Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nohaq qamalib, so‘ng oqlangan tadbirkorning yirik loyihasi hukumat rahbari e’tiborini tortdi

Nohaq qamalib, so‘ng oqlangan tadbirkorning yirik loyihasi hukumat rahbari e’tiborini tortdi

Foto: «O‘zA»

To‘raqo‘rg‘onlik tadbirkor Jobirxon Kamoliddinov bundan bir yil avval nohaq qamalgandi. Yaqinda Prezidentimiz qaroriga asosan oqlanib, jazodan ozod etildi. Ishbilarmon tomonidan taklif etilayotgan loyiha hukumat rahbarining e’tiborini tortdi. Bu haqda «O‘zA»da jurnalist Oqilxon Dadaboyevning maqolasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Prezidentimizning joriy yil 29-martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni va «Obod qishloq» dasturini 2018-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan tanishish uchun Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumaniga bordi.

Hukumat rahbari vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari, mahalliy hokimlik mutasaddilari hamrohligida «Oqtosh» mahallasida kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yangi ishlab chiqarish ob’yektlarini barpo etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududda sanoat salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Foto: «O‘zA»

Ayniqsa, Namangan shahridagi «Aisha home textile» qo‘shma korxonasi ta’sischiligida J.Kamoliddinov rahbarligidagi «Oqtosh tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taklif etilayotgan Oqtosh shaharchasida paxta tolasidan yigirilgan kalava ip ishlab chiqarish, to‘quv va tikuv fabrikasi tashkil etish loyihasi Bosh vazirda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu loyiha davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «2017–2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish dasturi» asosida hamda tadbirkorlik sub’yektlariga yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalangan holda amaliyotga tatbiq etiladi.

Loyiha rahbari, tadbirkor Jobirxon Kamoliddinovning qayd etishicha, umumiy yer maydon 9,3 gektarni tashkil etadigan ob’yektda 41 mln. AQSh dollari miqdoridagi loyiha ishlari amalga oshiriladi. Shundan 10 mln. dollari miqdoridagi bank krediti asosida bajarilsa, 31 mln. dollar tadbirkor mablag‘i evaziga bajariladi. Shveysariya, Yaponiya, Italiya, Xitoy, Italiya, Fransiya, Turkiya davlatlarining yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng so‘nggi, zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatiladi.

Korxonada kelgusida pardalik, yotoqxona jamlamasi, kostyum va shim uchun matolar, bo‘yalgan kalava ip, xom kalava ip kabi mahsulotlar tayyorlanishi ko‘zda tutilgan. Korxonaning dastlabki bosqichi 2019-yilning ikkinchi choragida ishga tushiriladi. Ushbu istiqbolli loyiha joriy etilishi natijasida 800ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ma’lumot o‘rnida, loyiha tashabbuskori sanalgan «Aisha home textile» qo‘shma korxonasi 2013-yili tashkil etilgan. Korxona tomonidan respublikamiz budjetiga o‘z vaqtida soliq, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelinishi natijasida 2015-yil yakuniga ko‘ra, respublika Davlat soliq qo‘mitasining «Namunali soliq to‘lovchi» faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. 2016 yili o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan «Tashabbus» ko‘rik-tanlovi yakuniy bosqichida «Eng yaxshi tadbirkor» nominatsiyasida g‘olib chiqib, «Spark» avtomobili bilan taqdirlangan.

Taqdimot yakunida Abdulla Aripov paxta tolasidan yigirilgan kalava ip ishlab chiqarish, to‘quv va tikuv fabrikasi tashkil etish loyihasini izchillik bilan amalga oshirish va uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda «Asaka bank» respublika boshqaruvi raisiga tegishli topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring