Muqobil energetika
Yaqinda jurnalist, Xalqaro press klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayevning Xitoy va Koreya safaridan qaytganidan keyin yozilgan postidagi aholi energiya iste’moli haqida yozgan fikrlari feysbuk va ommaviy axborot tizimlarida turli bahslarga sabab bo‘ldi. Gap muqobil energetika va fuqarolarga tegishli qurilishlardagi turli yechimlar oddiy so‘zlar bilan bayon etilgan bo‘lsa-da, masalaning dolzarbligini oshiradi. Keling, bu globallashayotgan muammoni serquyosh yurtimiz misolida tahlil orqali ko‘rib chiqamiz.
Mamlakatimiz hali yetarlicha o‘rganilmagan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ega, ular asosan quyosh va shamol resurslari bo‘lib, toza va barqaror energiyani ta’minlay olish imkoniyati mavjud. O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropadagi eng energik-intensiv mamlakatlar qatoriga kiradi. 2000-yildan 2015 yilgacha elektr energiyasi iste’moli yiliga 46.8 mlrd kVts dan 57.5 mlrd kVtsgacha oshdi. Hisob kitoblar shuni ko‘rsatadiki, 2020 yilgacha bu ko‘rsatkich 25 foiz ko‘proq, ya’ni 71.8 mlrd kVts ni tashkil qilishi mumkin.
Ayni paytda, O‘zbekistondagi qayta tiklanuvchi energiya resurslarini ko‘rib chiqsak:
• Quyosh energiyasi: 525 dan 760 mlrd. kVt.s gacha
• Shamol energiyasi: 1 trln kVt.s gacha
• Gidroenergetika: 21 mlrd. kVt.s dan oshiq
• Biomassa: 6 mlrd. kub.m.
Qayta tiklanuvchi energetika baribir hali beri o‘z samaradorligini ko‘rsatishi uchun ancha vaqt va mablag‘ni talab etadi.
Hozirda mavjud asosiy muammolarimizni statistik kuzatishlarda ko‘rib chiqsak. O‘zbekistonning YaIM energiya iste’moli sezilarli darajada yuqori. (kilogramm neft ekvivalenti/ AQSh dollarida)
Albatta, o‘z-o‘zidan nega bu ko‘rsatkich yuqori degan savol tug‘iladi. Respublikamizda energiya YaIM iste’moli yuqoriligining turli sabablari mavjud bo‘lib, asosiy sabablaridan biri, sanoat tarmoqlari korxonalarida jismoniy eskirgan texnologiyalarning haligacha ishlatib kelinishi deyish mumkin. Bu esa boshlang‘ich manbadan kelayotgan 60 foiz energiyaning yetkazuvchi va tarqatish tizimlarida yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, fakel (mash’al) qurilmalaridagi gazni yoqish ham katta miqdorda pulni osmonga sovurish degani. Masalan, 2011 yili mash’al uskunalaridagi gaz yonishidan ko‘rilgan zarar miqdori 500 million AQSh dolllarini tashkil qilgan. «Bu miqdordagi pulga O‘zbekistondagi 1,5 million xonadonning tomiga quyoshdan quvvatlanuvchi vakumli suv isitish moslamasini yoki 1 milliondan oshiq xonadon tomiga quyosh panellari tizimini o‘rnatish mumkin.»
Yaqin tarixdagi raqamlardan taajubga tushib, mavzudan ozroq chiqdim, hozirda bu mash’alalardagi gazni yoqish kamaytirib borilayapti. Zamonaviy texnologiyalarda elektr energiyasi samaradorligi juda yuqori. Agar energiya samaradorligi uchun 1 dollar sarflansa, O‘zbekiston energiya ishlab chiqarish uchun 2 dollar pulni tejagan bo‘ladi. Yuqoridagi davlatlar statistikadan ko‘rish mumkinki, rivojlangan davlatlarda bu amaliyot yarim asrdan beri qo‘llanib kelinmoqda. Albatta, bu sarf-xarajatni tashkil qilsa-da, mavjud muammoning bir qismi bartaraf etilgan bo‘lardi. Bu tendensiyani kamaytirish uchun, chora-tadbirlar ishlab chiqilib, joriy qilinish boshlangan, ulardan 2016 yil 22 dekabrdagi PQ-2692-son, va 2017 yil 26 maydagi PQ-3012-sonli Prezident qarorlarini keltirish mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2017—2020-yillardagi rivojlanish harakatlar strategiyasining beshta prioritetga ega yo‘nalishlarida ko‘rsatib ham o‘tilgan:
- Qayta tiklanuvchi energiyalar manbalarini ishlatishni kengaytirish;
- Energiya tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarishni keng joriy qilish;
- Energiya va resurs iste’molini kamaytirish.
Asosiy maqsad esa har yili bu tendensiyani o‘rtacha 7 foizdan kamaytirib borish. Qayta tiklanuvchi energiyada esa 2025 yilgacha gidroenergetika ulushini 2017 yilgi 12,7 foiz dan 15,8 foizgacha oshirish, quyosh energiyasini 2,3 foizga, shamol energetikasini esa 1,6 foiz oshirishdan iborat. Xulosa chiqadiki, kelajakda tejamkorlik asosiy o‘ringa qo‘yiladi. Demak, buning uchun o‘zimizdagi mavjud sharoitlarni o‘rganish va shu sohaga kadrlarni yo‘naltirish masalasi ko‘tariladi.
Bugungi kundagi turli mahalliy ishlab chiqarish korxonalari tomonidan taklif qilinayotgan mahsulotlar imkoniyatlarini ko‘rib chiqsak: Muqobil quyosh nuri suv isitish tizimlari: issiq suv va isitish tizimlariga xarajatni 70 foizgacha tejash imkonini beradi, 15-25 yilgacha ishlab berishi mumkin, avtonom tarzda ishlayveradi, xavfsiz, o‘z narxini 2-3 yilda ketgan xarajatini chiqara oladi.
Quyosh panellariga kelsak, ularni ishlab chiqaruvchi korxonalarning har biri buyurtmalarni alohida qabul qiladi. Buyurtmalar orasida 1.5 va 2 kVt quvvatdagi panellarga talab katta. Bular uy chiroqlari, televizor va kompyuterning to‘xtovsiz ishlashini ta’minlay oladi. Masalan, xonadondagi chiroqlar, kompyuter, televizor, muzlatgich va konditsionerni ta’minlay oladigan 3 kVt panellar ham mavjud va ularga 15 yilga kafolat beriladi (ishlash davomiyligi 30 yildan ortiq). O‘z ehtiyojlaringizga qarab ularni tanlashingiz mumkin. Ammo har bir korxonaning o‘z narx siyosati bor va hozirda bunday uskunalar birmuncha qimmat.
Bunday quyosh uskunalarini o‘rnatishda hech qanday ruxsatnoma kerak emas. O‘zbekiston iqlimi sharoitlarini hisobga olsak, bulutli kunlarda ham ishlay oladi.
Biroq, uyingizni mutlaqo to‘liq bu tizim bilan ta’minlash arzonga tushmaydi. Rivojlangan davlatlar uchun ham bu muammo begona emas. Misol uchun, AQShning Kaliforniya shtatida paydo bo‘lganiga o‘n yildan oshgan SolarCity energetika kompaniyasi bu tizimlarni aoliga sotish emas, balki lizingga berish orqali yechim topgan ekan. Hozirga kelib, SolarCity 300 000 dan ziyod uylarga xizmat ko‘rsatadi, uning qurilmalarini 10 yildan 20 yilgacha kredit, lizing orqali to‘lab borish mumkin.
Umid qilamizki, yaqin kelajakda bu sohaga qiziqish ortib, yangi o‘zgarishlar bo‘lib, aholining turli qatlamlari uchun mos keladigan sharoitlar yaratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter