Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda «Hadislar bilimdoni» tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi

Namanganda «Hadislar bilimdoni» tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi

Фото: «Xabar.uz»

Namangan shahridagi «Hidoya» o‘rta maxsus islom bilim yurtida «Hadisi sharif bilimdoni» respublika tanlovining Namangan viloyati bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018-yil 19-apreldagi buyrug‘iga asosan ko‘tarinki ruhda va shaffoflik asosida tashkil etilgan mazkur tanlovdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad — islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, insonlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan hadislarni yoshlarning barcha qatlamlarida keng targ‘ib qilishdan iborat.

— Birinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur tanlov diniy ta’lim muassasalari talabalari, yosh imom-xatiblar hamda hadis ilmiga qiziqqan yoshlarning bu boradagi bilimlarini rivojlantirish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi muhaddislar yetishib chiqishi uchun zamin yaratish; yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, yoshlarda hadis ilmiga qiziqishni oshirish, hadis bilimdonlarini tayyorlash hamda yurtimizning buyuk muhaddis allomalari qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, uni keng ko‘lamda targ‘ib qilishga xizmat qiladi, — deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyatidagi vakili o‘rinbosari, tanlov hay’ati raisi Obidxon Ikromov.

Ta’kidlash joiz, Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan yurtimizda fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida e’tirofga molik xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini tatbiq etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar jahon hamjamiyatining yuksak bahosiga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, 2017-yil 19-sentyabrda o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida Shavkat Mirziyoyev ushbu nufuzli tashkilotning yuksak minbaridan turib, ilk marotaba buyuk alloma Imom Buxoriyning nomini zikr qildi.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro markazi tashkil etildi. Buxorodagi «Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurtiga oliy madrasa maqomi berildi. Fuqarolarimizning Haj va Umra ziyoratlariga borishlari uchun imkoniyatlarning yanada kengaytirilishi, nomzodlarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida tanlash tizimi tubdan isloh qilinishi yurtdoshlarimiz tomonidan mamnuniyat ila kutib olindi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi asosida o‘tkazilgan, elimizga nur, qalblarimizga huzur olib kelgan «O‘zbekiston Qur’on musobaqasi»ning shahar, tuman, viloyat va respublika bosqichlari ko‘tarinki ruhda tashkil etildiki, bu o‘z navbatida, odamlarni ezgu maqsadlar, solih amallar sari boshladi, ona vatanimizga va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga undadi.

«Hadisi sharif bilimdoni» tanlovining viloyat bosqichida «Hidoya» o‘rta maxsus islom bilim yurtida tahsil olayotgan talabalar, yosh imomlar hamda hadis ilmiga qiziqqan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 75 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi.

Musobaqa nizomiga muvofiq, ishtirokchilar Imom Buxoriyning «Al-Adab Al-Mufrad» asaridagi hadislardan ikki yuztasi asosida baholandi. Tanlovning ilk shartida ilm toliblari Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini yoritishga intildilar. Keyingi shartda esa berilgan hadisni sharhlab berishdi, shuningdek hadisni tarjima qilish va unga doir hukmlar bayon qilindi. Musobaqaning yakuniy shartida qatnashchilar bittadan hadisning arab tilidagi matnini roviylari bilan yoddan aytib berdilar.

Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, g‘oliblar saralandi:

Erkaklar o‘rtasida:

1) Mirkamol Mahkamov.

2) Saidasrorxon Naqibxonov.

3) Muhammad Botirov.

Ayollar o‘rtasida:

1) Malikaxon Mirzayeva.

2) Habibaxon Usmonova.

3) Zulfiya Ma’rufxo‘jayeva.

Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Birinchi o‘rinlar sohiblari tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.

Oqilxon Dadaboyev,

jurnalist

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring