Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mish-mishlar tagida haqiqat yotibdi...

Mish-mishlar tagida haqiqat yotibdi...

Illyustrativ surat

Ota-bobolarimizdan olgan tarbiyamiz shunaqa, mish-mish tarqatish yaxshi fazilat emas, bu gunoh deya tushuntirishgan. Ammo, bu «mish-mish» degani shu kunlarda bir dumalab haqiqatga aylanayotganidan hayratlanasan kishi. Demak, g‘iybat deb tushunganimizning asl mohiyati haqiqatga asoslangan ekan-da. Ayniqsa, tamagirlik illatida. «Falonchi shunday ishlashga odatlanib qolgan. Imi-jimida ko‘rsatgan himmati uchun pora talab qilmasa turolmaydi» degan g‘iybat ikki kunda rostga aylanayotganidan yoqa ushlaysiz-da... Ommaga esa «pora bilan ushlanibdi», degan xabar tarqalib, kamiga ijtimoiy tarmoqlarining eng o‘qishli sahifasiga aylanayotgani bejizga emas.

Shunday mish-mishlar keyingi paytlarda fuqarolik holati dalolatnomalari yozish bo‘limlari, xalq ta’biri bilan aytganda, ZAGS idoralarining ayrim mudiralari pok nomiga dog‘ tushirayotganidan afsusdamiz. Ammo, el og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Bu g‘iybatlarning haqiqatga aylanishidan cho‘chib, aholiga ayrim xizmatlarni ko‘rsatishda undiriladigan mablag‘lar miqdorini fosh etmoqchi bo‘ldik. Zora, bu fuqaro degani o‘z huquqini bilib, xizmati uchun ortiqcha pul talab qilgan mutasaddini insofga chaqirib, uyaltirsa qanchadan-qancha noxush vaziyatlarning oldini olgan bo‘lardik.

Unda chorlovni ham boshqacha qilamiz

Odamlar-u odamlar! Eshitmadim demanglar. Eshitganlar esa FHDYo bo‘limlarida bugungi kunda nikoh, tug‘ilganlik, ajralishni qayd etish xizmatlariga quyidagicha to‘lovlar to‘lash qonuniy deb belgilanganligini unutmang-l-a-r!

Tug‘ilganlikni qayd etish xizmati uchun undiriladigan  to‘lov, ya’ni gerb yig‘imi bor-yo‘g‘i  30 ming 409 so‘m 50 tiyinni tashkil etadi. Bu xizmat turiga davlat boji hamda pullik xizmat undirilmaydi. Tug‘ilganlik haqidagi takroriy guvohnoma olganlik uchun 30 409,50 so‘m gerb yig‘imi, 30 409,50 so‘m davlat boji va FHDYo organlari tomonidan jismoniy shaxslarga pullik xizmati ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, ariza to‘ldirishda yordam berilsa 4 054,6 so‘m miqdorida mablag‘ undiriladi.

Nikoh tuzilganligini qayd etishda 30 409,50 so‘m gerb yig‘imi uchun, 40 546 so‘m  davlat boji uchun to‘lanadi. FHDYo organlari tomonidan jismoniy shaxslarga pullik xizmati ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, ariza to‘ldirishda yordam berilsa 4 054,6 so‘m, sayyor ravishda nikohni tantanali qayd etganlik uchun 202 730  so‘m miqdorida to‘lovlar  amalga oshiriladi. Nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma olganlik uchun 30 409,50 so‘m gerb yig‘imi,  30 409,50 so‘m davlat boji va FHDYo organlarining pullik xizmati ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizomiga muvofiq, ariza to‘ldirishda yordam berilsa 4 054,6 so‘m pullik xizmat undiriladi.

Nikohdan ajratishni qayd etishda gerb yig‘imi uchun  30 409,50 so‘m, davlat boji esa sud qaroriga asosan undiriladi. Tizimning pullik xizmati ko‘rsatish nizomiga muvofiq, ariza to‘ldirishda yordam berilsa, 4 054,6 so‘m, huquqiy tushuncha berganlik va dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirganlik uchun 20 273 so‘m miqdorida to‘lovlar  amalga oshiriladi.

O‘lim holatini qayd etish esa mutlaqo bepul. O‘lim  holatini qayd etishda takroriy guvohnoma olganlik uchun faqatgina 30 409,50 so‘m gerb yig‘imi undiriladi, xolos. Mabodo sizdan mazkur xizmatlar uchun ortiqcha mablag‘ talab qilinsa, hech  ikkilanmay, mish-mishlarga o‘rin qoldirmaslik uchun Davlat xizmatlari agentligining «1148» ishonch telefoniga zudlik bilan xabar bering.

Atham Yarkulov,
DXA Navoiy viloyat boshqarmasining
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan
davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan
nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring