Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odil sudlovning shaffofligi: bizda sud qarorlari qachon ommaga e’lon qilinadi?

Odil sudlovning shaffofligi: bizda sud qarorlari qachon ommaga e’lon qilinadi?

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda e’lon qilingan bir xalqaro hisobotda yurtimizga berilgan o‘rin va baho O‘zbekistonning har qanday fuqarosining yuragini g‘ashlantirsa ajab emas. Jahon adolat loyihasi (World Justice Project) tashkiloti o‘zining 2017–2018-yillardagi Huquq ustuvorligi indeksining (WJP Rule of Law Index) Davlat idoralari shaffofligi (Open Government) yo‘nalishi bo‘yicha 113 mamlakat ichida davlatimizga 108-o‘rinni bergan.

Yurtingda olamshumul o‘zgarishlar bo‘lib turgan bir paytda xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonga mana shunday baho bersa, ochig‘i odamga alam qilarkan. Keyingi paytda davlat idoralarining shaffofligi sezilarli darajada yaxshilangani hech kimga sir emas: ko‘p davlat idoralari o‘zlarini saytlariga ega bo‘lishdi va u orqali xalqni o‘zining faoliyati bilan tanishtirishni boshlashdi. Unda nega Jahon adolat loyihasi mamlakatimizga shunday past o‘rin bergan? Keling, buni bir tahlil qilib ko‘raylik.

Hisobotda Davlat idoralari shaffofligi mezoniga quyidagicha ta’rif berilgan:

«Asosiy qonunlar va ularga oid ma’lumotlarning ommaga ochiqligi, tushunarli tilda yozilganligi va o‘sha millat so‘zlashadigan barcha tillarda chop etilganligi. Shuningdek, hukumat tomonidan bosma yoki onlayn tarzda chop etiladigan ma’lumotlarning sifati va ularni olishning osonligi; ma’muriy qoidalar, qonunlar loyihasi va yuqori sud qarorlarining ommaga kechikmasdan e’lon qilinishi».

Tan olishimiz kerak, mamlakatimizda aynan shu oxirgi jumla bo‘yicha muammo mavjud. Hisobot mamlakatda ommaning sud qarorlari bilan tanishib chiqish uchun imkoniyatlari cheklanganiga, mamlakat sud organlari faoliyatida shaffoflik yetarli darajada emasligiga sha’ma qilmoqda. Davlatimizning Jahon adolat loyihasi hisobotida 108-o‘ringa tushib ketishining asosiy sababi shu bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, muammo aslida nimada?

Ko‘z tegmasin, oxirgi 2 yil ichida sud-huquq sohasida ko‘p islohotlar amalga oshirildi. Sudyalar lavozimga birinchi bor 5 yil, ikkinchi marta 10 yil, uchinchi bor pensiyaga chiqquncha bo‘lgan muddatga tayinlanadigan bo‘ldi. Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudlarning moddiy-texnik bazasi ancha yaxshilandi, ularning oyligi oshirilmoqda… va hokazo. Elektron-sud tizimi ishga tushirilmoqda, ya’ni endi fuqarolar uzoq joylardan turib ham sudga o‘z arizalarini topshirishlari mumkin.

Bularning barchasi hukumat va xalqning sud hokimiyatiga bo‘lgan e’tibori natijasi bo‘lib, endilikda masalaning boshqa tomoni haqida ham bosh qotirish payti kelgan bo‘lsa ajab emas. U ham bo‘lsa respublikamiz sudlarida chiqariladigan buyruq va qarorlarni zudlik bilan onlayn chop etish orqali sud hokimiyati faoliyatining maksimal shaffofligini taminlashdir. Chunki, sud qarorlarining hamon e’lon qilinmasdan kelinayotganligi, shubhasiz, sud hokimiyatining xalqimiz ishonchini to‘liq qozonishi yo‘lida bugungi kundagi eng katta to‘siqlardan biridir!

Nega endi sud qarorlari omma e’tiboriga havola qilinishi kerak? Sud qarori qabul qilingandan so‘ng uni omma etiboriga havola etish uchun bir talay oddiy va mantiqiy asoslar mavjud.

Birinchidan, sudyalar qanday ishlamoqda, ularning qarorlari adolat va holislik mezonlariga to‘gri kelayaptimi, sudyalar o‘z qarorlarini yetarlicha asoslab bera olishayaptimi kabi savollar hamon ochiq qolmoqda. Agar sud qarorlari va buyruqlari e’lon qilinsa, sudlar ustidan jamoatchilik monitoringi shakllanadi. Sud qarorlari shaffofligiga erishilmas ekan, sudyalar xolisligi, sud sohasida korrupsiyaning oldini olish haqida gapirishimiz befoyda bo‘lib qolaveradi. Aslida sud qarorlari shaffofligini ta’minlash kabi oddiy bir talab sohadagi juda ko‘p muammolarning, ayniqsa korrupsiyaning oldini olishning eng kam xarajatli, jahon tajribasida isbotlangan, samarali usullaridan biridir. Mazkur tartib sudyalarni o‘z ustida tinimsiz ishlashga, o‘z faoliyatini sifatli yo‘lga qo‘yishga, asosli va adolatli qarorlar chiqarishga undaydigan vositadir.

Ikkinchidan, sud qarorlarining shaffofligini joriy etish uchun yetarli huquqiy asoslar mavjud. Bu tartib aslida Konstitutsiya talabidir. Jumladan, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 30-moddasida shunday deyiladi:

«O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va bosh­qa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim».

Qolaversa, muammo yuzasidan yurtimizning eng yirik siyosiy partiyasi bo‘lgan O‘zlidepning saylovoldi dasturida «sud qarorlarini ularning rasmiy veb-saytlarida elektron shaklda e’lon qilish tizimini yo‘lga qo‘yish» degan band mavjud. Yurtimizdagi yirik huquqshunos olimlar ham o‘zlarining turli maqolalarida bu masalani shu paytgacha bot-bot tilga olishgan.

Uchinchidan, xorij tajribasi ham sud qarorlarining shaffofligini ta’minlash mamlakat sud-huquq tizimini rivojlantirish borasidagi eng to‘g‘ri usullardan biri ekanligini isbotlaydi.

Keling, dunyo davlatlari tajribasiga e’tiborimizni qarataylik. Yevropa va Amerika qit’asidagi barcha sanoatlashgan davlatlar sud qarorlarini doimo ochiq saqlashadi. Ushbu tajribaga ko‘ra sud qarori sudya muayyan ish bo‘yicha qaror qabul qilgan kundan ko‘p vaqt o‘tmasdan, sud saytidagi qarorlar ro‘yxatiga qo‘shiladi va har qanday fuqaro ushbu qaror matni bilan bevosita tanishib chiqish imkoniyatiga ega.

Sud saytida qarorlar bazasi shakllantirilgan bo‘lib, fuqaro mavzu va kun asosida sud qarorini topib, o‘rganib chiqish imkoniyatiga ega. Ushbu holat ayniqsa huquq sohasidagi talabalarga, ommaviy axborot vositalari xodimlariga, jurnalistlarga qulaylik yaratadi.

Osiyo yo‘lbarslari va Yaponiya sud ishini tashkil qilish amaliyoti ham ushbu tajribaning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi. Unda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi(MDH)ga kiruvchi davlatlarda ahvol qanday? MDH davlatlarining ko‘pchiligida, xususan, Rossiya, hatto devor-darmiyon qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham sud qarorlari Oliy sud portalida e’lon qilinadi. Masalan, Qozog‘istonda sudlar 2009 yildan buyon barcha turdagi qarorlarini o‘z saytlarida ommaga taqdim qilib kelishmoqda. Qirg‘izistonda esa bunday amaliyot 5 yil avval boshlangan. Etiboringiz uchun quyida Qirg‘iziston davlatining sud qarorlari to‘plami veb-saytidan olingan lavhani keltiramiz:

To‘rtinchidan, sud qarorlarini ommaga taqdim qilishning yuridik ta’limda o‘rni juda katta. Sud qarorlari shaffofligini ta’minlash huquqshunoslik universitetlari va fakultetlarida tahsil olayotgan talabalarni tayyorlash jarayoniga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Biz ko‘pincha «Nega huquq bo‘yicha o‘quv dargohlari sifatsiz kadrlar yetishtirayapti? Nega yurtimiz manfaatini mahalliy va xalqaro arbitraj sudlarida yetarlicha himoya qila oladigan kadrlar chiqmayapti?» degan asosli fikrlarni eshitamiz.

Amaldagi huquqiy ta’limning eng og‘riqli tomoni shundaki, huquqshunoslik sohasidagi yurtimizning eng ilg‘or ta’lim maskanlari hisoblangan Toshkent davlat yuridik univeristeti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti talabalari hozir o‘zlari o‘rganayotgan qonunlar va nazariy ko‘nikmalar amaliyotda qanday tatbiq etilayotganligi haqida yetarlicha tushunchaga ega emas. Ular qonunlar amaliyotini o‘zlari ishlab chiqqan xayoliy misollar orqali o‘rganishda davom etishmoqda. Bu esa huquqiy ta’lim sifatiga ta’sir qilmoqda. Huquq sohasida xorijda o‘qib kelgan talabalarning bilim darajasi yuqori ekanligining yana bir sababi ham aynan shunda bo‘lsa ajab emas. Xorijda huquqshunoslik fakulteti talabalari nafaqat qonunlar va ularning nazariy asoslarini, balki mazkur qonunlar amaliyotda qanday qo‘llanayotgani, sud nizolari qanday hal qilinayotganini o‘rganib, o‘quv yurtini mustahkam bilim bilan tamomlashlariga imkoniyat yaratiladi.

Beshinchidan, sud qarorlarining shaffofligini ta’minlash yurtimiz investitsiya muhitining xalqaro reytinglardagi o‘rni yuksalishiga ham xizmat qiladi. Yurtimizga sarmoya kiritayotgan xorijlik investor va unga xizmat qiluvchi advokatlar amaliyotdagi muammolarga sudyalarimiz qanday javob berayotganini shu paytgacha hal qilingan sud qarorlari orqali bilishga va ulardan o‘z biznes rejalarini tuzishda foydalanishga intilishadi. Bu holat huquqiy barqarorlik(legal stability)ka olib keladi.

Hammaga ma’lumki, bir davlatning investitsiya iqlimi jozibadorligining ko‘rsatkichlaridan bir ham nafaqat yaxshi qonunlar borligi, balki o‘z ishini yaxshi biladigan, qobiliyatli, mustaqil sudyalardan iborat sudlov tizimining ham mavjudligidir. Bunga faqat ular qabul qilgan va qilayotgan qarorlarning sifatiga qarab amin bo‘lish mumkin. Ular sud qarorlari shaffofligi taminlanmagan davlatga sarmoya kiritishga ikkilanishlari tabiiy hol.

Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, sud qarorlarining tezkor ravishda e’lon qilinishi yurtimiz va xalqimiz ravnaqi uchun zarur ekan, nega bu masala hamon hal etilmagan? Bu muammoni yechimi bo‘yicha mamlakatimizda nima qilinmoqda?

Aslida fuqarolik ishlari bo‘yicha yurtimiz sudlarida AKTni joriy etish va undan keng foydalanish maqsadida 2013-yili O‘zbekiston Oliy sudi va BMTning Taraqqiyot dasturi hamkorligida e-sud elektron sudlov axborot tizimi ishlab chiqilib, joriy etilgan. Shu bilan birga, Milliy elektron sudlov axborot tizimi ham ishlab chiqilgan bo‘lib, hozir Oliy sud rasmiy saytida uning alohida sahifasi mavjud. O‘sha sahifada «Sud qarorlari banki» mavjud bo‘lib, o‘sha tugmachani bossangiz, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar chiqargan va kuchga kirgan sud qarorlari bilan fuqarolar bemalol tanisha olish imkoniga ega bo‘lishlari kerak edi.

Biroq 2013-yildan beri mana besh yil o‘tayaptiki, haligacha «Sud qarorlari banki» foydalanishga yaroqli holatga kelmagan. Oliy sud axborotnomasi va uning saytida bir necha sud qaroriga sharhlar va plenum qarorlarigina e’lon qilingan xolos. Ba’zan Oliy sud saytiga kirib ularni o‘qishning iloji yo‘q. Saytga qo‘yilgan fayllarning ko‘pchiligi hatto ochilmaydi yoki «error» (xato) chiqaradi. Qonun hujjatlari respublika milliy bazasida ham «Sud amaliyoti» nomli chiroyli rukn mavjud, biroq unga ham juda oz qarorlar qo‘yilgan va u ham deyarli ishlamaydi.

Shu holat bo‘yicha o‘zimning tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, chet elda yashab qiyosiy huquqshunoslik bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish paytida yaponiyalik professorlar bizdan o‘z yurtimizdagi so‘nggi sud amaliyoti va ularga oid akademik bahs-munozaralar haqida fikr so‘rashadi. Shunda holatni qanday tushuntirishni bilmay qolamiz. Chunki bizda hamon huquqning turli sohalarida yuz berayotgan nizolar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari va ularning statistikasiga oid ma’lumotlarni olish imkoniyati mavjud emas. Bu esa o‘z navbatida huquqiy tadqiqot olib borish va huquq nazariyasining rivojlanishi uchun juda jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Respublikamiz Oliy sudining e-sud tizimida 5 yildan buyon davom etayotgan holat misolida:

Shu yerda ziyrak o‘quvchimizda 2 ta muhim savol tug‘ilishi tabiiy. Birinchisi, shuncha sud qarorlarini qanday qilib elektronlashtirishimiz, bu vaqt olmaydimi? Avvalambor elektronlashtirish masalasida katta xavotirlarga o‘rin yo‘q. Sudlarimizda allaqachon bunday ichki elektron tizim mavjud va ular chiqarilgan har qanday qarorni tezlik bilan o‘sha tizimga qo‘shib qo‘yishadi. Muammo shundaki, o‘sha ichki elektron tizimdagi qarorlarni xalqimiz o‘qiy olmaydi. Agar viloyatdagi sudlar tomonidan ko‘rilgan nizolar tizimlashtirilmagan bo‘lsa ham, ular sudya va sud kotibi kompyuterida saqlanadi. Bundan tashqari, Adliya vazirligidagi Milliy qonunchilik bazasi (Lex.uz) mana 10 yilga yaqin juda muvaffaqiyatli tarzda har bir yangi qonun hujjatini xalqimiz e’tiboriga havola qilib kelmoqda. Biz «Lex.uz» tajribasini sud amaliyoti shaffofligiga erishish uchun ham tatbiq etishimiz mumkin.

Tushunish kerak, oldingi ishlarni e’lon qilishda yoki ularni elektronlashtirishda turli-tuman muammolar bo‘lishi mumkin. Unday bo‘lsa, hech bo‘lmaganda, bundan keyin chiqadigan sud qarorlari va buyruqlari e’lon qilinishi va omma e’tiboriga havola etilishi zarur.

Ikkinchi savol esa shunday: ba’zi bir nozik ishlardagi sud qarorlarining maxfiyligi ta’minlanishi kerak emasmi? Albatta ta’minlanishi lozim. Xalqaro amaliyotga qaraydigan bo‘lsak, davlat xavfsizligi, voyaga yetmagan va jinsiy tajovuzga uchrash kabi yakka shaxs yoki bir oila sha’nini omma oldida himoya qilish uchun avvalambor bunday sud ishlarining yopiq holda o‘tkazilishi ko‘p uchraydi.

Yurtimizning qonunchiligida ham bunday nozik holatlarga nisbatan istisnolar mavjud. Agar ushbu ishlarning bosma holatda yoki sudlarning internet bazalarida onlayn tarzda chop etilishi davlat sirining fosh bo‘lishiga, shu orqali ommaviy tartibga daxl qilsa yoki voyaga yetmagan shaxs yoxud jinsiy tajovuzga uchragan insonning obro‘siga putur etkazsa, bunday sud qarorlarini e’lon qilmaslikda muammo ko‘rmaymiz.

Rivojlangan davlatlarda bunday sud ishlari bo‘yicha chiqarilgan qarorlar ba’zan omma etiboriga havola etilmasa-da, ko‘pincha o‘sha sud qarorlarining ba’zi qismlari qisqartiriladi yoki u yerdagi shaxslarning nomi umuman ko‘rsatilmaydi. Bunday amaliyot ayniqsa xalqaro tijorat va investitsiya arbitraji faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunday o‘rta yo‘l tutish orqali rivojlangan davlatlar ham yakka shaxslar haq-huquqlarini himoya qilish bilan birga, ommani ham sud amaliyoti bilan tanishtirib ketishning uddasidan chiqishadi. Yuqoridagi holatni ijobiy hal qila olish imkoniyati bo‘yicha, o‘ylaymizki, bizning ham ulardan hech qanday qolishadigan joyimiz yo‘q.

Umid qilamizki, tegishli davlat organlari, xususan Oliy sud va Adliya vazirligi yuqoridagi dolzarb masala bo‘yicha amaliy qadamlar tashlagan holda, sud qarorlarining shaffofligini ta’minlashadi va yurtimizning Jahon adolat loyihasi indeksidagi mavqei yuksaladi. Shunday kunlarni ko‘rish barchamizga nasib qilsin.

Alisher Umirdinov,
Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya)
Biznes huquqi fakulteti professori, PhD,
«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring