Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mun Chje In O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashishini aytdi

Mun Chje In O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashishini aytdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingandi.

Uchrashuvda davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar borasida so‘z yuritar ekan, alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tarafdori ekanliklarini ta’kidladilar.

Muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish va parlamentlararo almashinuvlarni faollashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha ikki tomonlama tadbirlar dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Oliy, kasb-hunar va maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniy meros ob’yektlarini raqamlashtirish va restavratsiya qilish sohalaridagi hamkorlikning joriy va istiqbolli dasturlari ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar O‘zbekiston hududlarida Janubiy Koreya yetakchi universitetlarining filiallari va kadrlarni professional tayyorlash bo‘yicha qo‘shma markazlar soni ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek va koreys tillarini o‘qitishni kengaytirishga, shuningdek, koreys diasporasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Iqtisodiy sohada O‘zbekiston va Koreya hukumatlari va idoralari darajasida yo‘lga qo‘yilgan samarali ishlar qayd etildi. Prezidentlar investitsiya loyihalarini ilgari surish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish maqsadida ushbu muloqotlarni davom ettirish topshirig‘ini berdilar.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta’kidlanganidek, joriy yilda janubiy koreyalik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida jami 400 million dollargacha investitsiyalarni o‘zlashtirish kutilmoqda.

Bundan tashqari, yuqori texnologik sohalarda, shu jumladan energetika, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport va logistika, turizm va ko‘plab boshqa tarmoqlarda qiymati jami 3,4 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 55 ta yangi loyiha tayyorlanmoqda.

Ikki tomonlama ustuvor dasturlarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish fondi (EDCF) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan samarali sheriklik olib borilayotgani yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish muhim ekanini ta’kidladilar. Keyingi yillarda tovar ayirboshlashda rekord ko‘rsatkichlarga erishildi.

Eksport-import amaliyotlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni tekislash va ularning nomenklaturasini diversifikatsiya qilish masalalariga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish uchun fitosanitariya xizmatlarining hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu maqsadda tomonlar erkin savdo to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimni imzolash bo‘yicha muzokaralarni boshlaydilar.

Prezident Mun Chje In O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasiga har tomonlama ko‘maklashishini yana bir bor tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring