Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIBga savol: suv bo‘lsa ham tayammummi?

MIBga savol: suv bo‘lsa ham tayammummi?

Foto: Xabar.uz

Ikki kun burun saytimizda Samarqandda Majburiy ijro byurosining (MIB) ikki nafar xodimi va bir nafar «yugurdagi»ga sud hukmi o‘qilgani haqida maqola berilgandi. Nainki ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar, balki ijtimoiy tarmoqdagi tizimga oid kichkina xabarlarni-da bee’tibor qoldirmaydigan MIB matbuot xizmati mazkur maqolaga munosabat bildirishi ehtimoli yuqori edi.

Shunday bo‘ldi ham, faqat boshqacha shaklda.

Avvaliga qo‘ng‘iroqbozlik boshladi: «...shartmidi shuni chiqarish?», «... maqolani olib tashlashning iloji yo‘qmi?», «matndagi hech-yo‘g‘i «yugurdak» degan joyni qisqartiringlar...». Aytish shart: qo‘ng‘iroqlar MIB markaziy apparatidan bo‘lgani yo‘q. Ammo kim(lar) sim qoqmasin, qo‘ng‘iroqning quvvati qayerga borib taqalishini ilg‘ash qiyin emasdiki, bu hayratimizga hayrat qo‘shdi deng.

Birinchidan, maqolada favqulodda voqelik qalamga olinmagan, samarqandlik ikki MIBchi va uning «yugurdagi» jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida bir-ikki og‘iz gap aytilgan, xolos. Ularga nisbatan chiqarilgan sud hukmi ham qonuniy kuchida turibdi. Shunday ekan, shu-uncha vahima nimasi?!

Ikkinchidan, tushunamiz, manzara chiroyli emas, bunday salbiy holatning OAVdagi aksini tizim xodimlari xursandchilik bilan kutib olmaydi. Shunday ekan, «qo‘ng‘iroq kuchi»ga umid qilib, maqolani saytdan oldirib tashlashga urinish o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqib, ikki og‘iz munosabat bildirishda nima mushkul bor? Axir, «Xabar.uz»ning eshigi boshqalarga qaraganda MIBchilar uchun kattaroq ochiq emasmi?! Tizim xodimlarining faoliyati, o‘tkazgan katta-kichik tadbirlari aynan bizning saytda kengroq yoritilmayaptimi? Ishonmasangiz, saytning «qidiruv» nuqtasiga «MIB» deb yozing: ko‘rasiz, bilasiz va xulosayam qilasiz...

Shunga qaramay «berkinmachoq» o‘yini boshlanib ketganiga nima deysiz? Avval ommabop bir saytda, ko‘p o‘tmay yana bittasida MIBning bizda bosilgan maqolaga munosabati chiqsami?! (MIBning bunday «taktika»si suv bo‘laturib, qumga tayammum qilgan arobiyning qilig‘ini eslatdi, rosti)

Kim qaysi minbardan turib munosabat bildirishida muammo yo‘qku-ya, ammo bitta saytda chiqqan maqolaga boshqasi orqali nuqtai nazar bildirilishi huquqiy tartiblarga ko‘pam to‘g‘ri kelmaydi-da. (Bu xuddiki bitta nashrdan «musht» tushgan joyga boshqasi orqali «sho‘rpaxta» qo‘yishgayam o‘xshayapti!) MIB – huquqni muhofaza qiluvchi organ, bu dargohda qonunni suv qilib ichganlar ishlasa kerak, ularki oddiy tartibni «aylanib o‘tib», qayerda chiqishining farqi yo‘q – muhimi, munosabat bildirgan bo‘lib, shu bilan «vijdonga suv sepishga» urinsa, boshqalarda ne umid?!

Eng qizig‘i, maqolada aybsizlik prezumpsiyasi hamda inson sha’ni va qadr-qadr qimmati hurmatidan kelib chiqib, jinoiy javobgarlikka tortilgan ikki nafar sobiq MIB xodim-yu ularning «yugurdagi» ismi-sharifi o‘zgartirilgandi. Munosabatda buning aksini ko‘rasiz: ularning kimligi, qachondan beri ishlashigacha oshiq-oshkora berilibdi (shu joyida «o-la!» devorishdan tiyildik).  Byuroning «...nojo‘ya xatti-harakat sodir etgan xodimlar bilan aslo murosa qilaolmas»ligi yaxshi, albatta. Bunday murosasizlik sobiq hamkasbning sha’ni va qadr-qimmatidan ko‘pam ustun bo‘lavermasligi kerak baribir.

Munosabatda korrupsiyaga qarshi keskin kurash, uning ildiz otishiga sababchi bo‘layotgan omillarni bartaraf etish borasida Byuro tashkil etilgandan buyon qat’iy kurashib kelinayotgani, boshqarma (MIB Samarqand viloyat boshqarmasi nazarda tutilmoqda – tahr.) tizimdagi 7 nafar xodim tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatlarning 6 tasi ichki xavfsizlikni ta’minlash maxsus tarmoq xodimlarining tashabbuslari asosida fosh etilgani baland pardalarda aytiladi. Yaxshi, gap bo‘lishi mumkinmas.

Dangaliga ko‘chsak, bunaqa baladparvoz bayonotlar ko‘p va xo‘b aytiladi (nafaqat MIB, boshqa idoralar tomonidan ham), biroq gap natijada! MIBni korrupsiyadan xoli organ deb baralla aytish mumkinmi? Xodimlarini xushmuomala, ma’naviy-axloqiy tomondan namuna bo‘lgulik, o‘z ishining ustasi, deb-chi?! 

Rosti, tizim xodimlarining mashaqqatli ishlarini e’tirof etgan holda ular orasida manfaatparastlikka berilgan, «kalla desa, salla oluvchi»lar batamom yo‘q, deyishga til bormaydi. Sohadagi og‘zi polvon rahbarlarning «otashin nutqlari» tez-tez tarmoqlarda yangramoqda, xodimlar (zimmasiga otning kallasidek «kunlik reja» ilib qo‘yilishi natijasida) pandemiyaga qaramay uyma-uy yurib, qarzdorlarning «qonini ichish» holatlari ham uchraydi. Eng dahshatlisi, fuqaroni qiynoqqa solgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan formalilar orasida MIB xodimiyam bor.

Xullas, gapiraman desak, gap ko‘p.

Muxtasar qiladigan bo‘lsak, tizimdagi muammolarni bartaf etishda MIB uchun ommaviy axborot vositalari yaxshi ko‘makchi, aslida. Buning uchun tanqidga toqatli bo‘lib, har bir holatga xolis yondashish talab etiladi, xolos. Sudning qonuniy hukmi asosida yozilgan shapaloqdek maqolaga «sirkasi suv ko‘tarmaslik» qabilida yondashib, saytlararo «bekinmachoq» o‘ynash orqali chin maqsadga erishib bo‘lmaydi.

Aytarimiz shu.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring