Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nega e’tiqodli odamdan hayiqamiz?

Nega e’tiqodli odamdan hayiqamiz?

Foto: «Xabar.uz»

Odamzod uchun hayotda eng qimmatli narsa nima? Boylikmi? Yo‘q! Hayotga razm solsangiz, boylik baxt kaliti bo‘lolmasligiga ishonch hosil qilasiz. Boylik topgan-u, ammo umr mazmunini topa olmay halak yurgan davlatmandlar qancha atrofimizda…

Mansabmi? Bu ham emas. Amal insonga baxt ato eta olmasligiga ham hayotiy misollar yetarli. Qolaversa, eskilar mansab va amalni bir lahza boshga qo‘nib o‘tadigan baxt qushiga o‘xshatgani ham bejizmas. Obro‘, shon-shuhrat deb atalgan, xayolimizni har dam o‘g‘irlaydigan arzonbaho marralar ham aslida umrimiz mazmunini belgilab bera olmaydi. Unda, inson uchun eng qadrli boylik nima dersiz...

Lev Tolstoyni yaxshi bilasiz. Ha, o‘sha bo‘y baravar kitoblari bilan jahonga tanilgan, «Urush va tinchlik», «Anna Karenina»lari bilan tilga tushgan mutafakkir yozuvchi. Tolstoyning hayoti xuddi asarlari kabi ibratga to‘la. Agar baxt deganlari boylik, izzat va davlat bilan ma’nodosh bo‘lganida edi, Lev Tolstoy o‘zini kurrai zaminning eng saodatmand kishisi deb baralla e’lon qilmog‘i mumkin edi. Badavlat, buning ustiga kimsan aslzoda graf, soyasiga salom beradiganlar son mingta! Yaratgan obro‘-e’tiboru iste’doddan ham qismagan, butun rus jamiyatida aytgani aytgan, degani degan. Ammo hayotdan lazzatlanish uchun shuncha imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay, Lev Tolstoy umri davomida nimadir yetishmayotgani, to‘kis hayotida nedir bir kamchilik borligini his qilib yashadi. O‘sha – hayotini kemtik qilib turgan narsani sarosar qidirdi, tunu kun izladi. Tolstoy bobo eng qadrli deya butun umr qidirgan va alaloqibat topishga muvaffaq bo‘lgan boylik... e’tiqod edi.

Har kuni turfa fe’l-atvor, turli tiynatdagi kishilar bilan muloqotda bo‘lamiz. Shunday insonlar borki, o‘z fikri va qarashiga ega, atrofdagilarni ham ortidan ergashtira oladi. Shamol qayoqdan essa, shu tomonga egilib ketavermaydi, buqalanmundek tovlanmaydi, tuslanmaydi. Bukiladi, ammo sinmaydi! Boshiga qilich kelsa-da, o‘z e’tiqodida sobit turadi. Bunday insonlar ko‘p emas, degan e’tirozingiz o‘rinli. Lekin omadingiz chopib, shunday sobitqadam kishi bilan suhbatlashib qolsangiz, o‘zingizni tetiklashgandek his qilasiz, undan hayotiy quvvat olgandek bo‘lasiz. Bu – inson uchun suvu havodek zarur e’tiqodning kuchi va jozibasi!

Taassufki, besh qo‘l barobar emas. Eng qadrli ma’naviy bisotini ham sotishga tayyor, «qulluq» va «xo‘p bo‘ladi»ni sevimli shior deb bilgan odamlar bilan ham yuzma-yuz so‘zlashishga to‘g‘ri keladi. Ular bilan suhbatlashganda esa ko‘nglingiz g‘ashlanadi. Agar ozroq bo‘sh kelsangiz, ulardagi zararli mikrob yuqishi ham hech gap emas. Bu endi e’tiqodsizlik, subutsizlikning asorati, bemisl kulfati.

Bir ziyoli insonni bilaman. Topgani qora qozonini qaynatishga arang yetadi, ammo shunda ham qo‘li ochiq, saxovatpesha, o‘zi yemasa-da, do‘stlarga ilinadi. Kambag‘al bo‘lsa-da, nafsi va ko‘zi to‘q, birovning haqiga xiyonat qilmaydi, omonatdor. Noma’qul qilmishlar sodir etganda vijdonga «suv cyepish» vositasi bo‘lib qolgan «yashash uchun kurash» qoidasidan kelib chiqcak, u harom yo‘l bilan bo‘lsa-da, muhtojlikka barham berishi kerak. Biroq u pokiza halqumini bulg‘amaydi. O‘zi ehtiyojmand bo‘lsa-da, xohishlar ustidan hukm yurgiza olgan bu mard inson aynan e’tiqoddan kuch olayotir.

E’tiqodni o‘ziga xos taroziga qiyoslash mumkin. Yo‘q, u bizga boylik yoki boshqa moddiy buyumlarni o‘lchab bermaydi. U bizga amalga oshirayotgan ishlarimizning qimmatini baholash, yaxshi va yomon, oq va qora sarhadlarini belgilashda ko‘maklashadi.

E’tiqod – insonni tutib turgan ichki ustun. U bo‘lmasa, odam qulaydi deyavering! E’tiqodsiz kishini yengishdan osoni yo‘q. E’tiqodsiz insonning ko‘ngli o‘g‘ri urgan xonadondek huvillab yotadi va bu dunyoda undan-da notavon, baxti qaroni topib bo‘lmas.

Psixologlar «individ» deb ataydigan odamni hazrati inson maqomiga ko‘taradigan barcha fazilatlar e’tiqod asosiga quriladi. E’tiqod vujudimiz daraxtining ildizi bo‘lsa, ijobiy fazilatlar uning shoxchalari.

E’tiqod insonga aql bovar qilmas kuch beradi. Sizu bizga ramaqijondek tuyulgan e’tiqodli kishi fildek kuchga ega, ammo imon-ishonch ne’matidan mosuvo barzangidan qudratliroq. E’tiqodli insonni qo‘rqitish, do‘q-po‘pisa, majburlov kuchi bilan u ishongan ezgu g‘oyadan qaytarib bo‘lmaydi. Agar e’tiqodliman deb da’vo qilayotgan odam majburlov tufayli undan voz kechsa-chi? Bilingki, unda hali e’tiqod shakllanmagan, ishonch qaror topmagan. Negaki, e’tiqodli odam har qanday holatda ham o‘z qarashlariga sodiq qoladi. Ammo bunday kishilar ayni shu fazilatlari uchun ko‘p ozor chekishlari ham – achchiq haqiqat.

«Yer Quyosh atrofida aylanadi» deya ilmda inqilob yasagan olimlardan biri italiyalik Jordano Bruno edi. Odamzodning tabiati qiziq-da, o‘ziga yoqmagan fikr eshitsa, darrov bo‘g‘gisi keladi, boshqalarning fikriga toqat qilishga jasorati yetmaydi. O‘sha paytda – 1590-yillarda ham «Yer aylanadi» degan fikr asrlar davomida hukmron bo‘lib kelgan daqqi qarashlarga to‘g‘ri kelmas edi.  Shu sababli Jordano Bruno 1592 yilning may oyida shakkoklikda ayblanib, hibsga olinadi. U to‘qqiz yil davomida qamoqxonada ayovsiz qiynoqlar, xo‘rliklar iskanjasida qoladi. Ilmga to‘g‘anoq bo‘lgan bir to‘da ruhoniy niqobidagi shaxslar qat’iyatli olimning irodasini sindirish va qarashlaridan voz kechishga majburlash uchun barcha qiynoqlarni ishga soladilar. Lekin Bruno o‘z e’tiqodiga sodiq qoladi. Jasur donishmand o‘tda kuydirib, qatl etishga hukm qilinadi. Olim gulxanga tashlanadi. O‘shanda ham u «O‘tda yoqmoqlik – inkor etmoqlik emas!» deya o‘z qarashlariga sodiq holda jon taslim qiladi.

Yoki hassos adibimiz Abdulla Qodiriyning jasoratini eslang. Zo‘ravonlikka asoslangan, tanasi qon bilan sug‘orilgan yovuz tuzumning shotirlari uning boshida qilich o‘ynatib turganida ham, ming bir qiynoq usullarini qo‘llaganida ham, jonidan voz kechsa kechdiki, hayotiy a’moli deb bilgan e’tiqodidan voz kechmadi. «Men haqiqat uchun boshi ketsa «ih» deydigan yigitlardan emasman» degan edi qo‘rquv bilmas adib o‘z qarashlarini, millat va yurt erki yo‘lidagi sa’y-harakatlarini oqlar ekan. Qodiriy maslagiga xiyonat qilmadi, e’tiqodiga ters ish tutmadi.

Ijodda ham, e’tiqodda ham Abdulla Qodiriy bo‘lish mushkul, juda ham mushkul. Hamma ham Jordano Bruno kabi e’tiqodga sadoqat ko‘rsata olmaydi. Ammo ulug‘ insonlar ibrati baribir bizlarni ham ezgu ishlarni sabot bilan davom ettirishga undashi tayin.

Uchqundan qo‘rqqan temir bo‘lmaydi, deydi qadimgilar. Keling, biz ham o‘zimizni taftish qilib ko‘raylik. Xo‘sh, to‘g‘ri e’tiqodda yashayapmizmi? Agar ushbu savolga ijobiy javob olsangiz, do‘ppingizni osmonga oting. Qoniqarli javob ololmasangiz, zudlik bilan hayotning asl mazmunini qidirishga kirishing. Aks holda, donishmandlardan biri ogohlantirgan noxush hodisa yuz beradi: ezgu e’tiqodga ko‘ra yashamayotgan bo‘lsangiz, yashayotganingiz kabi e’tiqod qila boshlaysiz!

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring