Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nega ko‘pchilik davlat xizmatchisi bo‘lgisi kelmaydi?

Nega ko‘pchilik davlat xizmatchisi bo‘lgisi kelmaydi?

Foto: «Tengrinews.kz»

Qilayotgan ishingni sevishing kerak, ana shunda mehnat –
hatto eng og‘ir mehnat ham – ijodga aylanadi.
M.Gorkiy

Rostdan ham, nega? Hamma emas, ko‘pchilik nega davlat xizmatchisi bo‘lgisi kelmaydi? Xalq tilida aytganda, «davlatning ishi»da ishlagisi yo‘q? Biron mutaxassislikni egallash uchun yillab oliy o‘quv yurtida o‘qiydi, lekin aynan davlat xizmatchisi bo‘lishni istamaydi. Istagani ham tez orada boshqa hunarga qo‘l uradi. Bugun savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida umuman begona soha mutaxassislari minglab topiladi (balki o‘n minglab). Bunga sabab rejimsiz ish, qog‘ozbozlik, doimiy bosim, rag‘batning mavjud emasligi va hokazolarmi?

Prezidentimiz o‘tgan bir yil davomidagi har bir chiqishida boshqacha ishlash payti kelganini ta’kidlamoqda. «Boshqacha ishlash» deganda nimani tushunish kerak? Oldin qanaqa ish tartibi bo‘lgan?

Misol uchun, bir yigit Toshkent davlat pedagogika universitetini bitirdi va o‘z viloyatiga ishga ketdi. Poytaxtda o‘qigan zamonaviy yigit kuchga to‘lib-toshgan, o‘z tumaniga borib nimalarga qodirligini ko‘rsatishni istaydi. Yaqinlarining umidini, ishonchini oqlashni orzu qiladi. Uni Toshkentda o‘qitish ota-onasi uchun oson bo‘lmaganini yaxshi tushunadi. Deylik, u tuman xalq ta’limi bo‘limiga yoki tuman hokimligiga mutaxassis bo‘lib ishga kirdi. Ta’lim jarayonida o‘rgangan bilimini hayotga tatbiq etishni, shu paytgacha bo‘lgan ish uslubiga yangilik kiritishni, innovatsion o‘zgarishlarni amalga oshirishni reja qiladi. O‘zidayam anchagina g‘oya bor. Jamoa ham yosh mutaxassisni iliqlik bilan qarshi oladi.

Nima deb o‘ylaysiz, bu ertak qachon o‘z yakuniga yetadi? Birinchi oydanoq! U paxtaga boradi, g‘allaga boradi, kredit olganlarni quvadi, huda-behuda topshiriqlarni bajaradiki, aslo o‘z ishiga qo‘li tegmaydi. Zimmasidagi vazifa shundayligicha qoladi. Ba’zida haftalab ish joyida bo‘lmaydi. Bo‘lgan paytdayam almisoqdan qolgan kompyuter (bu yerda asosan «tajribali», «eski kadrlar» «pasyans»u «pauk» o‘ynab o‘tirishadi, yangi o‘yinlarniyam bilmaydi hatto...), ishlab-ishlamay qoladigan internet, og‘zidan bodi kirib shodi chiqadigan rahbar, ziyofatdan boshi chiqmaydigan hamkasblar...

Insof bilan ayting, inson qachon sidqidildan ishlashni to‘xtatadi? Unutmang, yangi kadrlar kam maoshga ham, tunu kun ishlashga ham tayyor. Qadimdan usta bo‘lish uchun odamlar 7 yil shogird tushgan, mashaqqatlarga chidagan. Yangi kadr ham chidaydi, o‘zi endi 4 yillik o‘qishni bitirib kelgan bo‘lsa. Yo‘q, bizning qahramon bir oydayoq charchaydi. Chunki unda motivatsiya yo‘qoldi. G‘oyalarini amalga oshirishiga ko‘zi yetmaydi. Bu sohada o‘z kelajagini ko‘rmaydi. O‘zi orzu qilmagan hayot qachon tugashiyu, qachon o‘zi istagan ishida maza qilib ishlashini bilmaydi. Balki bir umr oddiy mutaxassis bo‘lib, dalama-dala yurib o‘tib ketar...

Agar xodimda motivatsiya bo‘lmasa, rag‘bat bo‘lmasa, u nega jonini jabborga berib ishlashi kerak?! Oilasiga vaqt ajratolmay, ota-onasining xizmatini qilolmay, pensiyaga bir kasallikni bo‘yniga olib chiqishi kerak? Olgan maoshi o‘zi aytib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa...

Prezidentimiz aytgan «boshqacha ishlash» tartibi bundan farq qiladi. Buning uchun avvalambor, eskicha qarashdagi rahbarlarni tarbiyalash kerak.

Doimiy bosim, tartibsiz ish vaqtiga, bir to‘da maqsadsiz xodimlar jamoasi paydo bo‘lishiga kim sababchi bo‘ladi? Shu haqida hech o‘ylaganmisiz?

To‘g‘ri topdingiz, RAHBAR!

Ishyoqmas, tanbal, ayyor, laganbardor, ura-urachi, korrupsiyaga botgan, och qornim tinch qulog‘im deb o‘tiradigan rahbarlarning davri o‘tdi. Katta yig‘ilishlarda e’tiborga tushib qolmay deb biqinib o‘tiradigan, o‘zidan ulug‘ rahbarning oldida qo‘zichoqday beg‘ubor bo‘lib, o‘z xodimlariga bo‘riligini ko‘rsatadigan rahbarlar endi hech kimga kerak emas.

Endi davlat idoralarida yosh kadrlarning g‘oyasiga quloq tutadigan, ularning ishlashi uchun imkon beradigan, ishxonada sog‘lom muhitni shakllantira oladigan rahbarlar kerak! Xodimlarga motivatsiya bera olmasa, ular haqida qayg‘urmasa, bunday rahbarning boridan yo‘g‘i yaxshi.

Mavzu davom etadi...

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring