Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ofitsiantlikdan prezidentlikka qadar (1-qism)

Ofitsiantlikdan prezidentlikka qadar (1-qism)

Foto: «112.ua»

AQShda prezidentlik saylovlari 2020-yil noyabrda bo‘lib o‘tadi. Ammo ungacha har ikki yetakchi partiya o‘zining yagona nomzodini e’lon qilishi kerak.

Tramp respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini ikkinchi muddatga ilgari surishini bildirgan bo‘lsa, demokratlarning o‘nga yaqin vakillari yagona bitta vakilni saralab-aniqlab olishlari lozim. Demokratlar hozir respublikachilarga qaraganda siyosiy harakatlarni ancha faol olib borishmoqda.

Elizabet Uorren xonim AQSh prezidentligiga demokratlar orasidan ichki kurashlarda qatnashayotgan yana bir nomzoddir. Uning nomi va obro‘si partiya safida Jo Bayden va Berni Sanders kabi mashhur va kuchli.

U 1949-yilda tug‘ilgan. Ayni paytda 69 yoshda. Ishchilar oilasi vakilasi bo‘lib, 12 yoshga to‘lganida otasi yurak xurujiga uchraydi va mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolgani sababli o‘z ish joyini yo‘qotadi. Shundan keyin yosh qiz oilasiga yordam berish maqsadida meksika taomlari restoranida ofitsiant bo‘lib ishlay boshlaydi.

Ilmga bo‘lgan intilishi tufayli Xyuston va Ratger universitetlarini yuridik soha bo‘yicha tamomladi. Ushbu oliygohlarda qolib, talabalarga ta’lim ham bergan. Huquq sohasi professoridir.

2013-yil 3-yanvardan Massachusets shtati senatori sifatida ushbu muhim lavozimga mazkur shtatdan o‘tgan ilk ayol bo‘ldi.


Mavzuga oid: Prezidentlik poygasi. AQShda katta jang boshlandi


E’tiborli tomoni, u 1996-yilga qadar Respublikachilar partiyasi tarkibida edi. 1996-yildan Demokratlar safiga qo‘shildi va partiyaning taraqqiyparvar qanoti yetakchilaridan biriga aylandi. 2015-yilda Blumberg versiyasi bo‘yicha jahonning eng ta’sirli odamlari ro‘yxatida 19-o‘rinni egalladi.

Ikki bor turmush qurgan. Birinchi qaylig‘i NASA muhandisi Jim Uorrendan bir qiz va bir o‘g‘il farzandi bor. 1980-yilda Garvard universiteti professori Bryus Mann bilan oila qurgan.

Yadro zarbasi berishga qarshi

Yadro quroli bo‘yicha. U AQSh tashqi siyosatda tinchlikparvar siyosat olib borishi tarafdori bo‘lmoqda. Kongress Quyi palatasi qurolli ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Adam Smit bilan birgalikda AQSh Qurolli kuchlariga yadro qurolidan birinchi bo‘lib foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini kiritdi.

«Bizning yadroviy strategiyamiz nafaqat eskirgan, balki juda xavfli hamdir. Agar qonun loyihamiz qabul qilinsa, AQSh Qurolli kuchlari yadro qurolini birinchi bo‘lib qo‘llash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Shu tariqa AQShning xalqaro maydondagi obro‘si ortadi. Tiyib turish – yadro qurolining yagona maqsadidir.

Qonun loyihasi yadro sohasidagi yanglishish imkoniyatlarini kamaytiradi. AQShning dunyodagi ma’naviy va diplomatik yetakchiligini saqlab qoladi», deydi xonim mazkur loyihaning ahamiyati haqida gapirar ekan. 

Elizavet harbiylarni Rossiya bilan imzolangan o‘rta va yaqin masofadagi raketalar bo‘yicha kelishuvni saqlash qolish masalasi bo‘yicha qayta o‘ylab ko‘rishga chaqirmoqda. Chunki «bu kelishuvdan chiqish xavfli va qimmatga tushadigan qurollanish poygasiga sabab bo‘ladi», deb hisoblaydi.

Gigantlar monopoliyasiga qarshi. Korporatsiyalarga nisbatan qattiqqo‘llik bilan siyosat olib borishni yoqlamoqda.

Shuningdek, u yirik texnologik kompaniyalar, jumladan Kremniy vodiysi gigantlari – «Facebook», «Google» va «Amazon»ni bo‘lib tashlash niyatida. Chunki bu global internet kompaniyalari o‘z ehtimoliy raqobatchilarini o‘yindan chiqarish va ularni sotib olish uchun ulkan resurslarga ega bo‘lib olishgan.

Xonimning fikriga ko‘ra, ular «xizmatlar uchun platforma» maqomini olishlari zarur va bu platformadagi har qanday foydalanuvchilarga bir vaqtning o‘zida egalik qilishini taqiqlab qo‘yish kerak.


Mavzuga oid: «Eng jozibali prokuror» endi prezidentlikka da’vogar


Qolaversa, ular raqobatga qarshi bo‘lgani uchun kompaniyalarning texnologik qo‘shilishlariga barham berish kerak. Kichik korxonalar ham «Amazon» kabi gigantlarga qarshi bozorda raqobat qila olishi, ular ham o‘z biznesini siqib-ezib qo‘yilishidan qo‘rqmasdan, mahsulotlarini internet-kompaniyalari savdo maydonchalarida sota olish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

«Facebook» ham o‘z foydalanuvchilari haqidagi ma’lumotlar maxfiyligini hurmat qilishi kerak. «Google» ham izlash chog‘ida o‘z raqiblari haqidagi ma’lumotlarni eng quyiga tushirib yubormasligi darkor.

«Demokratiyamizda kuchlar muvozanatini tiklash, raqobatga imkon yaratish, kelgusi avlodlarga texnologik innovatsiyalarni yetkazib berishimiz uchun biz albatta shunday ishlarni qilishimiz kerak. Zamonaviy dunyoda texnologik kompaniyalar iqtisodiyot, jamiyat va demokratyaga ta’sir ko‘rsatish uchun juda katta hokimiyatga ega bo‘lib olishdi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deydi xonim kuyinib.

Boylar soliq to‘lashi kerak...

U 2014-yilda «Taraqqiyot uchun 11 qoida»sini e’lon qilgan edi. Unda korporatsiyalarni qat’iy tartibga solish, ta’limdan foydalanish, ilm-fanga sarmoya kiritish, atrof muhitni muhofaza qilish, tarmoqlar  neytraliteti, oylik ish haqlarini oshirish, mehnatga teng haq to‘lash, jamoaviy muzokaralar huquqi, ijtimoiy himoya, immigratsiya islohotlari, reproduktiv salomatlik kabi masalalarini ilgari surgan.

Saylovoldi kampaniyasida mehnatkashlar haq-huquqlarini himoya qilish, ish haqini oshirish, AQSh fuqarolari uchun tibbiy xizmatdan foydalanishni kengaytirish uning asosiy yo‘nalishlariga kiradi.

«Amerikada har bir inson qonun bo‘yicha ishlash, o‘zi sevgan insonlari haqida g‘amxo‘rlik qilish sharoitlariga ega bo‘lishi kerak. Mana men nima uchun kurashayapman. Shu sababli men saylovlarga tayyorgarlik qo‘mitasini tuzdim», deydi xonim.

«Korrupsiya demokratiyani zaharlamoqda. Sug‘urta kompaniyalari bemorlar hayotini saqlab qolishdan voz kechmoqda, yirik banklar mijozlarni talamoqda, neft kompaniyalari sayyoramizni yo‘q qilmoqda. Shunday bir sharoitda siyosatchilar boshqa tomonlarga qaramoqda, – deydi u. – Amerikada o‘rta qatlam xavf ostida qolmoqda. Milliarderlar va korporatsiyalar har doim pirogning katta qismini urib qolish payida. Biz o‘rta qatlam uchun, o‘rtacha oylik ish haqini oshirish va ular manfaatlari uchun kurashamiz», deydi u.

Elizabet Uorren agar saylansa boylarga nisbatan sinfiy kurashni boshlashi mumkin. Chunki haqiqatda AQShda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq nihoyatda kattalashib ketdi, amaldagi siyosiy yadro ular manfaatlariga xizmat qilish bilan band.


Mavzuga oid: Gavayilik qahramon AQShni o‘zgartirmoqchi. Prezidentlik poygasiga yana bir xonim qo‘shildi


Hozirda mamlakat aholisining 0,1 foizini boylar tashkil qilsa-da, milliy boyliklarning 20 foizi ular qo‘lida jamlangan. Vaholanki, bu ko‘rsatkich o‘tgan asrning 70-yillarida 8 foizdan oshmas edi.

Xonim boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tavofutni qisqartirish maqsadida yillik daromadi 50 million dollardan oshgan shaxslarga badavlatlik solig‘ini joriy qilish taklifi bilan chiqmoqda.

2018-yil avgustda senator Elizabet Uorren AQShda qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha loyihani ham e’lon qilgan edi. Unga muvofiq yirik korporatsiyalar o‘z direktorlar kengashi 40 foizigacha bo‘lgan tarkibini xodimlar orasidan saylab olishi kerak bo‘ladi.

Ammo ekspertlar bu intilishni «insoniyat tarixidagi xususiy mulkka eng yirik hujum» deb baholadi. Ammo fakt shundaki, AQShda korporativ lobbi juda kuchli. Shu bilan birga, aholi orasida Amerika uchun an’anaviy aksiyadorlar manfaatlariga qaratilgan korporativ boshqaruv modelini o‘zgartirish kayfiyati kuchaymoqda.  

Elizabet Uorren bu tashabbuslar orqali chuqur strategiyaga ham egadir, ya’ni elektoratning ko‘p sonli o‘rtahol aholi qatlamiga tayanmoqda.

Xonim Prezident D.Trampning Xitoyga nisbatan iqtisodiy cheklov choralarini ham tanqid qildi.

U 2018-yil aprelda Pekinga safari chog‘ida AQShning Xitoyga nisbatan barcha siyosati xato bo‘layotganini ochiq aytdi. «Biz hayotga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilayapmiz. AQShda siyosatchilar o‘zini yanada tajovuzkor tuta boshladi», deydi.

A.Hasan o‘g‘li, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring