Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farhod Norbo‘tayev

Aqlli bo‘lishing mumkin, ammo bu muammolardan yiroqsan degani emas...

O‘FF qayerga qarab ketyapti?

O‘FF qayerga qarab ketyapti?

Umid Ahmadjonov — O‘FF prezidenti

Foto: «Gazeta.uz»

«Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi»
Shavkat Mirziyoyev

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yilni «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilgani, shu asosda yil davomida olib borilgan tizimli ishlari samarasida davlat idoralarining xalqqa e’tibori kuchaydi. Umri bino bo‘lib amaldor deganda o‘z idorasidan chiqmaydigan, majlislardan bo‘shamaydigan, yozda chang, qishda loy ko‘chalarga oyoq bosmaydigan oliymaqom bir zot bo‘lib qolganlar bugun oddiy xalqning dardini tinglamoqda.

Katta-kichik rahbarlar «pastga» tushib, joylardagi haqiqiy holatni o‘rganmoqda. Odamlar bilan muloqotga kirishib, ularni tinglamoqda. Bugun mansabdor bo‘lish — oddiy odamlar bilan birga yashash, birga ishlash, xalqni rozi qilishdan iboratligini barcha rahbarlar tushunib yetdi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak-da!

O‘zbekiston futbol federatsiyasiga yangi prezidentning saylanishi mamlakatimizda millionlar o‘yinida ham tub burilish bo‘lishiga umid uchqunini ochgandi. Ayniqsa, tizimda uzoq yillar davomida kerak bo‘lgan yangi qonni Umid Ahmadjonov boshchiligidagi yangilangan federatsiya xodimlari amalga oshirishini ko‘pchilik intizorlik bilan kutishgandi. Ochig‘i, ko‘pchilik qatori men ham federatsiyaning ilk ishi ofisda o‘rindiqqa mixlanib qolgan amaldorlarning kursisini qimirlatib, yurtimizning har bir hududida futbolning asl holatini o‘rganib, zarur chora-tadbirlar qilishini o‘ylagandim.

Esingizdami, Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan so‘ng ilk ishini viloyatlardagi holatlarni o‘rganish bilan boshlagan edi. Joylardagi muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish zarurligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, ijrosini qattiq nazorat ostiga olgandi.

Umid Ahmadjonov ham O‘FF prezidenti bo‘lganidan so‘ng ishni xuddi shu talqinda boshlab, viloyatlardagi futbol maktablari, umuman futbolga ixtisoslashgan sohaning muammolarini o‘rganish bilan boshlashiga shaxsan men umid qilgandim. Afsuski, unday bo‘lmadi. Safar xorijdan boshlandi. Futbolimizning asl kasalligiga davoni o‘zimizdan emas, xorijdan izladi. Natijada yillar davomida ildizi chirib ketgan bolalar futbolidagi muammolar yana chetga surildi. Bugun hamma o‘z kabinetidan tashqariga chiqib, oddiy xalqning dardini tinglayotgan bir vaqtda futbolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador federatsiyaning xodimlari mamlakatda bo‘layotgan islohotlardan, Prezident siyosatidan bexabar ekanliklarini yana bir bor ko‘rsatib qo‘yishdi.

Afsuski, O‘FFning dastlabki qaroridanoq ko‘pchilikning umidlari sarobga aylandi. Yangi rahbariyat ham haqiqiy ahvolni o‘rganish o‘rniga, ilgarigidek, qog‘ozlardagi oddiy xaspo‘shlashdan nariga o‘tmadi. Nega deysizmi? Buni asoslash uchun uzoqqa borish shart emas. O‘zbekiston futbol federatsiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari joylarda klublarning holatini o‘rganish jarayonining o‘zi hammasini ko‘rsatib qo‘ydi. O‘FF ishongan ishchi guruhi ham shunchaki xo‘jako‘rsinga ishlamoqda. Qaysi tashkilot bir necha soatda muammoni o‘rganishi mumkin. Hech bo‘lmaganda bir kun bitta viloyatning muammosini o‘rganganida ham boshqa gap edi.

Kelib faqat hujjatlarga-yu qog‘ozlarga qarab baho berish yana o‘zimizni o‘zimiz aldashimizdan dalolat bermaydimi? Nega professionallikka intilayotgan O‘FF o‘z ishiga chin dildan yondashmayapti? Shumi federatsiyaning futbolni rivojlantirish loyihasi?! Shumi futbol strategiyasiga munosabat?! Nahotki, O‘FF va PFL mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatning tub mohiyatini tushunmayotgan bo‘lsa. Axir qog‘ozlarda bitilgan yolg‘onlar qisqa vaqt ichida bo‘y ko‘rsatayotganligini bugun hamma bilayapti-ku?

Viloyatlarda futbol klublarining ahvolini o‘rganib yurgan «ishchi guruh»ning birorta a’zosi asl holatni ko‘rgani yo‘q. Hammasi faqat qog‘ozlarga o‘ralashib qolgan. Asl muammo esa o‘sha qog‘ozlar ortida yotibdi. Federatsiyaning biror-bir mutasaddi xodimi ommaviy axborot vositalari orqali ko‘rgan muammosi xususida so‘z yuritmayapti. Sababi nimada? Chunki ularni faqat qog‘ozbozlik qiziqtiradi. Ular kabinetda o‘tirib ishlashga o‘rgangan. Davlatning eng katta tashkilotlari rahbarlariga o‘xshab 15-20 kunlab viloyatlarga yurish federatsiyadagi xodimlar uchun erish tuyuladi. Ular tuflisiga chang tushishini istamaydi. Xo‘sh, nega butun boshli O‘FF o‘zining viloyatlardagi o‘rganishlarini biror-bir ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatishni o‘ziga ep bilmadi? Nega o‘zining ish jarayonini sir saqlashga harakat qilyapti? Bunday yo‘l tutishdan maqsad nima? Nega o‘z strategiyasini ishlab chiqqan tashkilot o‘zining strategiyasiga amal qilmayapti? Aslida O‘FF ommaviy axborot vositalariga suyanishi kerak emasmidi?

«Haqiqatning yuzi yorug‘, qo‘li uzun bo‘ladi». Bu maqolni bejizga eslamadik. So‘nggi paytlarda O‘FFning chiqargan antiqa qarorlari ko‘pchilikni yoqa ushlashga majbur qilyapti. Ularni sanab yana asabingizni buzish niyatimiz yo‘q. O‘zi shundoq ham e’tirozlar keragidan ortiq bildirildi. Keragidan ko‘p muhokama etildi. Ammo Vadim Abramov borasida chiqarilgan qaror hammasidan oshib tushdi. O‘FFning normativ testlar haqidagi qarorlariga o‘z noroziligini bildirgan Abramovning nomuayyan muddatga futboldan chetlatilishi OAVning og‘zini yopish uchun tashlangan ilk katta qadam emasmi?! Nega deysizmi? O‘zbek futbolidagi muammolarni ochiq va oshkora sanab o‘tadigan kam sonli mutaxassislardan biriga nisbatan chiqarilgan bunday qaror boshqalarni jim yurishga majbur qiladi. Xo‘sh aytingchi, bu «fikrni bo‘g‘ish», «og‘izni yopish», «so‘z erkinligiga» to‘siq qo‘yish emasmi? Bu Prezidentning ochiq va oshkoralik siyosatiga qarshi yurish emasmi? Yoki federatsiyadagilar o‘zga sayyoraliklarmi?

Abramovning nomuayyan muddatga ketishini O‘FF tomonidan OAVning «og‘zini yopish» ishi sifatida bekorga qaramadik. Sababini quyiroqda aytamiz. Undan avval bir gapni eshiting. Jurnalistlar tomonidan federatsiya va professional liga qanchalik tanqid qilinmasin, 12 sentyabrga qadar hali birorta xodimning jurnalistga bosim o‘tkazganini eslay olmayman.

Hatto Babayan keskin tanqid qilinganda ham birorta jurnalistga tazyiq bo‘lganini yo‘q. Ammo O‘FFga yangi qon bo‘lib kelgan xodimlarning ommaviy axborot vositalari xodimlariga bo‘lgan munosabati tashkilot uch oyning ichida qay darajaga kelib qolganligini ko‘rsatib qo‘ydi. Savol tug‘iladi: yangilangan O‘FF va PFL xodimlari ayrim hollarda nega bunchalik quyushqondan chiqib ketyapti? Chiqarilayotgan qarorlar uchun o‘z fikrini bildirgan mutaxassisga nomuayyan cheklov qo‘ygan tashkilot xodimlari federatsiya chiqargan qarorlari uchun o‘zining fikrini bildirgan jurnalistga ochiqchasiga tahdid qilishini qanday tushunish mumkin. Yoki O‘FF yangi xodimlarini «razborchi»lar bilan to‘ldiryaptimi. Bugun jurnalistlarning tanqidini ko‘tarolmayotgan federatsiya xodimidan ertaga qanday ijobiy ishni kutish mumkin. Balki bu maqoladan so‘ng men ham futboldan nomuayyan muddatga chetlatilarman. Ammo nega hali hech nimani qoyillatmagan federatsiya xodimiga choralar ko‘rilmaydi?

Jurnalistlarni «qishloqi» deb haqorat qilgan O‘FF vakilini ishdan olib, uning o‘rniga masalani birato‘la «hal» qilib qo‘yadigan boshqa bir «Egamberdiyevlar» olinyaptimi? Alining o‘rniga Valining kelishidan nima naf. Bu yomg‘irdan qochib do‘lga yo‘liqqanimizni bildirmayaptimi?

«Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi». Bu bugun Prezidentimiz tomonidan har bir uchrashuvda aytilayotgan gap. Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda har bir insonga baxtli bo‘lib, hayotdan rozi yashash uchun teng imkoniyat yaratilmoqda. Shu bois ham turli byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda. Afsuski, futbol sohasida ishlayotgan ayrim xodimlar insonlarga yordam berish o‘rniga ularni sarson qilishmoqda. Aniqrog‘i, ularning ustidan ochiqchasiga kulishmoqda. Shumi biz orzu qilgan yangi federatsiyaning shaffofligi. Federatsiyaning vijdoni qayerda qoldi? Yoki vijdon 12 sentyabrda almashib ketdimi?

Nima deganimni tushungan bo‘lsangiz kerak. «Oriat dono» radiosida Bobur Akmalov, Xayrulla Hamidov va Jamoliddin Bobojonov birgalikda zaif eshituvchilar va so‘zlashda nuqsoni bo‘lgan nogironlar jamoasi murabbiyi Rustam Berdiyev bilan o‘tkazgan intervyuni yana bir bor tinglab ko‘ring. Bu borada ko‘p og‘ir gaplarni yozmoqchi edim. Ammo bugun, davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga yordam ko‘rsatilayotgan bir vaqtda, nogironlarning ustidan ochiqchasiga kulgan O‘FF xodimi uchun bir inson bisotidagi eng nomaqbul so‘zlarni ishlatishni ham hayf deb bildim.

 O‘FF qarorlarini tanqid qilgan mutaxassisga nomuayyan cheklov qo‘ygan federatsiya oldiga yordam so‘rab borgan nogironlarni «ayollar formasi bilan» ahmoq qilgan xodimiga nahotki chora ko‘rolmasa? Yoki nochorlarning ustidan kulish ular uchun sharafmi? Aslida shunday nomaqbul ishni qilib mamlakat sha’nini butun dunyo oldida oyoq osti qilayotgan odamning kimligini aniqlab, futboldan nomuayyan muddatga emas, balki aniq qilib bir umrga chetlatish kerak emasmi? Yil davomida barcha harakatlar inson manfaati uchun degan da’vatlarga bo‘lgan munosabati shumi O‘FFning?

 Suhbat davomida ming azobda Tailandga borib Jahon chempioni bo‘lib kelgan va yakunda Jahon chempioni bo‘lgan nogironlar jamoasi murabbiyi Rustam Berdiyev jurnalist Bobur Akmalovning «Tila tilagingni» degan ma’noda bergan savoliga oddiygina qilib dedi: «Trenirovka qilib turishimiz uchun zal ajratib berishlarini iltimos qilaman» ...

To‘g‘risi, yig‘lagim keldi. Millionlab mablag‘ni ko‘kka sovurayotgan, to‘rt muchasi sog‘ bo‘lgan turli yoshdagi terma jamoa vakillariga musobaqalarda guruhdan chiqqani uchun qo‘sha-qo‘sha moshina berishni bilgan federatsiya hatto taqdirlash marosimiga chaqirmagani uchun yerga kirib ketsa bo‘lmasmidi.

Adolatning katta-kichigi bo‘lmas ekan, toifasi bo‘larkan. Manfaatlisi bo‘larkan. Lobanovning harakati uchun «Nasaf»ni jazolagan, kamchiligini aytgan mutaxassisni «nomuayyan» qilgan federatsiyadan bundan ortig‘ini kutishning o‘zi kulgili.

O‘ylaymanki, kimdir o‘sha nogironlarning yutug‘ini albatta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yetkazadi. O‘FF bermagan e’tirofni albatta davlatimiz rahbari ko‘rsatadi. Aslida ular shunga munosib. Sog‘lomlari uddalay olmagan ishni ular bajarishdi. Xo‘sh, aytingchi, qani Yoshlar ittifoqi. «Kelajak bunyodkori» medali Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa ko‘shayotgan yigitlarga berilish kerak emasmi? Qani sport qo‘mitasi. Shu yigitlarga hech bo‘lmasa mashg‘ulot uchun tekinga sport zal qilib bera olmaydimi? Qani paraolimpiya qo‘mitasi. Prezidentimizning Jahon chempionlarini rag‘batlantirish qaroriga muvofiq doimiy to‘lovni amalga oshirmaydimi? Yoki buning uchun ham tanish-bilishchilik kerakmi? Qani O‘FF?! Aytingchi, qayerda qoldi vijdon? Shu masalani ham portalga yozish kerakmi endi?

To‘rt muchasi sog‘ odamlarga to‘p tarqatib, stadionda it-mushuk bo‘lishni Yaponiyadan o‘rganib kelgandan ko‘ra nogironlarga sharoit qilib bersa bo‘lmasmidi PFL? «Nasaf»dan, «Buxoro»dan tushgan pullarga loaqal o‘n dona to‘p bersa bo‘lardi-ku! Axir ular uchun begona bo‘lgan Tailand qila oldi-ku bu ishni. Nahotki Shavkat Mirziyoyev nogironlarni uy-joy bilan ta’minlayotgan bir vaqtda O‘zbekiston futbol federatsiyasidek nufuzli tashkilot nogironligiga qaramay Jahon chempioni bo‘lgan 11 nafar o‘g‘longa tuzukroq sovg‘a bera olmasa. Bugungi jamiyatdan, bugungi davlat siyosatidan uzilib borayotgan federatsiya ham qachonlardir Prezidentga hisobot beradiku. Axir shahar bedarvoza emasku?. Millionlab xalqning qarg‘ishi bir kun urishiga nahot aqli yetmasa bularning.

Teatrlashtirilgan taqdimot marosimiga asl chempionlarni chaqirishni o‘ziga ep bilmagan federatsiyadan yana nima kutish mumkin?!

Bugun har birimiz, butun xalqimiz ko‘rayotgan va sezayotgan haqiqat shuki, mamlakatimizda davlat idoralari odamlar bilan ochiq muloqot qilishga kirishmoqda. Ammo O‘FF emas. Xalq talab va istaklari asosida ishlash prinsiplari hayotimizda chuqur joriy qilinmoqda. Ammo O‘FFning ishi emas. Bu mamlakatimizning strategik maqsadlariga, yuksak marralarga faqat va faqat xalq bilan muloqot qilib, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, inson manfaatlarini ta’minlash orqaligina erishish mumkin ekanini takror va takror isbotlab bermoqda. Ammo O‘FF emas.

Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimizning yuragidan chuqur joy olgan, barcha bo‘g‘indagi rahbarlar uchun hayot qoidasiga, faoliyatning bosh mezoniga aylanishi lozim bo‘lgan quyidagi so‘zlarni yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman:

«Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak — odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo xalqimiz bilan.

Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi.

Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi.

Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi».

Buni unutishga hech kimning haqqi yo‘q.

So‘nggi so‘z o‘rnida ijtimoiy tarmoqda yozilgan bir fikrga e’tiboringizni qaratmoqchiman. «Davlat federatsiya ishiga aralashsa, FIFA jamoalarni barcha musobaqalardan chetlatadi-ya?! Agar shunday bo‘lsa, men roziman!!! Ammo tepadan aralashuv bo‘lmasa, bu ketishda (tuuuuut, tuuuuuuut tuuuuut, tuuuuuuuuuuuut)...!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring