Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB prokuraturani ham aldaydimi? Yoxud ijrosi «dam yeb» yotgan ijro hujjatlari

MIB prokuraturani ham aldaydimi?  Yoxud ijrosi «dam yeb» yotgan ijro hujjatlari

Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarida amalga oshirilgan ijro ishlariga doir katta-katta raqamlar «baland pardalarda» tilga olinadi, deya yozadi jurnalist Nurullo No‘’monov. Va’da vafosi bilan go‘zal bo‘lganidek, sud qarorining kuchi – ijroda! Bajarilmagan sud hujjatining esa «makulatura»dan farqi yo‘q.

Shu ma’noda MIBchilarning «ishlagan odam maqtanishni ham bilishi kerak», degan zamonaviy aqidaga tayanib, o‘z faoliyatlarini faol targ‘ib qilishini tushunmoq darkor. Biroq hamma ish xatodan xoli bo‘lmaganiday, uddalashning imkoni bo‘lsa-da, ijrochilarning tortmasida sarg‘ayib ketgan sud hujjatlari ham bugun birma-bir qalqib chiqyaptiki, bu qayd etilgan harakat va e’tiroflarga soya solishi turgan gap.

Baliqchi tumanida yashovchi Abduvohid Tursunov duch kelgan muammo ana shulardan biri.

Aslida masala u qadar murakkab emas: Abduvohid Tursunov o‘zi rahbarlik qilayotgan «Habibullo» ko‘p tarmoqli xususiy savdo ishlab chiqarish firmasiga tegishli hududning 267 kvadrat metr qismiga qo‘shnisi A. Murodov o‘zboshimchalik bilan bino-inshootlar qurib olgani bois ularni javobgar hisobidan buzdirish yuzasidan sudda da’vo qo‘zg‘agan. Uzoq tortishuvlardan keyin fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi «qurilmalar buzdirilishi, noqonuniy egallangan yer egasiga qaytarilishi kerak», degan to‘xtamga kelgan. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjati muhokama qilinmasdan, so‘zsiz bajarilishi shart. Ammo mana shu tartib Tursunovga kelganda ijrochining «yodidan ko‘tarilsa»mi? Avvaliga MIBning mazkur yumushga mas’ul xodimi qarorning mohiyatini anglamaganligini ta’kidlab, nizoli yerning kadastr hujjatlarida ko‘rsatilgan qaysi qismidagi qurilmalar buzilishi yuzasidan suddan tushuntirish so‘radi. Byuroning murojaatiga asosan sud 2019-yil 18-aprel kungi ajrimida masalaning ikir-chikirigacha to‘xtalib, ortiqcha savolga hojat qoldirmay tushuntirib berdi. Arzgo‘ydan savol so‘raymiz: «Xo‘p, ijrochi matematik hisob-kitobga zarurat sezib riyozat chekmasin deb, sud holatni ko‘rga hassadek qilib tushuntirib beribdi. MIB mas’uli vazifasini oxiriga yetkazdimi keyin?» «Yo‘q-da, yo‘q… Ijrochi o‘z ishini to‘la-to‘kis ado etganida, hozir sizlarga arz qilgan bo‘larmidim?»

Ma’lum bo‘lishicha, MIB Baliqchi tumani bo‘limi ijrochisi A. Xudoyberdiyev o‘tgan yilning 22-aprel kuni nizoli joyga kelib, nazarda tutilgan binolarning bir qismini majburiy tarzda buzdirib, qolgan qurilmalarni esa qarzdor A. Murodov tomonidan ixtiyoriy tarzda oldirib tashlanishi xususida tushuntirish berib, bu haqda dalolatnoma tuzadi. Taajjubli jihati shuki, dalolatnomada javobgarning imzosi bor-u, da’vogar qo‘l qo‘ymagan. Xullas, vazifa qog‘ozda do‘ndirilgan, amalda esa nihoyasiga yetkazilmagan. Abduvohid Tursunov yarim-yorti ijro ishi yuzasidan MIBning tuman va viloyat rahbariyatiga necha marta murojaat qildi, eh-he… Javoblar bir xil: «hujjat ijrosi o‘zingizning ishtirokingizda to‘liq ta’minlangan…» Bu orada bir emas, ikki bor viloyat prokuraturasining eshigini qoqdi: «Hoy baraka topgurlar, byuro sizlarning qoshingizdagi tashkilot, shu muammoni bir o‘rganib, nazorat qilib beringlar, MIBchilar «ishingizni tugatganmiz», deb baqrayib yolg‘on gapiryapti-ku!»

Mazkur murojaatlar yakunidan anglashilishicha, prokuratura byuro xodimlarining xatti-harakatlari ustidan bildirilgan shikoyatlarni har doim ham atroflicha o‘rganmaydi, chog‘i… Fuqaroning vajlaridan ko‘ra MIB xodimining so‘zlariga ishonishsa kerak-da. Negaki prokuraturadan berilgan javoblarda ham ijro ishi sifatli ado etilgani ta’kidlanadi. Jumladan, viloyat prokurorining o‘rinbosari Baxtiyor Xudoyberdiyev imzosi bilan 2019-yil 18-sentyabr kuni berilgan javob xatida ayni mavzudagi ish to‘liq yakunlanib, ijro varaqasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudiga qaytarilgani qayd etiladi.

Ayni mavzuda suddan olingan ma’lumotnoma esa yuqoridagi javobning aksi: «Ma’zur tutgaylar, ijro ishi yakunlangani haqida qaror va dalolatnomalar bizga kelib tushmagan!» Qay biriga ishonish kerak: sudgami yoki byuro ma’lumotnomasiga asosan javob tayyorlagan prokuraturagami? Yugur-yugurlardan zada bo‘lgan Abduvohid Tursunovning holatini tasavvur qilayotgan bo‘lsangiz kerak? Oxiriga yetkazmagan vazifasini «to‘liq uddaladim» deb hatto prokuraturaning-da «ko‘ziga cho‘p suqadigan» ijrochining ko‘chadan kelgan oddiy fuqaroga munosabatini-chi?

...Bayon etilgan holat andijonlik Dilshod Solijonovning MIB bilan bog‘liq «sarguzashtlari» oldida holva ekan. Salkam to‘rt yil avval Jahongir Tursunov degan yigit «Matiz» avtoulovida Andijon shahrida yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan «Neksiya» bilan to‘qnashib ketadi. Oqibatda har ikki mashinaga kattagina zarar yetadi. «Neksiya» Dilshod Solijonovga tegishli edi. Xullas, yetti yot begonaning aybi bilan avtomobilini o‘z hisobidan 25 million so‘mga ta’mirlatgan Solijonov huquqbuzar Jahongir Tursunovni sudga beradi. Izboskan tumani ma’muriy sudi 2017-yil 6-noyabr kuni jabrlanuvchi foydasiga 25 million 162 ming so‘m undirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Oradan o‘n kun o‘tgach, ijro varaqa Majburiy ijro byurosi Andijon shahri bo‘limiga yuborilgan.

Tartibga ko‘ra, ayni toifadagi hujjatlarni ijro etishda qarzdorga zimmasiga yuklatilgan qarzini ixtiyoriy ravishda to‘lab berishi uchun 15 kun muddat beriladi. Ayni vaqt oralig‘ida undiruv amalga oshirilmasa, ijrochi undiruvchining arizasi yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdorning mamlakat hududidan vaqtincha chetga chiqib ketmasligi uchun unga taqiq qo‘yishi shart. Davlat ijrochisi Mashhur Qodirov esa qarzdor Jahongir Tursunovga vaqtincha taqiq qo‘yish o‘rniga undiruvchini sarson qila boshlagan. Jabrlanuvchi Dilshod Solijonovning «Hoy, baraka topgur, kun bilan oy o‘tyapti, huquqbuzarga nega taqiq qo‘ymayapsan? Ertami-indin chetga chiqib ketsa nima qilamiz?» degan gaplariga quloq solsa qani?! Dilshod Solijonovning kuyunganicha bor ekan: oradan olti oy o‘tar-o‘tmas qarzdorni izlab topishning imkoni qolmadi – yerdayam yo‘q, ko‘kdayam! (Dilshod Solijonov qarzdorni MIB ijrochisining yaqin qadrdoni, shu bois uning qochib ketishiga sharoit yaratib berdi, deb hisoblaydi).

Undiruvchining sakkiz oylik yugur-yugurlaridan keyingina – 2018-yilning 3-avgustiga kelib, ijrochi Mashhur Qodirov qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilish to‘g‘risida hujjat tayyorlab, uni ichki ishlar idoralariga yubordi. Bu vaqtda huquqbuzar yashash joyida ham, ko‘cha-ko‘yda ham qorasini ko‘rsatmay qo‘ygandi.

Davlat ijrosining ayni xatti-harakatlari yuzasidan berilgan savolga MIBning Andijon viloyati boshqarmasidan izoh olindi. Ma’lum bo‘lishicha, Mashhur Qodirovning shu va shunga o‘xshash «qiliqlari» ko‘payib ketgani sabab allaqachon pattasi qo‘liga tutqazilgan ekan. Xulosa shuki, ijrochining ortidan sarson-sargardon yurgan faqatgina Dilshod Solijonov emas. Shunday qilib, Solijonov izlayotgan shaxs qidiruvga berilganiga ham rosa ikki yil bo‘ldi. Bu muddat ichida ijro hujjati MIB Andijon shahar bo‘limi ijrochilarining biridan ikkinchisiga, ikkinchisidan uchinchisiga, qisqasi, hamon qo‘ldan-qo‘lga o‘tyaptiki, natijadan darak yo‘q!

…Endi asosiy gapga kelsak. Garchi MIB tomonidan juda ko‘plab sud qarorlari to‘la-to‘kis ado etilayotgani ta’kidlanayotgan bo‘lsa-da, yuqoridagi ikki holat bu boradagi tiniq tasavvurlarni xira torttirishi turgan gap. Har ikki vaziyatda ham ijrochilarning loqayd, sovuqqon, ishga nisbatan ko‘zbo‘yamachiligi ortidan muammo yuzaga chiqyapti. Sudning qonuniy qarori bajarilmagach esa, fuqaroning davlatga nisbatan ishonchiga putur yetyapti. Birniki – mingga, mingniki – tumanga, degan gap bor-a?

Yaqinda kommunal xizmatlar bilan bog‘liq undiruvlar mazkur tizimdan chiqarilgani barchaga ma’lum. Bu o‘z-o‘zidan byuroning quyi tuzilmasidan to yuqori idoralariga qadar ish ko‘lami ancha yengillatganidan dalolat. Demakki, tizimga ishi tushib, yillar davomida sarg‘ayib yurgan Abduvohid Tursunov hamda Dilshod Solijonov kabi fuqarolarning shikoyatlarini batafsil o‘rganib, yakuniga yetkazish uchun endi mas’ullarda ko‘proq fursat bor. Byurodan norozi bo‘lib turli idoralarga arz bitayotganlar soni esa jamoatchilikdan ko‘ra MIBchilarning o‘zlariga yaxshi ma’lum.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring