Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Nukus» aeroportida yangi terminal ishga tushdi (foto)

«Nukus» aeroportida yangi terminal ishga tushdi (foto)

Foto: Milliy aviakompaniya matbuot xizmati

«Nukus» xalqaro aeroportida soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi yo‘lovchi terminali ishga tushirildi. Bu haqda «Xabar.uz» nashriga Milliy aviakompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bu «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan hukumat ko‘magida mamlakat sayyohlik salohiyatini oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va respublika aeroportlarining infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan navbatdagi loyihadir.

Yangi terminal yo‘lovchilar va ularning yuklariga xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan. Binoda aviatsiya xavfsizligini yuqori darajada ta’minlash uchun zamonaviy muhandislik va texnologik jihozlar o‘rnatilgan.

Shuningdek, parvoz oldi nazorati va yuk olish maydonlari kengaytirilgan hamda ro‘yxatdan o‘tish ustunlari soni ko‘paytirilgan. Terminalda mahalliy va xalqaro aviayo‘nalishlar uchun yo‘lovchilar zali, ona-bola xonalari, tibbiyot punkti, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, suvenir do‘konlari, kafe-bar va boshqa qulayliklar yo‘lovchilar uchun muhayyo etilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Nukus» xalqaro aeroporti har qanday rusumdagi samolyot va vertolyotlarni qabul qilish imkoniga ega. Uchish-qo‘nish yo‘lagining uzunligi 3 ming metr, kengligi 45 metrdan iborat. Aerodromda xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy yoritish-signal va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring