Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mobil telefon va saraton — bog‘liqlik bormi?

Mobil telefon va saraton — bog‘liqlik bormi?

Foto: «Business-reporter.co.uk»

Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, mobil telefonlar ko‘paygani sayin odamlarda bosh miya o‘simtasining agressiv ko‘rinishi — glioblastoma ko‘p uchrayapti. Tadqiqotchilar bu ikki fakt o‘rtasida bog‘liqlik bormi-yo‘qmi — aniq bir narsa deyishga ikkilanib turishibdi, balki shunchaki tasodifdir…

«Medkafa.com» xabar berishicha, britan olimlari o‘tkazgan so‘nggi o‘rganishlar yana mobil telefonlar xavfsizligi haqida bosh qotirishga undaydi — oxirgi 20 yilda bosh miyada glioblastomalar uchrashi ikki marta ko‘paygan. Aniq sababini hech kim bilmaydi, ammo olimlarda shubha uyg‘otayotgan narsalardan biri aynan mobil telefonlardir. Mazkur tadqiqot «Journal of Environmental and Public Health» nashrida batafsil yoritildi.

Olimlar Buyuk Britaniyada oxirgi 20 yil davomida kuzatilgan 80 mingta miya o‘simtasiga doir holatni chuqur tahlil qilishdi. Agarda 1995 yili glioblastomadan 1250 kishi aziyat chekkan bo‘lsa, 2015 yilga kelib bir yil davomida qariyb 3000 kishida saratonning shu turi aniqlangan.

Yigirma yillar oldin har 100 ming kishidan 2,4 kishida glioblastoma uchragan bo‘lsa, hozir har 100 ming kishidan 5 kishida shu kasallik topilyapti.

O‘simta boshning aynan chakka qismida o‘rnashib qolayotgani tadqiqotchilarning diqqatini tortdi: «Balki mobil va simsiz telefonlardan foydalanish o‘simtani yuzaga keltirayotgandir».

«Tadqiqotlar mobil telefonlarni emas, balki o‘simtalarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Shunga qaramay, telefonlar katta ehtimol bilan ularning paydo bo‘lishi bosh sababchisidek tuyulmoqda», — deydi tadqiqot yetakchi muallifi Alasder Filips.

Filipsning qo‘shimcha qilishicha, glioblastomalar juda kam uchraydi, hatto mobil telefonlar ularning paydo bo‘lishi ehtimolini keltirib chiqarganda ham, xavotirga tushish uchun jiddiy asoslar yo‘q.

«Biz olgan natijalar ushbu tendensiyani keltirib chiqargan mexanizmlarni yanada chuqurroq o‘rganishga undaydi. Xavf omillarini inkor etish, faqat davolanishga e’tibor qaratish noto‘g‘ri» — deydi shu tadqiqotda qatnashgan professor Denis Xenshou.

Mobil telefonlarning miyaga ta’siriga bag‘ishlangan boshqa tadqiqotlar natijalari bir-birini inkor etmoqda. Birida mobil telefon zararsiz deyilsa, boshqasida buning aksi.

«Journal of Environmental and Public Health» jurnalidagi maqolada, nazarimda, o‘simtalar soni o‘sib borishini tasdiqlovchi statistik ma’lumotlar yetarli emas», — ta’kidlaydi Oksford universitetining tibbiyot fizikasi va klinik muhandislik bo‘limi direktori Malkolm Sperrin.

«Maqolada o‘simta bir turining soni o‘sib borayotgani ko‘rsatib berilgan. Ammo o‘sish mobil telefonga bog‘liqligi isbotlab berilmagan. Tadqiqot qamrab olgan yillarda aholining mobil telefonlardan foydalanishi 15 foizdan 95 foizga chiqqan, holbuki, bosh miya o‘simtalari soni bu davrda bunchalik ko‘paymagan. Bu shundan dalolat beradiki, mabodo mobil telefonlar saraton xavfini tug‘dirayotgani rost bo‘lsa ham, bu juda oz miqdorda”, — deydi epidemiolog Lev Shahab.

Tadqiqotchilarning fikricha, glioblastomalar ko‘payishiga insonlar turmush tarzining o‘zgarayotgani ko‘proq sabab bo‘lyapti.

«Ayni paytda mobil telefonlar va bosh miyadagi o‘simtalar o‘rtasidagi bog‘liqlik — faraz, xolos. Biroq saraton xavfni keltirib chiqaruvchi boshqa omillar ham borki, bularga qat’iy rioya qilishimiz kerak. Sog‘lom ovqatlanishga o‘tish, alkogol va tamaki mahsulotlaridan voz kechish kerak», — deyishmoqda tadqiqot mualliflari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring