi suti og‘ziga kelishi bor gap. Katta-katta nizolar yuzasidan chiqarilgan sud qarorlarini-ku aytmang, nisbatan «maydaroq» (ta’bir joiz bo‘lsa, albatta) ijro hujjatlari, deylik, aliment undiruv bilan bog‘liq ishlar ham tinkani quritishi mumkin.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) Jomboy tuman bo‘limi xodimlari navbatdagi ijro ishini mamnuniyat bilan kutib olmagani aniq. Nega? Aliment bilan bog‘liq sud hujjati-da. Ya’niki, FIB tumanlararo sudi O‘. Jumanovdan S.Jumanova foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qismi miqdorida (to farzandlari voyaga yetguniga qadar) aliment undirishni belgilabdi.

Tug‘dirishga tug‘dirib, boqishga kelganda o‘zini har tomonga tashlaydigan «dada»lar ozmi? Ularning aksariyatiga yaxshi gap yoqsa, qani?! Pichoq suyakka yetgach, bo‘yniga 15 sutka «ilib», burniga suv kirmaguncha cho‘ntagidan bir miri chiqmaydiganlar bilan ishlash, o‘h, qanday azob-a...

O‘.Jumanov bilan ham shunday «ssenariy» takrorlandimi?

Yo‘g‘-a, unchalikka borilmadi. MIB xodimlari unga nisbatan xorijga chiqish huquqini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilganidan ko‘p o‘tmay masalani uzil-kesil hal qildi. Bir zarb bilan voyaga yetmagan farzandlari uchun 146 mln. so‘m aliment pullarini to‘lab berdiki, shundan keyin nainki MIB xodimlari, balki bolalarining onasidayam savol qolmadi.

Masala halmi? Hal. Onada e’tiroz bormi? Yo‘q. Bitta bo‘lsa ham «boshog‘riq ish» kamaydimi? Bo‘lmasa-chi. Har oyda otaning orqasidan «alimentni to‘la» deya chopishdanam ortiq g‘urbat bormi?!

Shu tariqa Jomboy tumani MIB xodimlari tegishli ijro ishini tamomladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring