Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noqobil qaynuka kelinoyisining qotiliga aylandi

Noqobil qaynuka kelinoyisining qotiliga aylandi

Illyustrativ foto

1992-yilda tug‘ilgan Ne’matning qo‘rs, badjahl ekanlidan ota-onaning dardi ichida edi. Akasi uylanishida o‘smir yigitcha bo‘lgan Ne’matning kelinchakka qilgan qo‘polliklarini «bo‘ydoqchilik»ka yo‘yishdi. Ammo ne-ne ishlar o‘tdiki, bolaning ruhiyati joyidami, uni tekshirtirsak qanday bo‘larkin, degan o‘y birovning xayoliga kelgani yo‘q. Alal-oqibat...

Ne’matning mojarolari birgina kelinoyisi bilan emasdi, ammo negadir alami undan olinardi. Shu tariqa yillar o‘tdi. Sovuq munosabatlar, janjallardan bezgan ota-ona o‘g‘li va kelinini hali bitmagan uyga ko‘chirib qo‘yishdi. «Bu yog‘ini asta-asta bitkazib olasizlar, — deyishdi ularga. – Biz ham tinchroq o‘tiraylik, bolam. Ne’matni ham uylantirarmiz, zora quyilib qolsa...»

Shundan keyin ham Ne’mat tinchigani yo‘q. Kelinoyisining qo‘lida bola, kamiga homilador ekaniga qaramay kun-kunora ularnikiga borib, «otishib», urishib kelar, onamni xizmatini qilmading, deya to‘polon ko‘tarardi.

Kelin sho‘rlik orada borib qaynonasinikida xizmat qilar, bu yoqda yangi uyning tuproqqa belangan mehnatu mashaqqati bo‘shatmasdi uni.

Nafrat, g‘araz Ne’mat tinch qo‘ymadi baribir. Avvaliga akasiga qo‘ng‘iroq qilib, go‘yoki onasining tobi qochgani, o‘g‘li bilan yetib kelishini aytdi. So‘ng qo‘yniga pichoq yashirib, kelinoyisi bilan «hisob-kitob» qilishga shoshildi.

Kuzning sovuq kuni. Hovlida kir chayib o‘tirgan kelinoyisining qo‘lidan sudrab, uy ichiga tortarkan, Ne’mat g‘araz niyatini yashirmadi: «Seni o‘ldirmagunimcha tinchimayman!»

Dahshatga tushgan ayol qaynisining changalidan chiqib keta olmadi. Yalinib-yolvorishlari ham behuda ketdi. Ne’mat ojiz, homilador ayolga o‘n besh marotaba pichoq urdi!

Ayol olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etdi.

...Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi xulosasiga ko‘ra, N.Zaripovda «bredovogo rasstroystva» («vasvasaga tushish») kasalligi aniqlanadi. U ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan vaqtida o‘z harakatlarini idrok qila olmaydigan darajada ruhiy nosog‘lom bo‘lgan. Unga nisbatan Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida intensiv nazoratda, majburiy tartibda davolanish tavsiya etildi.

Sud ish bo‘yicha mutaxassis va guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosasi hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillarni o‘rganib chiqib, N.Zaripovning odam o‘ldirishda ifodalangan ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso xolatda sodir etgan deb hisoblab, unga nisbatan jinoyat ishini tugatish hamda tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi tayinlashni lozim topdi.

Inson tabiatidagi vajohat, uning yillar davomida o‘zgarmasligi har qanday ota-onani hushyor torttirmog‘i lozim, albatta. Shu ma’noda Ne’matning oilasi ham beparvolikka berilmaganida, bolani o‘z vaqtida davolatish choralarini ko‘rishganida...  u ikki yaqini – kelinoyisi hamda hali tug‘ilmagan jiyanining qotiliga aylanmagan, ikki inson bevaqt hayotdan ko‘z yummagan bo‘larmidi?

Farzand tarbiyasi, kamoli va albatta salomatligi yo‘lida yana ham ziyrakroq va mas’uliyatliroq bo‘lmog‘imiz shart, toki, yuqoridagi kabi fojialar ro‘y bermasin. Zero, oiladagi muhit, farzand tarbiyasi ota-onaning yoki saodati, yoki musibatidir.

Akramjon Aripov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi bo‘limi boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring