Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Namunali harbiylar oilasi aniqlandi (video)

Namunali harbiylar oilasi aniqlandi  (video)

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Vatan tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, oila madaniyati va odobini shakllantirish, oilalarning ibratli jihatlarini yuzaga chiqarish, ushbu dargohda kamol topayotgan farzandlar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, san’atga va madaniy ishlarga havas uyg‘otish maqsadida har yili Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida an’anaviy ravishda «Namunali harbiylar oilasi» ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazida mazkur ko‘rik-tanlovning yakunlovchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda  ko‘rik-tanlovning harbiy okrug va unga teng bo‘lgan birlashmalar hamda oliy harbiy ta’lim muassasalari miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etdi.

Tanlov ishtirokchilarining har bir chiqishini O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ekspert maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhamedova boshchiligidagi hakamlar hay’ati baholadi.

Ko‘rik-tanlov uch bosqichdan iborat bo‘lib, harbiy oilalar «Mustahkam oila – jamiyat tayanchi» nomli birinchi shart qoidalariga asosan milliy raqs, she’r, qo‘shiq va ijrochilik san’ati orqali o‘zlarini tanishtirdi.

Keyingi shartda harbiy xizmatchilar oilalari «Insonga naf keltirish – oliy baxt» mavzusidagi sahna ko‘rinishi orqali bugungi jamiyatda uchrab turgan ichkilikbozlik, erta turmush qurishning salbiy oqibatlari, «ommaviy madaniyat»ning oila va farzandlar tarbiyasiga ta’siri hamda kelib chiqishi va ayanchli oqibatlarini ko‘rsatishga intilishdi. So‘nggi shartda esa oila sohiblarining ijodkorlik san’ati namoyish etildi. Ular tomonidan yasalgan bir-biridan chiroyli guldastalar she’riy tarzda oila bekalariga taqdim qilindi. Tanlovda jami yetti nafar harbiy xizmatchilar oilasi ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, serjant Farhodjon Hudoyqulovning oilasi (Toshkent harbiy okrugidan) mutlaq g‘olib deya e’tirof etildi. Ikkinchi o‘rinni kichik serjant Bobomurod Nuratovning oilasi (Sharqiy harbiy okrugidan) egalladi. Uchinchi o‘ringa kapitan Hamidjon Ochildiyev boshchiligidagi oilaga (Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtidan) nasib etdi. G‘oliblarga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, tadbirda faol qatnashgan harbiylar oilalari «Muxlislar mehrini qozongan harbiy oila», «Aktyorlik mahorati rivojlangan harbiy oila», «Eng ahil harbiy oila», «Eng quvnoq va zukko farzandlar oilasi» hamda «Eng ma’rifatparvar oila» kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Tadbir davomida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli ijodiy jamoasi tomonidan konsert dasturi taqdim etildi.

Shuningdek, shu kunlarda Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislarning o‘quv-uslubiy yig‘ini bo‘lib o‘tmoqda.

Unda vazirlik qo‘shinlaridagi mutaxassislar bilan zamonaviy o‘zbek oilasi, uning o‘ziga xos hususiyatlari, oilalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oila mustahkamligini ta’minlashda mahalla institutining o‘rni kabi dolzarb mavzularda seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Yig‘in dasturidan, shuningdek, ishtirokchilarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun O‘zbek Milliy akademik drama teatriga tashrif uyushtirishi o‘rin olgan.

Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring