Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi – Prezident

Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani xabar qilingandi.

Unda prezident yangi tizim yaratilishini bildirdi.

«Ochiq aytish kerak, bugungi kunda xalq ta’limi tizimiga qarashli Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalaridagi tarbiyachilarning 95 foizi ayollar bo‘lib, bolalar ularni «ona» deb chaqirishadi.

Lekin, «ota» tarbiyasi-chi? Bu yerdagi farzandlarimizni oilaga imkon qadar yaqin muhitda tarbiyalashimiz uchun, albatta, «ota» va «ona» mehrini bera oladigan tizim yaratishimiz kerak.

Tuman va shahar hokimlari hamda sektor rahbarlari bolalarni homiylik, vasiylik va oila patronatiga berish ishlariga umuman e’tiborsiz.

Shu bois, sohada mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi.

Birinchidan, 16 ta Mehribonlik uylari va 4 ta Bolalar shaharchalari Xalq ta’limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Milliy gvardiyaga o‘tkaziladi.

Buning uchun, Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, boshqarma tashkil etiladi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni ikki hafta muddatda har bir Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalariga shaxsan o‘zi borib, ularga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofitser va psixologlarini biriktiradi, logoped va defektologlarni ishga oladi. Ikki oy muddatda biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlarini bolalar bilan ishlashga o‘qitadi.

Shuningdek, «Mehribonlik uylari»dagi bolalarga tarbiya berish, ularni fan, IT, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, sport bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi metodikalarni ishlab chiqadi», dedi davlat rahbari.

Prezidentnging ishonch bildirishicha, bu tizim orqali, kelgusida ushbu o‘g‘il-qizlar orasidan «Temurbeklar maktablari» o‘quvchilari va Jamoat xavfsizligi universiteti tinglovchilari,  Vatanimizning chinakam posbonlari yetishib chiqadi.

Shuningdek, yig‘ilishda, Oliy ta’lim vazirligi, Turizm va sport vazirligi viloyat hokimlari bilan birga, bir hafta muddatda har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga 2 tadan oliygoh va sport maktablarini biriktirishi uqtirildi.

Jumladan, Yunusobod tumanidagi 21-son «Mehribonlik uyi»ga Axborot texnologiyalari universiteti va Moliya instituti, Chilonzordagi 22-son «Mehribonlik uyi»ga Jahon tillari universiteti va Toshkent pedagogika universiteti biriktiriladi.

«Birgina misol, Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyida Inha universiteti bilan yangi tizim yaratgan.

Shu bois, biriktirilgan rektorlar Mehribonlik uylariga tarbiyachilar tayyorlash, kutubxona fondini boyitish, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga o‘rgatish va ularni kelgusida oliygohlarga kirishiga ko‘maklashish muhitini shakllantirishga, teatr va konsertlar tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘ladilar», ta’kidladi davlat rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring