Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiy shahrida Davlat xizmatlari markazi ochildi

Navoiy shahrida Davlat xizmatlari markazi ochildi

Foto: Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati

An’anaga ko‘ra, har bir yangi ochiladigan Davlat xizmatlari markazida avvalgilardan farqlashi kerak bo‘lgan yangilik joriy etiladi. Faoliyatini boshlagan Navoiy shahar Davlat xizmatlari markazi ham mazkur an’anani davom ettirdi.

Bu yerda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish, tadbirkorlarga boj to‘lovlarini amalga oshirish, fuqarolik biometrik pasportini berish, eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatilishi kutilmoqda. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Foto: Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati

Agar kutilmaganda mobil telefon yoki planshetingiz zaryadi tugab qolsa, uni to‘ldirish imkoni ham yaratildi. Yangi Davlat xizmatlari markazi gadjetlarni zaryadlash uchun maxsus stansiyalar bilan jihozlangan. 

Foto: Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati

Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishi bilanoq uning tarkibiga kiruvchi Markazlarda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish standartlariga yuqori talablar belgilangan. Shu bois, mazkur Markazlar qisqa fursatda o‘zlarini bir tom ostida eng kerakli davlat xizmatlarini qulay va ortiqcha vaqt va pul sarflamasdan olish mumkin bo‘lgan unikal maydoncha sifatida tanitdi. Navoiy shahar DXM mazkur tamoyilning yaqqol misolidir.

Markaz o‘zining noan’anaviy arxitektura yechimi bilan hayratda qoldiradigan 15 ming metr kvadrat maydonli 4 qavatli yangi binoda joylashgan. Yagona oq-feruza uslubidagi dizayn barcha yangi Markazlarning o‘ziga xos belgisiga aylanyapti. Bundan tashqari, quruvchi va arxitektorlar xalq kiradigan joy ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega bo‘lishi lozimligini inobatga olishgan. Shu bois interer yechimi ham xizmat oluvchilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.

Foto: Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati

Zal bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar davlat xizmatini olishingiz uchun qadamma-qadam yo‘naltiradi. Elektron navbat olish uchun infokiosk ishlab turibdi. Talonni olib kutish zalidagi shinam o‘rindiqlarga joylashishingiz mumkin. Monitorlar orqali esa navbatingiz kelgani haqida xabardor qilib, qaysi qabul oynasiga o‘tish kerakligi ko‘rsatiladi.

Yanada qulaylik yaratish maqsadida bu yerda bolalar o‘yingohi, davlat bojini to‘lash uchun maxsus kassa va boshqalar ishlab turipti. Tashrif buyuruvchilar bepul WiFi dan foydalanish imkoniga ega.

Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun tegishli aravacha va pandus o‘rnatilgan. Umuman olganda, har bir fuqaroga — alohida e’tibor, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan.

Bu yerda 60 qabul oynalari orqali yuzdan ortiq eng ommabop davlat xizmatlarini olish mumkin.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring